$
 12258.38
16.21
 14455.08
-67.81
 159.49
-0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Importga qaram dunyo: Qaysi davlatlar tashqi bozorsiz yashay olmaydi?

import

Bugungi kunda ko‘plab davlatlar o‘z iqtisodiyotini faqat ichki ishlab chiqarish bilan emas, balki tashqi savdo orqali ham ushlab turibdi. Ayrim mamlakatlarda import hajmi hatto yalpi ichki mahsulotdan ham oshib ketgan. Bu esa ularning global savdo, logistika va diplomatik aloqalarga qanchalik bog‘liq ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Xo‘sh, qaysi davlatlar importga eng qattiq bog‘lanib qolgan?

Importga eng ko‘p tayanadigan davlatlar kimlar?

2024-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, importning YaIMga nisbati eng yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida Gonkong mutlaq yetakchi hisoblanadi. Bu hududda import hajmi YaIMning 178 foiziga teng. Buning asosiy sababi — Gonkong dunyodagi eng yirik savdo va yuk tashish markazlaridan biri bo‘lib, bu yerga kirgan mahsulotlarning katta qismi boshqa davlatlarga qayta eksport qilinadi. Importlar to‘liq qiymatda hisobga olingani uchun ko‘rsatkich juda yuqori chiqadi.

Shuningdek, Lyuksemburg (160%), San-Marino (155%) va Singapur (144%) kabi moliyaviy va savdo markazlarida ham import ulushi juda yuqori. Ularning iqtisodiy modeli asosan xizmatlar, logistika va tranzit savdoga tayangan.

Kichik davlatlar va orollar nega importga bog‘lanib qolgan?

Reytingga qaralsa, importga eng qaram 30 davlatning 26 tasida aholi soni 10 milliondan kam. Nauru, Seyshel orollari va Kiribati kabi kichik orol davlatlarida import hajmi hatto YaIMdan ham oshib ketgan. Bunga ichki ishlab chiqarish imkoniyatlarining cheklangani sabab bo‘lmoqda.

Masalan, Kubada oziq-ovqatning 70–80 foizi chetdan olib kelinadi. Mahalliy ishlab chiqarish mamlakat ehtiyojini to‘liq qoplay olmaydi. Gonkong esa energiya masalasida deyarli butunlay importga tayanadi: bu hududda iste’mol qilinadigan qazilma yoqilg‘ining 99 foizi tashqi bozorlardan keladi.

Import qaramligi qanday xavflarni keltirib chiqaradi?

Importga yuqori darajada tayanish iqtisodiyot uchun ham imkoniyat, ham xavf hisoblanadi. Masalan, BAA oziq-ovqatning qariyb 90 foizini import qiladi. Bu mamlakat har qanday logistika uzilishi yoki global inqirozga juda sezgir. Biroq kuchli moliyaviy zaxiralar va keng savdo aloqalari bu xavfni qisman kamaytiradi.

Yevropada esa Slovakiya importga eng qaram davlatlardan biri hisoblanadi. Qizig‘i shundaki, u Rossiyaga qarshi neft embargosidan istisno qilingan kam sonli davlatlardan biri bo‘lgan. Sababi mamlakat iste’mol qiladigan neftning 87 foizi Rossiyadan kelgan va keskin taqiq jiddiy tanqislikka olib kelishi mumkin edi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, importning yuqori bo‘lishi har doim ham muammo degani emas. Ammo bunday davlatlar savdo yo‘llari, siyosiy munosabatlar va global bozor barqarorligiga juda kuchli bog‘lanib qoladi. Shu sababli bugun ko‘plab hukumatlar importga qaramlikni kamaytirish va ichki ishlab chiqarishni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.

Теги :
Jamiyat