$
 12895.55
15.2
 14338.56
-196.91
 159.38
2.7
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

“Amerika kashf qilishni to‘xtataylik”: Ijara darsliklar pulli bo‘lishi haqidagi taklifga jamoatchilik qanday munosabatda?

maktab bolasi

“Darsliklar va mashq daftarlarining toʻliq Davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar masʼuliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan eʼtiborsiz munosabatda boʻlish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, deyiladi “2025–2027-yillar Byudjetnomasi”da. Keltirilishicha, ota-onalar ishtirokini oshirish maqsadida 2025/26-o‘quv yilidan 2–11-sinflarda bir to‘plam darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming to‘g‘ri keladi

Loyihada qayd etilishicha, 2024-yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari — 100−150 ming so‘m) tashkil etgan. Hujjatda bir to‘plam uchun 80 ming so‘m (bir to‘plam tan narxining 16-18 foizi) miqdorida ota-onalar to‘lovini qayta tiklash taklif qilinmoqda. Ushbu to‘lovlar hisobiga shakllangan 376,6 mlrd so‘m mablag‘lar har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan taʼminlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.

Jamoatchilik qanday fikrda?

Avvalambor, ta’kidlash kerakki, taklif iliq kutib olinmadi. Masala ko‘tarilgandan beri jamoatchilik orasida bu taklifga e’tirozlar kuchaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab tanqidiy fikrlar va mulohazalar bildirilmoqda. Ulardan ba’zilari bilan quyida tanishing.

Maqsad pulni iqtisod qilish bo‘lsa qaniydi..

Iqtisodchi Otabek Bakirov ozining Telegram blogida shunday yozmoqda: “Davlat pul iqtisod qilish va orttirish uchun maktabdan boshqa sohani topolmayotgan bo‘lsa, hay, ishni birdan o‘quvchilarga darslik solig‘i solishdan emas, shu darsliklarni chiqarayotganlarning ishini taftish qilishdan boshlagani ma'qul”.

Tariflar karrasiga oshirilishidan keyin ham zararkunanda energetika qozonida trillionlab subsidiyalar o‘zlashtirishda davom ettirilar ekan, islohotlar mazmuni va maqsadi bo‘yicha bo‘shagan mablag‘lar inson sifatini oshirishga, ta’limga, tibbiyotga sarflanmagan ekan, bundan buyog‘iga bironta sog‘lom aqli bor o‘zbekistonlik hukumatning “byudjet mablag‘larini tejash maqsadida” degan afsonasiga ishonmaydi.

Darsliklar ijarasi bilan ham xuddi shunday. Ijara to‘lovlari byudjet mablag‘larini tejash uchun emas, bu mablag‘larni boshqa kanallar orqali sovurish uchun tiklanmoqda.

Bu byudjet ma’no-mazmuni bo‘yicha inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, teng imkoniyatlar yaratish, inson sifatini yaxshilashga xizmat qilmaydi. Afsuski, biz uchun byudjetni muhokama qiladigan, samarali byudjet uchun tortishadigan parlamentimiz yo‘q.

Bu Konstitutsiyaga zid

Sobiq deputat Rasul Kusherbayevning fikricha, maktablarda darsliklarni pullik ijaraga qaytarish Konstitutsiyaga zid. 2022-yilning sentyabrida ko‘p muhokamalar natijasida davlat maktablaridagi o‘quv darsliklari nihoyat bepul qilingan edi. Chunki Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat umumta’lim maktablarida ta’lim berish bilan bog‘liq barcha jarayonlar bepul. Bunda darsliklar bilan o‘quvchilarni ta’minlash ham.

Bu borada Prezident topshirigi berilib, yakunida davlat maktablarida bolalarga darsliklarni bepul foydalanishga berish joriy etildi.

Ayni o‘rinda yangi Konstitutsiyaning 50-moddasida ham “Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi”, deb belgilangan. Mohiyatan bu borada Konstitutsiyada o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Ota-onalar masuliyatsizligi rokach qilib keltirilmoqda. Qani buning isboti?

