$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi O‘zbekistondagi mahkumlar oilasi bilan masofaviy video orqali gaplashishlari mumkin

Panjara

Ichki ishlar vazirligi “Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning videouchrashuv orqali onlayn uchrashish imkoniyatlari takomillashtirilayotgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyihaning maqsadi

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning jamiyatdan ajralib qolishining oldini olish, qayta jinoyat sodir etilishi holatlarini kamaytirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sohaga jalb etishga zaruriyat mavjud.

Mahkumlarning huquqlarini xalqaro normalarga muvofiqlashtiradi

Ushbu qonun yangi tahrirdagi O‘zbekiston konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarga asosan, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning huquqlarini xalqaro normalarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasini qabul qilish zarurati quyidagilar:

jazoni ijro etish muassasalari xususiyatini inobatga olgan holda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofali videouchrashuvga bo‘lgan huquqini ta’minlash;

jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning oila va jamiyatdan uzilib qolishi oldini olish, ularning qonunga itoatkor xulq-atvorini rag‘batlantirish orqali kelgusida qayta jinoyat sodir etilishini keskin kamaytirish;

jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning huquqlarini xalqaro normalarga muvofiqlashtirish.

Jazoni ijro etish muassasalariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jalb etish orqali mahkumlarning masofaviy videouchrashuv xizmatidan foydalanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.

Videouchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasi IIV tomonidan belgiladi

Intizomiy bo‘linmalarda saqlanayotgan mahkumlarga faqat alohida hollarda masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvga ruxsat etilishi mumkin. Ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning masofali videouchrashuv yoki telefon orqali o‘zaro so‘zlashuvlari taqiqlanadi. Mahkumlarga masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvga ruxsat etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.

Videouchrashuv mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi

Masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvlar miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Mahkumning iltimosiga ko‘ra, mahkum jazoni ijro etish muassasasiga yetib kelgandan keyin, shuningdek, alohida hollarda unga qo‘shimcha ravishda masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvga ruxsat etilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2022-yil yanvar holatiga ko‘ra, jazoni ijro etish tizimida 29 mingdan ortiq, shundan 7 mingdan ortig‘i manzil koloniyada, 22 mingdan ortiq mahkumlar boshqa turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tamoqda.