$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“15 sutka” kelajakka qanday ta’sir qiladi?

Qonun buzilishi

 Ommaviy axborot vositalarida odamlarning turli qilmishlar uchun ma’muriy qamoqqa olinganligi haqidagi yangiliklarni tez-tez uchratamiz. Ma’muriy qamoq haqida o‘zi nimalarni bilamiz? Qanday holatlarda kishilar qamoqqa olinadi va kimlarni qamash mumkin emas? “15 sutkachilar” qancha jarima to‘laydi? Huquqshunos Murodjon Najmiddinov shu singari savollarga javob berdi.

 Qaysi huquqbuzarliklar “15 sutka”ga sabab bo‘ladi?

Fuqarolar MjTKning 49 tasi moddasi bo‘yicha qamalishi mumkin. Masalan, quyidagilar:

• shahvoniy shilqimlik qilish;

• ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish;

• mayda bezorilik;

• tilanchilik qilish;

• fohishalik bilan shug‘ullanish;

• jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish;

• oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik;

• hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish;

• transport vositalarini mast holda boshqarish;

• kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish va boshqalar.

Shaxsni qamash uchun jinoyat sudi sudyasi, favqulodda holatda harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshlig‘i qarori asos bo‘ladi.

Ma’muriy qamoqning minimal va maksimal muddati qancha?

Holatga qarab, 3 sutkadan 15 besh sutkagacha, favqulodda holatda esa, jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun – 30 sutkagacha. Muddat to‘liq sudyaning vakolatidagi masala, istasa sanksiyadagidan ham kam muddat berishi mumkin.

Kimlarni qamab bo‘lmaydi?

Qanday ayb qilishidan qat’i nazar homilador va (yoki) 3 yoshdan kichik bolasi bor ayollar, 14 yoshdan kichik bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan kishilar, bolalar, I-II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ma’muriy qamoqqa olinmaydi.

Qamoqqa olingan kishilarni qayerda saqlashadi?

Qamoqqa olingan kishilar viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzurida maxsus qabulxonalarda saqlanadi. Maxsus qabulxonada kamera umumiy va bir kishilik bo‘ladi. Kishining psixologik holati va shaxsiga qarab shu ikki turdagi kameradan biriga joylashtiriladi.Erkaklar ayollardan, chekuvchilar chekmaydiganlardan alohida joylashtiriladi.

Quyidagi kishilarga alohida kamera beriladi:

• chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;

• yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar yoki tibbiy kuzatuvga muhtoj bo‘lgan shaxslar;

• sobiq sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sobiq xodimlari, sobiq advokatlar;

• hayoti va sog‘lig‘ining xavfsizligini ta’minlash manfaatlaridan kelib chiqqan holda ayrim shaxslar.

Kameralarda bir kishiga to‘g‘ri keladigan maydonning normasi kamida 2,5 kv metrni, ayollar uchun esa kamida 3 kv metrni tashkil etadi.

Qamoqqa olingan kishilar necha soat uxlashi mumkin, umuman, ular qanday huquqlarga ega?

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida yotoq joyi, ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoq hamda ovqatlanish anjomlari beriladi. Qamoqdagilar haftada kamida bir marta cho‘milib-yuvinadi, ularning choyshab va yostiq jildlarini almashtiriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:

• ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi va sharoitlari, o‘z huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida axborot olish;

• arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish, shuningdek, maxsus qabulxona boshlig‘iga yoki u vakolat bergan shaxslarga shaxsan qabul qilish to‘g‘risida murojaat qilish;

• o‘zlarining shaxsiy xavfsizligi va sog‘lig‘i saqlanishi ta’minlanadigan sharoitlarda saqlanish, tegishli tibbiy yordam olish;

• pochta jo‘natmalarini va yo‘qlovlarni olish hamda jo‘natish;

• advokat, qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan uchrashish;

• respublika hududi bo‘yicha telefon orqali har kuni limitlangan bir martalik so‘zlashish;

• tungi vaqtda uzluksiz 8 soat uxlash;

• maxsus qabulxona hududida maxsus ajratilgan joylarda kunduzgi vaqtda davomiyligi 2 soatdan kam bo‘lmagan har kungi sayr qilish;

• diniy rasm-rusumlarni ado etish, agar bu ichki tartib-qoidalarni buzmasa;• mehnatga jalb qilingan taqdirda tegishli haq olish va mehnatining muhofaza qilinishi;

• oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanish, moddiy-maishiy sharoitlardan, o‘quv-badiiy, axborot materiallaridan va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa narsalar va ashyolardan foydalanish;

• dori vositalarini olish va saqlash.

• saylov va referendumda ishtirok etish va boshqa huquqlar.

Qanday holatda qamoqdagi kishiga tashqariga chiqishga ruxsat etiladi?

Ma’muriy qamoqdagi kishi alohida hollarda (yaqin qarindoshning vafoti yoki yaqin qarindoshning hayotiga tahdid soluvchi og‘ir kasallik, unga yoki oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazgan hodisa) ikkala tomonga borib-kelish vaqti (2 sutkagacha) hisobga olmay, ko‘p bilan 1 sutkaga tashqariga chiqishga ruxsat berilishi mumkin.

Qamoqdagi kishilar ishlaydimi? Agar ular buni istamasa-chi?

Qamoqdagi kishilar yozma roziligi bilan ishlatishi mumkin. Ular mehnatidan foydalanishni tashkil etish tuman (shahar) hokimliklarining zimmasiga yuklatiladi.

Ularning ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan (2024-yil avgust holatiga oyiga 980 ming so‘m) kam bo‘lmasligi kerak. Qamoqdagi kishilarning topgan puli ularni maxsus qabulxonalarda saqlash va ovqatlantirishga yo‘naltiriladi. Agar pul ortib qolsa, qolgan pul ularning nomiga ochiladigan bank hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.

Qamoqdagi kishilar o‘zini yomon tutsa, qanday chora ko‘riladi?

Bu holatda quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin:

• ogohlantirish;

• telefon orqali navbatdagi so‘zlashuv huquqidan mahrum qilish;

• haq to‘lanmaydigan jismoniy ishlarga navbatdan tashqari jalb etish.

“O‘tirib chiqqan odam” qancha to‘laydi?

Qanchalik g‘alati eshitilmasin, “o‘tirib chiqqan odam” pul to‘laydi. Qamoqda saqlash xarajatlari sutkasiga bazaviy hisoblash miqdorining

15 foizi – 15 sutkada 765 ming so‘m (2024-yil avgust holatiga). Ammo kishi qamoqda ishlagan puliga buni uzishi ham mumkin.

Mehnatga qobiliyatsiz kishilardan pul olinmaydi. Bundan tashqari, moddiy ahvoli va shaxsiga qarab, sudya, favqulodda holatda harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshlig‘i boshqa kishilarni ham to‘lovdan ozod qilishi mumkin.

“15 sutka” kelajakka ta’sir qiladimi, ya’ni kishi “sudlangan” hisoblanadimi?

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar jinoyat sudida ko‘rib chiqilsa-da, ma’muriy jazo kishilarning huquq va erkinliklari cheklanishiga asos bo‘ladigan sudlanganlik holatini keltirib chiqarmaydi.

Ma’muriy jazoga tortilgan kishi shu jazoni o‘tash muddati tugagan kundan boshlab bir yil mobaynida yangi ma’muriy huquqbuzarlik sodir etmasa, mazkur shaxs ma’muriy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi.