$
 12957.01
-11.33
 13485.66
-6.6
 132.13
-0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘tgan yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida nimalar sodir bo‘ldi?

iqtisodiyot

2024-yil O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun o‘sish davri bo‘ldi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot hajmi 115 mlrd. AQSh dollaridan oshdi, iqtisodiy o‘sish esa 6,5 foiz ni tashkil etdi. Eng katta muvaffaqiyat esa 2,5 million fuqaro o‘z biznesini boshlashi uchun sharoit yaratilgani bo‘ldi.

Shu bilan birga, 17 trln. so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash davom etdi.

Xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya bozorlariga chiqish

Mamlakatda xalqaro investorlarni jalb qilish va yirik moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. O‘zbekiston hukumati 15 ta xalqaro tashkilot bilan 19 ta shartnoma va bitim imzoladi. Umumiy hisobda 20 dan ortiq xalqaro tashkilot bilan faol hamkorlik olib borildi.

Xalqaro moliya bozorlariga chiqish yo‘lida O‘zbekiston 3 ta valyutada umumiy qiymati 1,5 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi. Bundan tashqari, Navoiy kon-metallurgiya kombinati ilk bor yevroobligatsiyalar chiqardi, ularning London fond birjasidagi hajmi 1 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi.

Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari doirasida 8,9 mlrd. AQSh dollarilik 203 ta loyiha imzolandi, jami DXSh loyihalarining qiymati esa 29 mlrd. AQSh dollariga yetdi.

Uy-joy va infratuzilma loyihalari

Uy-joy dasturlari bo‘yicha 100 mingta kvartira qurilib, ipoteka dasturlari orqali aholiga taqdim etildi. Bundan tashqari, 20 ming nafar talabgorga uy-joy subsidiyalari berilib, 600 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari yo‘naltirildi.

Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish borasida 372 km avtomobil yo‘llari qurilib, 5 318 pog‘onali ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlari ta’mirlandi. Jamoat transporti tizimida “brutto” tizimi joriy etilib, davlat byudjetidan 1,5 trln. so‘m ajratildi, natijada transport xizmatlarining quvvati 177 foizga oshdi.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlar

Maktablarda o‘quvchilar uchun 230 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratildi, tibbiyot muassasalarida esa 10 mingdan ortiq qo‘shimcha qatnov va 15 mingdan ortiq yotoq o‘rinlari barpo etildi. Ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 209 ming nafar talabaga ta’lim krediti ajratilib, bu maqsadlar uchun tijorat banklariga 2,1 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Bularning barchasi o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga ko‘p bo‘lib, O‘zbekistonda bilim olish va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha muhim bosqichlardan biri bo‘ldi.

Xizmatlar sohasida o‘sish

2024-yilning 11 oyida xizmatlar sohasida 727 trln. so‘mlik xizmat ko‘rsatildi, bu 2023-yilga nisbatan 13,3 foizga ko‘p deganidir. Ushbu o‘sish natijasida 50 mingdan ortiq yangi loyihalar ishga tushirildi va 2,1 million aholi bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, jamoatchilik fikri asosida shakllangan loyihalar doirasida 6 trln. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi, “Mening maktabim”, “Mening bog‘cham” va “Mening bog‘im” loyihalari amaliyotga tatbiq etildi.

Sanoat va yashil iqtisodiyot

O‘zbekiston sanoati barqaror o‘sishda davom etmoqda. 2024-yilda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 843 trln so‘mdan oshib, o‘sish sur’ati 6,9 foiz ni tashkil etdi. Sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 25,4 foizga yetkazildi.

Ekologik barqarorlik yo‘nalishida ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jahon banki bilan hamkorlikda 46 mln AQSh dollarilik issiqxona gazlari savdosini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, GIZ tashkiloti bilan hamkorlikda 12 mln yevro grant mablag‘lari asosida iqtisodiyotni “yashillashtirish” bo‘yicha tashabbuslar boshlangan.

Hududiy rivojlanish va turizm salohiyatini oshirish

Mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida 1 156 ta sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi drayv loyihalar ishlab chiqildi. Bu borada 1 trln. so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Turizm sohasini rivojlantirish uchun ham alohida mablag‘ ajratilgan. Hududlardagi turistik salohiyatni oshirish maqsadida 157 mlrd. so‘m davlat transferlari ajratildi.

Tashqi savdo va eksport ko‘rsatkichlari

Eksport hajmi ham o‘sishda davom etmoqda. Oltinsiz tovarlar va xizmatlar eksporti 16,2 foizga oshdi, bu esa iqtisodiy diversifikatsiya borasida erishilgan natijalardan biri sifatida qayd etilmoqda.

Теги :
Jamiyat