$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Inflyatsiyaning oshishi O'zbek bozorlaridagi narx-navoga qanday ta'sir qildi?

Inflyatsiya

Statistika agentligining maʼlum qilishicha, O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 0,1 foizga, oylik inflyatsiya 0,2 foizga oshgan. Joriy yilning aprelida respublikadagi yillik inflyatsiya 8,1 foiz, oylik inflyatsiya 0,9 foiz darajasida shakllandi. Taqqoslash uchun, mart oyida yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 7,98 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning aprelida esa 11 foiz bo‘lgan. O‘tgan oyda oziq-ovqat mahsulotlari martdagi narxidan 0,4 foizga, 2023-yilning aprelidagi qiymatidan 7 foizga qimmatlashgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi ham martdagiga qaraganda 1 foizga, o‘tgan yilning aprelidagiga nisbatan 7,7 foizga o‘sgan. Xizmatlar narxi esa o‘tgan oydagidan 1,8 foizga, 2023-yil apreldagi narxlardan 10,8 foizga ko‘tarilgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi

Umumiy ko‘rsatkichlar aprelda go‘sht mahsulotlari narxi martdagi qiymatiga qaraganda 0,4 foizga, donli ekinlar va yormalar 0,6 foizga, baliq va boshqa dengiz mahsulotlari narxlari 2 foizga qimmatlashganini ko'rsatmoqda. Shu bilan birga, shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar narxlari 1,4 foiz o‘sgan. O‘tgan oy davomida sabzavotlar, ildizmevalilar va dukkaklilar narxlari 1,2 foiz, yog‘lar va moylar 0,2 foiz, tuxum, sut hamda sut mahsulotlari narxlari 2,7 foizga arzonlashgan. Bir oy ichida alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan guruch 0,9 foiz, bug‘doy uni 0,4 foiz, yangi sog‘ilgan sut 1,8 foiz, shakar 3,3 foiz qimmatlashgan. Tuxum esa qariyb 11,3 foizga arzonlashgan. Mevalardan banan narxlari 9,9 foiz, mandarin 7,4 foiz, limon 6,9 foizga o‘sgan.

Qolgan mahsulotlardagi vaziyat qanday?

Aprel oyida martdagiga qaraganda spirtli ichimliklar narxlari 1 foizga, tamaki mahsulotlari 0,4 foizga o‘sgan. O‘tgan oyda kiyimlar narxlarida o‘sish kuzatilmagan. Turar joy uchun ijara narxi 0,1 foizga, suv taʼminoti va turar joylarni saqlab turish bilan bog‘liq boshqa xizmatlar 14,6 foiz, elektr, gaz va yonilg‘ining boshqa turlari 1,4 foizga qimmatlashgan. Turar joylarga xizmat ko‘rsatish, taʼmirlash va qo‘riqlash narxlari 0,9 foiz arzonlashgan. Aprel oyida dori vositalari va tibbiyot mahsulotlari narxlari martdagidan 9,5 foizga, o‘tgan yilning aprelidagidan 19,1 foizga qimmatlashgan. Ambulatoriyada davolash bo‘yicha xizmatlar hamda dori vositalari va tibbiyot mahsulotlari narxlari 2,7 foiz, sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa xizmatlar narxlari 3,3 foiz o‘sgan. 

Transport sohasidagi o'zgarishlar 

Aprelda shahar atrofida qatnaydigan poyezdlar chiptasi narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 27 foizga oshdi. Xalqaro yo‘nalishda kuzatiladigan aviatashuvlar oy davomida o‘rtacha 2 foizga, ichki yo‘nalishda 1,2 foizga arzonlashdi. Narxlardagi bu pasayish sababi milliy valyuta tebranishlari bilan bog‘liq bo‘lgan. 

Hududlar kesimida vaziyat qanday?

Statistika agentligiga ko‘ra, 2024-yil aprelda aholi uchun isitish va issiq suv xizmatlariga to‘lov miqdori o‘sdi. Bu respublikada mazkur xizmatlarni ko‘rsatishda aylanmadan olinadigan qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) nol stavkasining bekor qilingani hamda Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida tariflarning oshirilishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridan boshqa barcha hududlarda sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari 12 foizga oshgan. Narxdagi ushbu o‘sishga ham QQS bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, Navoiy va Surxondaryoda QQS joriy etilishidan tashqari, tarif ham oshirilgani to‘lov qiymatining 52,8 foiz va 65,5 foiz ko‘tarilishi olib kelgan.