$
 12892.91
34.76
 14512.26
6.98
 160.34
0.63
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

O‘zbekistonlik “niner”lar 30 nafarga yetdi

learn

Ingliz tili o‘z maqomini dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kommunikatsiya va ilm-fan tili sifatida mustahkamlagan bo‘lsa-da, uni mukammal bilishni tasdiqlash maqsadida xalqaro miqyosda tan olingan imtihonlardan o‘tish zarurati yuzaga keladi. IELTS testi bu borada yetakchi o‘rinda turadi va keng e’tirof etiladi. Ushbu maqolada biz sizga IELTS testining ahamiyati, uning talablari va bu test orqali qanday imkoniyatlarga ega bo‘lish mumkinligi haqida ma’lumotlar beramiz.

 IELTS o‘zi nima?

Ma’lumot o‘rnida, IELTS so‘zining kengaytmasi International English Language Testing System bo‘lib o‘zbekchaga so‘zma-so‘z tarjima qilinganda Xalqaro Ingliz tilini O‘lchash Tizimi ma’nosini anglatadi. Ya’ni ingliz tilini qay darajada bilishimizni o‘lchab beradi. IELTSda baholash 0 dan 9 gacha bo‘ladi. Bunda 0 eng yomon natija bo‘lsa, 9 eng yaxshi natija. Imtihon topshirgandan so‘ng, natijangizga qarab sertifikat beriladi. Ushbu sertifikat bilan chet el va o‘zimizning oliygohlarga oliygoh qoidalariga ko‘ra imtihonsiz yoki imtihon asosida tahsil olishingiz mumkin.

 Shuningdek, ushbu tizim 1989-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Britaniya Kengashi , IDP va Cambridge English tomonidan birgalikda boshqariladi. 2017-yilda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatlarida 3 milliondan ortiq test topshirildi, bu 2012-yilda 2 million, 2011-yilda 1,7 million va 2009-yilda 1,4 million testdan o‘tgan.

2019-yilda 508 000 dan ortiq xalqaro talabalar Buyuk Britaniyaga o‘qish uchun kelgan va bu uni dunyodagi eng mashhur UK ELT (English Language Test) yo‘nalishiga aylantirgan. Ushbu talabalarning yarmidan ko‘pi (54%) 18 yoshgacha bo‘lganlar edi.

Ingliz tili o‘qituvchilari oyligiga nisbatan 50 foiz qo‘shimcha ustama 

Ko‘pgina oliygohlar bakalavr yo‘nalishlari uchun eng kami 5 so‘rashsa magistratura uchun 6 so‘rashadi. Abituriyentlardan tashqari IELTS ingliz tili o‘qituvchilariga ham bir qator imtiyozlarni taqdim etadi. Hozirgi kunda IELTS 7.0 va undan yuqori bal bilan ingliz tili o‘qituvchilari oyligiga nisbatan 50 foiz qo‘shimcha ustama olishlari mumkin. Toifa uchun bo‘ladigan imtihonlarda ham IELTS 7.0 va undan yuqori ball navbatdagi attestatsiyaga qatnashmasdan toifa olish imkonini beradi.

IELTSning ikki moduli bor. Academic va General. Academic moduli ko‘proq ta’lim olishni niyat qilgan talabalar uchun bo‘lsa, General Moduli immigratsiya va ish topish maqsadida topshiriladi. Bu ikki modulda ham 4 ta bo‘lim mavjud bo‘lib, ular: Listening(Eshitish), Reading(O‘qish), Writing (Yozish) va Speaking(Gapirish). Listening, Reading va Writing imtixonlari bir paytda olinadi. Speaking esa odatda 2-3 kun oldin yoki keyin bo‘ladi. Listening uchun 40ta savol va 40 daqiqa vaqt ajratiladi undan 10 daqiqasi javoblarni varoqqa ko‘chirish uchun ajratilgan. Audio faqat bir marta qo‘yiladi. Reading ham 40ta savoldan iborat va 60 daqiqa ajratiladi. Writing 2ta Task (Topshiriq)dan iborat. Task 1 ga 20 daqiqa, Task 2 ga esa 40 daqiqa ja’mi 60 daqiqa ajratiladi. Bu uch imtihon bir paytda ketma-ket bo‘lib o‘tadi. Speaking uchun umumiy 15 daqiqa belgilangan.

 IELTS qayerda topshiriladi?

IELTS imtihoni deyarli har oyda 4-5 martadan Toshkent shahri va turli vaqtlarda turli viloyatlarda bo‘lib o‘tadi.

