$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Ahvol chatoq: Iqlim inqirozi kuchayishda davom etmoqda

iqlim

AQSHning Oregon shtati universiteti boshchiligidagi xalqaro olimlar guruhi Yer yuzida iqlim inqirozi kuchayishda davom etayotganini aniqladi. Buni sayyoradagi hayot faoliyatining so‘nggi ko‘rsatkichlari tasdiqlagan. Bu haqdagi tadqiqot “BioScience” ilmiy jurnalida chop etildi.

35 parametrdan 25 tasida rekord darajadagi ko‘rsatkich

Mutaxassislarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishini kuzatish uchun ishlatiladigan 35 parametrdan 25 tasi 2024-yilda rekord darajadagi ko‘rsatkichni qayd etgan. Unga ko‘ra, 2024-yilning iyul oyida kuzatuv tarixidagi eng issiq uch kun kuzatilgan. Qazilma yoqilg‘i chiqindilari ham maksimal darajada ko‘paymoqda.

Yer aholisi kuniga 200 mingga ko‘paymoqda

Bundan tashqari, olimlar Yer aholisi kuniga taxminan 200 ming kishiga oshib borayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, chorva mollari, qo‘y va echki soni ham shunga o‘xshash sur’atda, kuniga taxminan 170 ming bosh ko‘paymoqda. Qishloq xo‘jaligi hayvonlari issiqxona gazlarini chiqaradi va ularni boqish uchun katta energiya sarfi talab etiladi.

Hisobotda keltirilishicha, 2023-yilda qazilma yoqilg‘i iste’moli 1,5 foizga oshgan, bu asosan ko‘mir (+1,6%) va neft (2,5%) iste’molining ortishi hisobiga to‘g‘ri keladi. Biroq, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ham 2023-yilda o‘sgan: quyosh va shamol energiyasi iste’moli 2022-yilga nisbatan 15 foiz oshgan.

Yashillikning yo‘qolishi

Shuningdek, dunyo bo‘ylab har yili o‘rmonlarning yo‘qolishi 2022-yilda 22,8 million gektardan 2023-yilda 28,3 million gektarga ko‘paygani va atmosferadagi karbonat angidrid hamda metan gazlarining o‘rtacha yillik konsentratsiyasi tarixiy maksimumga yetgani qayd etilgan.

Olimlar, shuningdek, dunyo okeanlarining rekord darajada kislotali bo‘lib borayotgani, ularning issiqlik hajmi ortayotgani va Grenlandiya hamda Antarktidadagi muz massasi tarixiy minimumga tushib ketganini ma’lum qilgan.

Jazirama tufayli o‘lim

Tadqiqotchilarga ko‘ra, 2023-yilda AQSHda jazirama issiq tufayli o‘lim holatlari 2325 kishiga yetgan, bu 1999-yilga nisbatan 117 foizga oshgan.

Mualliflar davlatlar va xalqaro tashkilotlar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishi, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ko‘proq foydalanishi va aholiga o‘zgarayotgan iqlim muammolari haqida ko‘proq ma’lumot berishi kerakligini ta’kidlagan.

Теги :
Jamiyat