$
 12675.00
4.95
 13616.75
56.0
 138.36
0.36
weather
+26
Кечаси   +14°

“Doʻstlik” bogʻi investorga emas, xalqqa berilishi kerak – Muhrim

d 4 26

 Yaqinda “Abdulla Qodiriy” hamda “Doʻstlik” bogʻlarini rekonstruksiyasi haqida xabar bergan edik. Unda taʼkidlanishicha, ikkala bogʻni ham qayta taʼmirlanish maqsadida hokimlik tomonidan investorlarga berilgan edi. Shu bilan birga “Doʻstlik” bogʻi hududining rekonstruksiya loyihasida parkka bir qator attraksionlar qoʻyilishi keltirib oʻtilgan edi. Aynan shu narsa ijtimoiy tarmoqlarda keng tanqidiy muhokamalarga sabab boʻldi. Ushbu muhokamalarning asosiy mazmuni – “Doʻstlik” bogʻiga hech qanday investor hamda hech qanday attraksion kerakmasligi, uni shunchaki yashil hududga aylantirib, xalqqa berishligi. Buning dolzarbligi blogerlar eʼtiboridan ham chetda qolmadi.

“Doʻstlik” bogʻi investorga emas, xalqqa berilishi kerak – Muhrim

Bitta shaharga bitta Magic City yetadi - agar u Milliy bogʻ oʻrnida qurilgan boʻlsa, unda butun mamlakatga bittasi ham yetib ortadi. Toshkent ichida attraksionli-koʻngilochar parklar qurish, mavjud parklarni savdo majmuasisifat makonlarga aylantirish amaliyotini toʻxtatish shart. Shahar betartib qurilishlar, tartibsiz reklama, umuman, tartibsizlik va shovqindan yorilay deyapti. Bunday shaharda yashovchi odamlar uchun sokin makonlar – hayotiy zarurat.

Davlat oldida “Doʻstlik” parkini investorga berish va bermaslikdan tashqari uchinchi yoʻl – uni xuddi “Ekopark” kabi attraksionlarsiz, Yapon bogʻi kabi shovqin-suronsiz, sokin xiyobonga, ehtimol, ulardan-da yaxshiroq jamoat makoniga aylantirish imkoni bor. Koʻz-koʻz qilarli xizmat koʻrsatganlarga moshinayu uy sovgʻa qilishga qurbi yetadigan davlat oʻzining xalq xizmatkori funksiyasini eslab, millatga kamtarona xizmat koʻrsatayotganlarga moshina yoki uy emas, hech boʻlmasa park sovgʻa qilishi shart.

Serxarajat davlat apparatimizga “Doʻstlik” bogʻini investorsiz, attraksionlarsiz, shovqin-suronsiz saqlash koʻp ham qimmatga tushmasa kerak, buni hisoblab chiqish ham unchalik murakkab emasdir. Hukumat qarorgohi, eski Senat, Mustaqillik maydoni atrofidagi yashil hudud (misoli park)ni saqlash shu bugunda qanchaga tushyapti? Shundan ortiq xarajat boʻlmasa kerak. Bor-yoʻqligi bilinmaydigan ikki-uch davlat organi chin koʻngildan qisqartirilsa yo tugatilsa, parkka pul topiladi.

 Amaldor boʻlmagan odamlar ham parklar ichida ishlagisi, hech yoʻgʻi vaqti-vaqti bilan dam olgisi keladi. “Doʻstlik” bogʻi investorga emas, xalqqa berilishi kerak.

Parklarni tinch qoʻyinglar – Laziz Hamidov

Bir adashib Britaniyaga borib qolganimda, erinmay yaqin atrofdagi parklarni aylangan edim. Odam maza qiladi, boshqacha hissiyot, kayfiyat, xotirjamlik beradi. Turli doʻkon, oʻyinchoq, attraksionlarsiz, shunchaki yashil makon, shunchaki aylanadigan, tinchlik beradigan.

Hozir tinmay ijtimoiy tarmoqlarda yozishyapti, Toshkent shahridagi parklarni oʻrab olinib, turli investorlarga berilayotgani, investorlar esa birinchi navbatda bu parklarni daromad qilish uchun resurs sifatida koʻrayotgani haqida.

Oʻylayman, parklar xotirjamlik makoni, yashil makon boʻlishi kerak. Iltimos, parklarni tinch qoʻyinglar.

davletovuz – Qobil Xidirov

Parklar - xalqniki. Va albatta, ular xalqqa qaytarilishi kerak.

Kerak boʻlsa, barcha parklarga Milliy bogʻ maqomini berib, respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan qilish lozim.

