$
 12168.98
40.96
 14588.17
169.17
 159.89
1.37
weather
+26
Кечаси   +14°

Neft, urush va oltin: 2026-yilda qaysi davlatlar boyiydi?

iqtisodiyot

So‘nggi yillardagi pandemiya, urushlar va iqtisodiy inqirozlardan keyin dunyo asta-sekin o‘ziga kelmoqda. Ammo bu tiklanish hamma mamlakatlarda bir xil emas. Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2026-yilda ayrim davlatlar iqtisodiy jihatdan keskin o‘sishini prognoz qildi.

Xo‘sh, qaysi mamlakatlar dunyo yetakchilariga aylanadi? O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Eng tez o‘sadigan davlatlar

Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, 2026-yilda eng yuqori iqtisodiy o‘sish Gayanada bo‘ladi — 23%. Afrikaning bir qancha mamlakatlarida iqtisodiy barqarorlik kuchayib, o‘sish 6–7% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu davlatlar investitsiya va xomashyo hisobiga tez rivojlanmoqda.

Gayana — 23%

Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, 2026-yilda Gayana iqtisodiyoti eng tez o‘sadigan davlat bo‘lishi kutilmoqda. Bunga so‘nggi yillarda mamlakatda katta miqdorda neft topilgani sabab bo‘ldi. 2019-yilda deyarli neft ishlab chiqarmagan Gayana 2025-yil oxiriga kelib kuniga qariyb 900 ming barrel neft qazib ola boshladi. Neftdan kelayotgan daromad davlat byudjetini to‘ldirib, yo‘llar, ijtimoiy loyihalar va boshqa rivojlanish rejalariga pul ajratishga imkon bermoqda. Shu bilan birga, bu o‘sish xavfsiz emas, chunki energiya sohasiga haddan tashqari tayanish korrupsiya va ichki muammolarni kuchaytirishi mumkin. Bundan tashqari, Gayana qo‘shni Venesuela bilan kelishmovchiliklar fonida yashamoqda, bu ham kelajak uchun xavf hisoblanadi.

Janubiy Sudan — 22,4%

Janubiy Sudan esa 2026-yilda dunyodagi ikkinchi iqtisodiyoti eng tez o‘sadigan mamlakat bo‘lishi aytildi. Ammo bu o‘sish asosan avvalgi keskin pasayishdan keyingi tiklanish bilan bog‘liq. 2024-yilda qo‘shni Sudandagi urush sabab Janubiy Sudan iqtisodiyoti jiddiy zarar ko‘rgan, neft quvurlari ishdan chiqqan va eksport kamaygan edi. Keyinchalik neft yetkazib berish qayta tiklangach, iqtisodiyot ham tezda jonlandi. Shunga qaramay, mintaqadagi beqarorlik, savdo yo‘llaridagi muammolar va iqlim bilan bog‘liq xavflar bu mamlakat uchun hanuz katta tahdid bo‘lib qolmoqda.

Gvineya — 10,5%

Gvineyada esa 2026-yilda iqtisodiy o‘sish asosan foydali qazilmalarga bog‘liq bo‘ladi. Mamlakat olmos, oltin, boksit va temir rudasini ko‘proq eksport qila boshlaydi. Ayniqsa, Simandu temir rudasi koni mamlakat uchun juda muhim loyiha hisoblanadi. Ushbu kon to‘liq ishga tushgach, Gvineya dunyodagi yetakchi temir rudasi ishlab chiqaruvchilardan biriga aylanishi mumkin. Loyiha qurilishi 20 milliard dollar atrofida baholanadi va 650 kilometrli temir yo‘l hamda port qurilishini o‘z ichiga oladi. Bu kon zaxiralari umumiy hisobda yuzlab milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.

Uganda — 9,5%

2026-yilda Uganda iqtisodiy o‘sishi asosan yirik investitsiyalar hisobiga bo‘lishi kutilmoqda. Bunga eng katta sabab — Tanzaniyaga olib boriladigan 1 400 kilometrli neft quvuri qurilishi va unga bog‘liq yirik neft loyihalaridir. Shu bilan birga, ishlab chiqarish va logistika sohalariga kiritilayotgan sarmoyalar ham faol davom etadi. Davlat byudjetiga ortiqcha yuk tushmasligi uchun hukumat xususiy sektor bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Energetikadan tashqari, Ugandani Mombasa shahri bilan bog‘laydigan zamonaviy temiryo‘l loyihasi va maxsus iqtisodiy zonalarning kengaytirilishi ham mamlakat iqtisodiy o‘sishiga kuchli turtki beradi.

Yalpi ichki mahsuloti eng tez o‘sadigan TOP-20 davlat

2026-yilda yalpi ichki mahsulot (YAIM) eng tez o‘sishi kutilayotgan 20 ta davlat quyidagilar:

1. Gayana — 23,0%

2. Janubiy Sudan — 22,4%

3. Gvineya — 10,5%

4. Sudan — 9,5%

5. Uganda — 7,6%

6. Ruanda — 7,5%

7. Butan — 7,4%

8. Efiopiya — 7,1%

9. Benin — 6,7%

10. Niger — 6,7%

11. Kot-d’Ivuar — 6,4%

12. Zambiya — 6,4%

13. Tanzaniya — 6,3%

14. Hindiston — 6,2%

15. Qatar — 6,1%

16. Jibuti — 6,0%

17. O‘zbekiston — 6,0%

18. Filippin — 5,7%

19. Vyetnam — 5,6%

20. Mo‘g‘uliston — 5,5%.

Теги :
Jamiyat