Hozirda O‘zbekistonda IELTS imtihonini tashkil qilish bilan ikkita test markazi shug‘ullanadi. Biritish Council va IDP (Edu-Action)

Kerakli ma’lumotni test markazlariga tashrif buyurib yoki British Council Uzbekistanning rasmiy veb sayti va IDP ning rasmiy web sayti exams.uz orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz va to‘liq ma’lumot olishingiz mumkin.

2023-yil Iyun holatiga ko‘ra imtihon topshirish IDP da 2 070 000 so‘m. British Councilda 1 940 400 so‘m.

Ro‘yxatdan o‘tish va to‘lovlarini to‘lab berish xizmati bo‘yicha Telegramdan @forcefr profiliga murojaat qilishingiz mumkin. Sertifikat muddati test topshirgan kuningizdan boshlab 2 yil.

Ingliz tilini bilish reytingida O‘zbekiston yuzta davlat orasidan 95-o‘rinda 

Ingliz tili dunyoda eng ko‘p tarqalgan til hisoblanadi – bu tilda so‘zlashuvchilar soni taxminan 1,5 milliard kishini tashkil etadi. Ta’kidlash kerakki, ularning aksariyati uchun ingliz tili ona tili emas, balki ikkinchi tildir.

"EF Education First" xalqaro ta’lim kompaniyasi 2019-yildagi hisobotiga ko‘ra, ingliz tili ona tili bo‘lmasa-da, unda hammadan ham ravon so‘zlasha oluvchilar – Shimoliy Yevropa xalqlaridir.

Reytingda Niderlandiya birinchi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarda Shvetsiya, Norvegiya va Daniya ko‘rsatilgan.

Yuzta davlat kiritilgan ro‘yxatda O‘zbekiston – 95-pog‘onada. O‘zbekistonliklar yuz ballik testdan o‘rtacha 43,18 ball olishgan. Natija bir yil oldingiga qaraganda 0,65 punktga yaxshilangan xolos.

O‘zbekistondan keyin Kot-d’Ivuar, Iroq, Saudiya Arabistoni, Qirg‘iziston va Liviya yuzlik reytingni yakunlab beradi.

Mazkur natijalarni mukammal va haqiqiy holatni aks ettiradi, deb bo‘lmaydi. Indeks bepul onlayn-test natijalariga asoslangan. Yuzta mamlakatdagi 2,3 million ko‘ngilli bu testdan o‘tgan. Test topshirganlar – shunday istagi, internetga ulanish imkoni va buning uchun vaqti bo‘lgan kishilardir. Bu esa natijalar boyroq mamlakatlar foydasi uchun ijobiy bo‘lganini anglatadi. Natijada ko‘plab Afrika mamlakatlarida indeksga kiritish uchun zarur bo‘lgan miqdor – kamida 400 kishi ham testdan o‘tib ko‘rmagan.

8 ball olganlar soni 3 mingga yaqin bo‘lsa, 30 nafar yoshlar 9 ball olgan

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev O‘zbekistonda so‘nggi 4 yilda yoshlar tomonidan qayd etilgan IELTS natijalari bo‘yicha ma’lumot berdi. U bu haqida Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan sessiyada gapirdi.

Alisher Sa’dullayevning aytishicha, bu davrda 30 mingga yaqin o‘zbekistonlik yoshlar IELTSdan 7 dan baland natija qayd etgan. 8 ball olganlar soni 3 mingga yaqin bo‘lsa, 30 nafar yoshlar IELST’dan maksimal natija — 9 ball olgan.

“Biz bu ko‘rsatkichni 100 mingga olib chiqmoqchimiz. Lekin bitta muhim chaqiriq bilan. Avvalambor barchamiz o‘zimizning ona tilimizda yaxshi gapiraylik, ona tilimizni yaxshi o‘rganaylik”, — dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori.

Yuqori ball to‘plagan yoshlarga imtihon xarajatlari to‘liq qoplab berilmoqda

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021-yil 1-maydan boshlab IELTS, TOEFL, GMAT, GRE va SAT imtihonlaridan yuqori ball to‘plagan yoshlarga imtihon xarajatlari to‘liq qoplab berilmoqda. Bunda, imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilish uchun ularning har biri bo‘yicha minimal ko‘rsatkich belgilangan. Misol uchun, IELTS orqali bilimlarini sinab ko‘rgan yoshlar kompensatsiya olishi uchun kamida 7 ballik sertifikatni qo‘lga kiritishi kerak. 

Ma’lumot uchun, 2023- yilning mart oyidan IELTS Zone o‘quv markazi asoschisi Bekzod Mirahmedov O‘zbekistonda ilk bor xalqaro ingliz tilini baholash tizimi (IELTS)dan maksimal 9 ballni qo‘lga kiritgan edi.

Теги :
Jamiyat