Attraksion qursa marhamat shahar tashqarisida quraversin – Otabek Bakirov (Bakiroo)

Gʻafur Gʻulom parkini attraksionga aylantirishgani yetmagandek, mana shu oʻrab olingan joylarga ham yana attraksion qurishmoqchi.

Xuddi shu ish boshqa parklardayam boʻladi. Agar sukunat davom etsa...

Parklarni xalqdan oʻgʻirlaganlar, tijoratga aylantirganlar jazolanishi kerak. Farqi yoʻq u Milliy bogʻmi yoki Gʻafur Gʻulommi.

Attraksion qursa, marhamat, shahardan tashqarida quraversin.

Parklarni u yogʻini sotib, bu yogʻini sotib, keyin qolgan- qutganini asrab qolish uchun “xususiylashtirish” yoki attraksionchi investorlarga berishni taklif etish juda yoqimsiz. Uzr-kuya. Zoʻrlab, isqirt ishini bitirgan iblisni jazolash oʻrniga, endi mana shu zoʻravonga erga tegasan, deb taklif etish bilan baravardek.

Biz Moskvaning xatosini qilmoqdamiz – Begzod Hoshimov (Iqtisodchi kundaligi)

Menimcha, hokimiyat va ayrim jamoatchilik vakillari tushunmayotgan, yoki atayin tushunishni xohlamayotgan narsa – daraxtli park – attraksion va betonsiz soʻlim soyabon – bu shaharni boy qiladigan narsa. Bitta korxona oʻsha chiqqan qiymatni ola olmaydi, toʻgʻri, lekin shaharni koʻproq boyitadi

Oddiy mantiq: agar deylik, Nyu Yorkni markaziy bogʻini (Central park) oʻringa Disney Lend qurilganida – Disneylend korxonasi koʻp foyda olgan boʻlar edi, hech shubhasiz. Lekin Nyu York va AQSH iqtisodiyoti uchun bu park juda katta iqtisodiy zarar boʻlar edi. Siz oʻylashingiz mumkin, agar Markaziy Bogʻ oʻringa Disney Lend qurilsa, u yerga millionlab odam kiradi, hammasi pul xarajat qiladi, minglab odam oʻsha parkda attraksionga qaraydi - oylik oladi, soliq tushadi va rosa pul aylanadi. Markaziy bogʻ boʻlib qolsa, faqat skameykalarda oʻtirish bor va aylanadigan daraxtzor bor – ichida na bir restoran bor, na bir attraksion bor, juda kichik pul aylanadi, ishchilar soni ham kam: asosan bogʻbonlar va parkka qaraydiganlar. Lekin haqiqat shundaki, agar iqtisodiy mantiq bilan qarasak, shunda ham, shahar markazidagi bogʻ oʻrniga Disneylend qurilishi Nyu York shahri kambagʻallashtiradigan qaror boʻladi. Daraxtlar va yashillik yaratayotgan iqtisodiy qiymat, birgina korxona balansida boʻlmasligi, u qiymat yoʻq degani emas. Aynan shuni ijtimoiy tovarlar deymiz. Nyu York hokimiyati, toʻgʻri mantiq qoʻllagan holda shahar iqtisodiyotiga bunday zarba beradigan lekin qaysidir korxona balansini koʻpaytiradigan qaror qilmagani juda toʻgʻri boʻlgan. Attraksionli parklar kerak emasmas, masalan Floridadagi botqoqni quritib betonli Disneylend qurishgan. Bu toʻgʻri ish boʻlgan.

Xuddi shuning uchun ham, dunyodagi barcha normal shaharlarda: Parijda ham Disneylend Lyuksemburg bogʻini ichida qilinmagan, shahardan 50 km. uzoqlikda qurilgan yoki Tokyoda ham imperator bogʻini quritib Disneylend qurishmadi – qoʻshni shahar Chibada qurishdi. Bunday roʻyxatni davom ettiraverish mumkin. Xohlagan yaxshi shahringizda shunday toʻgʻri qaror qabul qilingan. Hatto Moskvada ham, 90-yillarda parklarni ichida sal beton qilib attraksion qilinganidan keyin, hukumat aqlini yigʻib olib, parklarni shaharga, odamlarga qaytargan. Biz ham 90-yillar Moskvaning xatosini qilmoqdamiz.

Bizda ham, parklarni betonlashtirib attraksion qilganlar, pul topayotgandir, oʻsha korxonada odam ishlayotgandir, lekin shaharga va mamlakatga misli koʻrilmagan iqtisodiy shikast yetkazilgan. Men iqtisodchi sifatida buni aytyapman, ijtimoiy yoki deylik estetik masalalarni aytmayapman. Shahar ichidagi parkni betonlashtirish – nafaqat ekologik shikast, balki katta iqtisodiy shikast ham.

