$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda ko‘chadagi qizga bezorilik qilgan shaxs 2,5 yilga qamaldi

harassment

Toshkentda “tanishib, keyin turmush qurish” maqsadidagi erkak 17 yoshli qizga teginib, qarshilik ko‘rsatganida, yuziga urdi. Sud uni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Aybdor 26 yoshda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudi notanish qizni urgan toshkentlik A.A.ga nisbatan hukm chiqardi. 

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, 1-fevral kuni Bo‘zbozor ko‘chasida 26 yoshli A.A. “jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga, umume’tirof etilgan axloqiy me’yorlarga qo‘pol tarzda beparvolik bilan” munosabatda bo‘lib, oldidan o‘tib ketayotgan 17 yoshli qizga nisbatan qo‘pol va odobsiz harakatlar sodir etgan. Uning orqasidan ushlab, qiz qarshilik ko‘rsatgach, yuziga urib, voqea joyidan qochib ketgan.

Sud-tibbiy ekspertizasi qizning pastki lab sohasida jarohatlar aniqlagan va ularni yengil jarohatlar sifatida baholagan.

Turmushdan ajragach “yangi hayot ilinji”

Ayblanuvchi o‘z aybini to‘liq tan oldi va turmushidan ajrashganidan so‘ng “yangi hayot qurishga intilganini” aytdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni u jabrlanuvchi qizni ko‘rgan va “birinchi u bilan tanishib, keyin turmush qurish"ni xohlagan, shuning uchun unga ergashib, nimadirlar degan.

Qizni nima sababdan urganini izohlay olmadi

Yigitning ta’kidlashicha, u tasodifan qizga yaqinlashib, “beldan past joyini ushlab olgan”. Qizning so‘zlariga ko‘ra, u o‘sha joyga urib, keyin ushlab olgan. Qiz qarshilik ko‘rsatgan paytda hujum qilgan shaxsning telefoni yerga tushib ketgan, shundan so‘ng ayblanuvchi uning yuziga mushti bilan urgan, qiz esa zarbadan yerga qulagan.

A.A. qizni nima sababdan urganini izohlay olmadi, lekin bundan afsusda ekanini aytdi. 

Boshqalarga oʻrnak boʻlishi uchun eng ogʻir jazo

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u voqea sodir bo‘lgandan beri juda yomon ruhiy holatda va ko‘chada yolg‘iz yurishdan qo‘rqadi. Uning fikricha, jamiyatda bunday shaxslarning mavjudligi barcha qizlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin. 

Jabrlanuvchi sudlanuvchini kechirmadi va bu boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun suddan eng og‘ir jazo tayinlashni so‘radi.

2 yil-u 6 oy

Sud erkakni Jinoyat kodeksini 277-moddasi 2-qismi “d” bandi (Bezorilik, o‘z mazmuniga ko‘ra umum e’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan / 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bo‘yicha aybdor deb topib, 2 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.