$
 11971.40
56.73
 13797.04
61.81
 151.81
3.54
weather
+26
Кечаси   +14°

Zaharlanayotgan o‘zbekistonliklar: Yangi milliy qo‘mita nimalar bilan band?

Chang

“O‘zgidromet”ning o‘tgan hafta uchun qilingan prognozga muvofiq, ob-havodagi inversiya holati, ya’ni havoning ifloslanishi 24-noyabrdan keyin ortga chekinishi kutilgan edi. Biroq yangilangan sinoptik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, inversiya jarayoni shu hafta oxirigacha saqlanib turadi.

Havo sifatining yaxshilanishi nima bilan bog‘liq?

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, havo qatlamlarining aralashishiga to‘sqinlik qilayotgan ob-havo sharoiti haftaning oxirigacha saqlanib turishi mumkin. Bu davrda havo sifati nobarqaror bo‘lishi tabiiy hol bo‘lib, ko‘rsatkichlar kun davomida o‘zgarib turadi.

Havo sifatining yaxshilanishi havo massalarining almashishi, shamolning kuchayishi yoki yog‘ingarchilik tushishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Havo ifloslanishiga nima sabab? – Ilmiy xulosa

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, geografiya fanlari doktori Doniyor Turg‘unov bugunga kelib Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston sharoitida atmosfera havosining ifloslanish darajasi, sabablari va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu jarayon kichik gradiyentli, yuqori bosimli atmosfera jarayoni hisoblanadi. Jarayon oqibatida inversiya xossalari saqlanib qolmoqda. Inversiya hodisasi havoning vertikal harakatini belgilab beradi. Bunday vertikal harakatning noto‘g‘ri taqsimlanishi natijasida atmosfera havosining ifloslanish turg‘unligi ma’lum darajada saqlanib qolmoqda.

Yangi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi nimalar bilan band?

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi oqibatlarni yumshatish chora-tadbirlari olib borilayoganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qo‘mita huzurida kecha-yu kunduz, 24/7 tartibda ishlaydigan tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shtab ish jarayonini tezkor tahlillar va ilmiy xulosalarga tayangan holda olib bormoqda. Shu asosda hududlarda bir qator amaliy choralar bajarildi. Jumladan, Toshkent shahrida ko‘chalarni changdan tozalash va yuvish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

106 ta issiqxona faoliyati to‘xtatildi

Shuningdek, Toshkentga tutash hududlardagi issiqxona xo‘jaliklari faoliyati o‘rganilib, atmosferaga sezilarli zarar yetkazayotgani aniqlangan 106 ta issiqxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Poytaxtdagi qurilish jarayonlari ham alohida nazoratga olindi. Tekshiruvlar natijasida qurilish me’yorlarini buzgan hamda havoga salbiy ta’siri yuqori bo‘lgan 14 ta obyektga ogohlantirish berilib, ishlarni belgilangan tartibda davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar taqdim etildi.

Sanoat korxonalarida reydlar

Bundan tashqari, Toshkent shahri va unga yaqin hududlarda joylashgan birinchi va ikkinchi toifa sanoat korxonalarining faoliyati ham tahlildan o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, 305 ta korxonada mavjud bo‘lgan 883 ta chang-gaz tozalash uskunalarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari boshlab yuborildi.

Yangi kompleks dastur

Hozirda tezkor shtab tomonidan qo‘shimcha choralar muhokama qilinib, yangi kompleks dastur ishlab chiqilmoqda. Dastur ikki yo‘nalishga bo‘lingan: birinchisi — zudlik bilan amalga oshiriladigan choralar, ikkinchisi — uzoq muddatli strategik vazifalarni belgilaydi. Mazkur hujjatni tayyorlash jarayoniga Ekologiya qo‘mitasi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, mutaxassislar hamda olimlar jalb etilgan. Yaqin kunlarda dastur hukumat ko‘rib chiqishi uchun taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Qo‘mitadan jiddiy ogohlantirtish

Shu bilan birga, kuni kecha Ekologiya qo‘mitasi barcha qurilish tashkilotlariga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan talablarga so‘zsiz rioya etilishi shart ekanligi borasida tegishli talab yo‘llanayotganini bildirgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, barcha qurilish tashkilotlari quyidagi talablarni bajarishga majbur:

— qurilish jarayonida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

— qurilish maydoniga kirib-chiqish yo‘laklarida osma yomg‘irlatgich va suv purkagichlar o‘rnatish;

— avtotransport vositalari g‘ildiraklarini majburiy tarzda yuvish uchun yuvish shoxobchasini tashkil etish;

— chang tarqalishining oldini olish maqsadida qurilish maydonini to‘siqlar, himoya qoplamalari va maxsus materiallar bilan jihozlash.

“Mazkur talablar bajarilmagan taqdirda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga muvofiq jarima va boshqa ma’muriy choralar qo‘llanilishi, shuningdek, faoliyat 10 ish kunigacha to‘xtatilishi yoki belgilangan tartibda butunlay tugatilishi mumkin”, – deb yozdi qo‘mita.

“Ekspertlar havodagi ifloslanishni hukumatga yuklashni to‘xtatsin”

Oliy Majlis deputati Alisher Qodirov Toshkentda kuzatilayotgan ekologik vaziyat fonida hukumat pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chiqdi. U havo sifati yomonlashishini hukumat bilan bog‘layotganlarni “ekspertlar” deb kinoya bilan tilga olib, “O‘zgidromet” rahbari Sherzod Habibullayevning Toshkentdagi uzoq davom etayotgan havo ifloslanishini tabiiy-mavsumiy omillar bilan izohlab berganini olqishlab, “havo ifloslanishining sababini hukumatdan izlayotgan “ekspertlar” uchun bu yaxshi, ammo kechikkan javob bo‘ldi”, deya fikr bildirgan.

“Mas’ullar odamlarni chalg‘itadigan taxminlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerak”, — deb yozdi Qodirov o‘zining Telegram-kanalida.

“Hukumat tabiatni boshqarmaydi”

Deputat, shuningdek, postida dunyodagi biror hukumat tabiat jarayonlarini boshqara olmasligini, bu holat tabiiy jarayon ekanini ta’kidlab, “O‘zbek xalqining hayoti Vatanga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga asoslanadi”, deya qo‘shimcha qildi.

Qodirovning 23-noyabr kuni yozgan postida “ekolog mutaxassislarining tadqiqot va xulosalari”ni keltirdi. Unga ko‘ra, qurilish, transport va sanoatning Toshkent havosiga ta’siri bor-yo‘g‘i 8–10 foizni tashkil etadi, shuning uchun barcha choralar aynan shu ulushga ta’sir qilishi mumkin, xolos.

“Biz hukumatni tanqid qilishimiz mumkin, ammo odamlar ko‘ngli uchun shamol, yomg‘ir yoki havo massasini ‘sotib olish’ning iloji yo‘q. Aksincha, buning o‘zi havodagi zararli zarrachalar ko‘payishiga olib kelishi mumkin”, — deya fikr bildirdi Qodirov.

Теги :
Jamiyat
Salomatlik