$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Ipoteka krediti boʻyicha subsidiya ajratish tartibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi

ipoteka

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlari takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2024-yil 11-noyabrdagi 749-sonli qarori bilan ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish tartibiga (2020-yil 25-martdagi 182-sonli qaror) tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu qaror bilan ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish tartibi takomillashtirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumot berdi.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lab beriladigan fuqarolarni tanlab olish va baholash jarayonlari avtomatlashtirildi

Iqtisodiyot va moliya vazirligining subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minot tizimi Adliya vazirligi, Kadastr agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining mavjud elektron ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilindi. Bunda, subsidiya.idm.uz integratsiyalashgan tizimi orqali ariza beruvchining ma’lumotlari avtomatlashgan tarzda tekshiriladi va baholanadi.

Mas’ul tashkilotlarning ma’lumotlar bazalaridan ariza beruvchining quyidagi ma’lumotlari 3 ish kuni davomida tekshiriladi:

Adliya vazirligi – oila tarkibi va ariza beruvchining yolg‘iz ona, beva va ajrashgan ayollar toifasiga mansubligi hamda ariza beruvchining turmush o‘rtog‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘g‘ri kiritilgani;

Kadastr agentligi — ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘ining nomida turar joy mavjud yoki mavjud emasligi;

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi — ariza beruvchini “Labor – migration” dasturida ro‘yxatdan o‘tgani. Bunda, fuqaroning haqiqatda xorijda ish faoliyatini amalga oshiruvchi migrant ekanligi tekshiriladi.

Soliq qo‘mitasi — ariza beruvchi va uning oila a’zolarining o‘rtacha oylik daromadlari;

Ijtimoiy himoya milliy agentligi — ariza beruvchi va uning oilasidagi shaxs “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” tizimidan ro‘yxatdan o‘tgani. Bunda, ariza beruvchi va uning oilasida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxs, surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan shaxs ekanligi tekshiriladi.

Daromadlar hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritiladi

Endilikda subsidiyaga ariza berilganda agar ariza beruvchining va uning turmush o‘rtog‘ining o‘rtacha oylik daromadlari miqdori belgilangan me’yorlardan kam bo‘lsa, daromadlar hisob-kitobiga ularning yaqin qarindoshlarining daromadlari ham kiritilishi mumkinligi belgilandi.

Ma’lumot uchun: Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yaqin qarindoshlar sirasiga qarindosh yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan, farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek, er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari kiradi.

Bundan tashqari, ariza beruvchi, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘i va yaqin qarindoshlarining jami o‘rtacha oylik daromadlari bo‘yicha ball berilmagan taqdirda ariza boshqa mezonlar asosida ko‘rib chiqilmasligi va avtomat ravishda subsidiya ajratishni rad etish uchun komissiya kotibiga yuborilishi belgilanmoqda. Bunda, so‘nggi uch oyning kamida bir oyida daromadga ega bo‘lish talab etiladi.

Ariza beruvchiga subsidiya ajratish rad etiladigan holatlarga aniqlik kiritilmoqda

Jumladan:

taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda ariza ko‘rib chiqish jarayoniga o‘tkazilmasligi va avtomat ravishda rad etilishi;

joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda tizim tomonidan barcha arizalarni ko‘rib chiqish avtomat ravishda to‘xtatilishi va rad etilishi;

ilgari ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyadan foydalangan fuqarolar va ularning turmush o‘rtoqlari tomonidan takroriy murojaat etilganda ariza rad etilishi;

arizani ko‘rib chiqishda ariza beruvchining turmush o‘rtog‘i tomonidan avval topshirilgan va ko‘rib chiqish jarayonida bo‘lgan ariza aniqlanganda ushbu ariza rad etilishi belgilandi.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya to‘lash tartibi va mexanizmlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi

To‘lovlar jarayonini avtomatlashtirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan subsidyplatform.mf.uz to‘lov platformasi ishga tushirildi. Aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida ishtirok etuvchi tijorat banklarning axborot tizimlari ushbu platforma bilan to‘liq integratsiya qilingan.

Subsidiya ajratiladigan fuqarolarni baholashning ijtimoiy mezonlariga o‘zgartirishlar kiritildi

Bunda, mezonlar asosida beriladigan ballar tizimi soddalashtirildi.

Endilikda ariza beruvchi va/yoki uning oilasining daromadidan kelib chiqib 10 yoki 5 ball berilishi mumkin.

Shu bilan birga, “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarga ham qo‘shimcha 5 ball berilishi belgilanmoqda.