Byudjetnomada darsliklarni davlat hisobidan chop etilishi ota-onalarda mas’uliyatsizlik keltirib chiqargan, degan yolg‘on asos keltirilgan. Qani buning isboti? Qayerda, qancha ota-ona, qanday ko‘rinishda mas’uliyatsizlik qilgan? Bunday ota-onalar haqida ma’lumot bormi?

O‘zbekistonda 2022-yildan beri maktab darsliklari uchun ijara puli olinmayapti. O‘sha yilda maktab darsliklari va mashq daftarlarining ijara to‘lovlari miqdorlari keskin oshirilishi munosabati bilan keng jamoatchilik, ota-onalar tomonidan e’tirozlar bildirilgach, prezident sentyabr oyida maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq bergandi, demoqda Kusherbayev.

Amerika kashf qilishni to‘xtataylik

Konstitutsiyasiga “bu – ijtimoiy davlat” deb yozib olgan mamlakat maktab o‘quvchilariga berilayotgan darsliklar uchun pul so'rashdan uyalishi kerak. Hech bo‘lmasa shu – “ijtimoiy davlat” degan yozuv uchun ham uyalishi kerak. Bu yozuv yozilganiga hali ikki yil ham bo‘lgani yo‘q, uni “o‘tgan zamondagi yomonlar yozib ketgan” deb birovga to‘nkashga ham asos yo‘q. Davlat pul iqtisod qilish va orttirish uchun maktabdan boshqa sohani topolmayotgan bo‘lsa, hay, ishni birdan o‘quvchilarga darslik solig‘i solishdan emas, shu darsliklarni chiqarayotganlarning ishini taftish qilishdan boshlagani ma’qul (ehtimol, darsliklar aslida bunchalik qimmatga tushmas? Va Amerika kashf qilishni to‘xtatib, bu sohada ham normal dunyo qilayotgan ishni qilgan, normal dunyo yurayotgan yo‘ldan yurgan ma’qul, deb yozmoqda jurnalist va bloger Muhrim Azamxojayev.

Monopoliya qilingan maktab darsliklari va shundoq ham nafas yetishmayotgan ta’lim tizimimiz

Ta’lim eksperti Shokir Tursun O‘zbekistonda talim tizimini o‘ldirish uchun nima qilish kerak bo‘lsa hammasini qildik, deya yozg‘irmoqda: “O‘quv dasturlaridagi pala-partishlik, tinimsiz almashtirilayotgan darsliklar, hech qanday ilmiy asosga ega bo‘lmagan va zo‘r berib tiqishtirilayotgan CHSB-BSBlar, ta’limdagi tengsizlikning davlat siyosati darajasiga chiqishi, o‘qituvchilarning eng nochor qatlamlardan biriga aylantirilishi, xorijdan o‘qituvchilarni jalb qilish singari samarasi va ta’lim sifatiga ta’siri katta so‘roq ostida bo‘lgan loyihalarga, har xil xo‘jako‘rsin tadbirlarga ulkan mablag‘larning sovurilishi .... Hey, rahbarzodalar, oʻqituvchining sabr kosasi katta keldi, ammo uning ham toʻlishi bor. Taʼlimni sunʼiy nafasdan ham uzib qoʻymanglar. Oʻldirib qoʻymanglar bechorani? Agar maqsadingiz taʼlimni oʻldirish va oʻzingizga qul avlodni shakllantirish boʻlsa ochiqlang, biz shunga koʻra harakat qilaylik!

Yana bir ta’lim eksperti Komil Jalilov esa Ta'lim vaziri Hilola Umarovaga murojaat qilmoqda: “Hurmatli Hilola Oʻktamovna, iltimos, taʼlimdagi maqsad(lar)ingizni aniq-tiniq tushuntirib bering yoki deputatlikka oʻtib qoʻya qoling! Millionlab bolalar taqdirini, millat kelajagini oʻylang!”, deb yozadi u.

Jalilov vazirga murojaat sababini bularning aksariyati hozirgi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri va uning jamoasi tomonidan amalga oshirildi va oshirib kelinayotgani bilan izohlaydi. Uning fikricha, oxirgi parlament saylovi natijalariga koʻra bu tuturuqsiz tajribalar toʻxtab, taʼlim normal izga qaytishiga (qayta boshlashiga) oxirgi umid, ilinj ham yoʻqqa chiqadiganga oʻxshaydi.