$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

HET quyosh panellarini o‘rnatish majburiyligi haqidagi xabarlarni rad etdi

quyosh panellari

10-fevral kuni jurnalist Shuhrat Shokirjonov o‘zining Telegram kanalida mahallalarda oyiga 1000 kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi sarflagan xonadonlar ro‘yxati shakllantirilayotgani haqida yozdi. Unga ko‘ra, bunday iste’molchilar quyosh panellarini o‘rnatsa foyda ko‘rishi, hattoki ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotish imkoniyatiga ega bo‘lishi aytilgan. 

Shuningdek, u quyosh panellariga boj bekor qilinsa, odamlar ularni uylariga o‘rnatishi mumkinligiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, bu elektr energiyasini tejashdan ko‘ra, “yashil energetika” yilida qo‘shimcha boj qo‘shilgan quyosh panellarini aholiga majburan sotish harakatiga o‘xshaydi. 

HET: Majburiy talab yo‘q

Jurnalistning ushbu xabaridan so‘ng, “Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati bunday ro‘yxat shakllantirilmaganini va hech kimga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilmaganini rasman ma’lum qildi. Kompaniya iste’molchilarga majburiy tartibda quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilmagani va bunday qaror faqatgina ixtiyoriy bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. 

Shuningdek, iste’molchilardan muqobil energiya manbalari bo‘yicha savollar bo‘lsa, 77 282−12−12 raqamiga murojaat qilishlari so‘raldi. 

Quyosh panellarini joriy etish bo‘yicha davlat dasturi

Prezident tomonidan 2024-yilda 100 mingta obyekt va 150 mingta xonadonda jami 600 MVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilgan. Ushbu rejalar “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturining bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda. 

Shuningdek, Bosh prokuratura quyosh panellari va suv isitish qurilmalariga o‘tish jarayonini nazorat qilish vakolatiga ega bo‘ldi. Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatilishida qonun talablariga qat’iy rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha mas’ul etib tayinlandi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov esa turar-joy va xo‘jalik binolarining kamida yarmini quyosh panellari va geliokollektorlar bilan jihozlash rejalari borligini ma’lum qildi

Quyosh panellariga boj bekor qilinadimi?

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov quyosh panellari narxini pasaytirish uchun bojlarni butunlay bekor qilish kerakligi haqida fikr bildirib, bu aholining panellarga bo‘lgan talabini oshirishi mumkinligini ta’kidladi. Uning aytishicha, quyosh panellari arzonlashsa, odamlar ularni o‘z xohishiga ko‘ra o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladi va elektr energiyasini tejash bilan birga, ortiqcha quvvatni davlatga sotishdan ham daromad topishlari mumkin. 

Теги :
Jamiyat