Bogʻlarini oʻzini oʻzi qoplash evaziga moliyalashtirilishiga tashlab qoʻyish xato gʻoya – Botir Qobilov (uzbekonomics)

Men shahardagi istalgan jamoat bogʻlarini xususiy tijorat uchun xususiy qoʻllarga topshirilish gʻoyasiga qoʻshilmayman. Bu hech narsani oʻzgartirmasligi va hech kimga qiziq boʻlmasligi mumkin, va oldin ham bu pozitsiyam aniq boʻlsa ham, hozir yana shuni eslatib oʻtmoqchiman.

Albatta, xususiy tadbirkorlarda samimiy niyat boʻlishi mumkin, ular oʻzlarining fikrlari, dunyoqarashlari, va rejalariga qarab bogʻlarga “qarab turishlari” mumkin. Bundan tashqari, shunday pretsedent ham boʻlsa ham, yaʼni shahar hokimiyati yaxshi qaray olmagan bogʻ xususiy tadbirkorlar qoʻliga oʻtgach birdaniga yaxshilanib qolgan boʻlsa ham bu barcha bogʻlarni demak xususiylashtirish kerak ekan degan xulosaga olib kelmaydi. Ular qoida emas, balki istisno. Vaholanki, shu ishni shahar qilsa ham boʻlardiku degan xulosa beradi. Qaysidir tadbirkorlarning himmatiga, va ular toʻgʻri oʻylaydilar, aholiga kerak boʻlgan holatda bogʻni saqlaydilar degan kutilmalarga bogʻliq boʻlishi kerak emas. Bu lotoreya emas, jamoat bogʻlari bu ijtimoiy tovar va ularni davlat oʻz qaramogʻida qoldirishi shart. Agar shahar bu ish bilan yaxshi shugʻullana olmayotgan boʻlsa demak muammo shaharda, va u ish bilan yaxshiroq shugʻullanish kerak. Bogʻga qaraydigan kadr yoʻq, pul yoʻq deyish mantiqqa toʻgʻri kelmaydi, shahar aholisi soliqlarni aynan shuning uchun ham toʻlaydilar. Undan samarali foydalanmaslik esa bu boshqa masala, lekin bu yangi muammoni yaratishga yoʻl boʻla olmaydi. Shahar boshqaruvchilari, yaʼni xizmatchilari qachondir almashadilar bu tabiiy jarayon, lekin aholi qoladi. Bogʻ ham aholida qolish kerak. Ellik yilga tijorat uchun ijaraga berilmasdan.

Darvoqe, shahar jamoat bogʻlarini oʻzini oʻzi qoplash evaziga moliyalashtirilishiga tashlab qoʻyish xato gʻoya, yaʼni bogʻ maʼmuriyati shu bogʻdan qanday qilib boʻlsa ham tijorat evaziga sugʻorish, supurish uchun pul yigʻishni yuklashi xato.

Meni qiynayotgan masala shuki, xotiramiz juda tez unutiladigandek tuyilmoqda. Ha, hozir yilning eng zoʻr oyi, lekin eslatib oʻtaman, Toshkent shahri dunyodagi havosi eng iflos shaharlardan biri boʻlib keladi. Bu qanday kasalliklar, aholi salomatligi bilan oid boshqa qanday muammolarni keltirib chiqarishini qaytarish shart emas. Aynan mana shu fakt bilan bir oʻrinda shaharda daraxtlarni, yashil zonalarni koʻpaytirishimiz kerak edi, mavjudlari sonini qisqartirish emas.

Davlat bunday masalalarda qatʼiyatliroq boʻlishi kerak. Bir investor bozoringizda biz uchun raqobatni cheklab bering deb xat yozsa ham, boshqasi bogʻni bizga berib turing, tijorat qilib olaylik desa ham aholi, isteʼmolchi va xalq manfaatlari ustun qoʻyilishi kerak. Masala shundaki, Bobur yoki Abdulla Qodiriy parklarini saqlab qolish faqat park atrofida yashaydigan odamlarning muammosi emas, va faqat ularning fikrlari yoki faolligiga qarab qolmasligi kerak. Davlat oʻz ishini qilishi kerak – yaʼni ijtimoiy tovarlarni taʼminlashi kerak. Shahar bogʻi deganda disneylend, akvapark yoki delfinariy emas, shahar ichida tabiatga maksimal yaqinlashtirilgan makon tushuniladi.

Теги :
Жамият
Иқтисодиёт