$
 12928.27
18.47
 13462.21
46.35
 129.66
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Xitoylik investorlar Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya kiritmoqchi

Kon

Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2 millard dollar investitsiya jalb qilish

Unda aytilishicha, kelgusi yilda Surxondaryoga 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, 425 ming aholini band qilish va eksportni 320 million dollarga yetkazish reja qilinmoqda.

Masalan, “Ayritom” xalqaro savdo zonasida bir oyda o‘rtacha 5 million dollarlik mahsulot sotiladi. Agar uning hududi 150 gektarga kengaytirilsa, yana 250 million dollarlik loyihalarga joy yaratiladi.

Xitoyliklardan 2,7 milliard investitsiya

Xitoylik investorlar Bobotog‘ hududidagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya kiritib, 2 ming ish o‘rni yaratishni taklif qilmoqda. Buning natijasida yiliga 600 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Surxondaryo tabiiy resurslarga boy

Sherobodning Vandob va Chorbog‘ hududlari esa volfram, ko‘mir, osh tuzi, kvars qumi kabi tabiiy resurslar zaxirasiga boy. Bu konlarga 320 million dollar investitsiya jalb qilib, 1,5 ming ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. Bandixon tumanidagi 50 gektar maydonda Termiz erkin iqtisodiy zonasining filialini ochish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Boysun va Uzun tumanlari tabiati kavrak yetishtirish uchun qulay. 18 ming gektar yaylov va o‘rmon yerlari shu maqsadda aholiga berilsa, 4 ming odamning bandligi ta’minlanadi. Uzun, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘ondagi xuddi shunday yaylovlarda qo‘ychilik va qoramolchilik majmuasi tashkil etish mumkin.

Sholichilik va issiqxona masalasi

Bundan tashqari, Muzrabotdagi 17 ta kollektorda yig‘iladigan suv qariyb 4 ming gektarda sholi yetishtirish imkonini beradi. Bu orqali yiliga 8,5 ming tonna guruch olinadi, 400 nafar odam doimiy, yana 4,5 ming nafari mavsumiy ish bilan band bo‘ladi.

Qiziriq tumanida 300 gektarda issiqxona, Oltinsoyda 1 ming gektarda uzumzor tashkil etib, bozorbop mahsulotlar yetishtirish ham yaxshi iqtisodiy samara beradi. Sangardak, Omonxona, Boysun hududida turizm sharoitlarini yaxshilab, kamida 1 million sayyohni jalb qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi, ta’kidlandi yig‘ilishda.

Prezidentdan ko‘rsatmalar

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarni taqdimot qildi. Davlat rahbari tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish, konlar negizida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, savdo va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Dehqonchilik uchun ajratilayotgan har bir maydon aholi bandligi va oziq-ovqat xavfsizligiga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot