$
 12158.13
-33.12
 14166.65
55.28
 153.98
-0.22
weather
+26
Кечаси   +14°

Suv tubidagi “oltin koni”: Golf to‘plarini yig‘ish orqali qancha daromad topish mumkin?

golf

Ba’zan katta pul topish uchun murakkab ish qilish shart emas. Ayrim odamlar g‘alati ko‘rinadigan mashg‘ulot orqali ham yaxshi daromad topishga muvaffaq bo‘lishadi. Ko‘pchiligimiz ko‘p pul topishni va moliyaviy jihatdan barqaror hayot kechirishni xohlaymiz. Har kim ertalab ishga borayotganda qilayotgan ishidan ham pul topib, ham zavq olishni orzu qiladi. Ammo bunday ishni topish hamma uchun ham oson emas. Odatda odamlar o‘ziga yoqadigan va yaxshi daromad keltiradigan ishni topguncha ko‘p izlanadi, turli ishlarni sinab ko‘radi.

Shunga qaramay, ba’zi odamlar boshqalar hatto o‘ylab ham ko‘rmagan joydan imkoniyat topa olishadi. Ular eng g‘alati yoki oddiy ko‘rinadigan mashg‘ulotni ham daromad manbaiga aylantirib yuboradi. Natijada ko‘pchilik uchun noodatiy bo‘lgan ish ularga barqaror va yaxshi daromad olib keladi.

Suv ostidan golf to‘plarini qidirish

Golf o‘yinida to‘pni yo‘qotish juda oson. Ba’zan bitta noto‘g‘ri zarba kifoya — to‘p to‘g‘ri suvga uchib ketadi. Natijada u ko‘l yoki hovuz tubiga tushib, loy bilan qoplanib qoladi va yillar davomida o‘sha yerda yotadi. Faqatgina AQShning o‘zida har yili golf maydonlari atrofidagi suv havzalarida qariyb 300 millionta to‘p yo‘qoladi. Ana shunday paytda ishga suv ostidan golf to‘plarini yig‘adigan g‘avvoslar kirishadi.

Ko‘pchilik bu ishni romantik suv osti sayohatiga o‘xshatishi mumkin, ammo aslida hammasi boshqacha. Bunday suv havzalarida ko‘pincha hech narsa ko‘rinmaydi. G‘avvoslar bir necha metr chuqurlikka sho‘ng‘ib, to‘plarni ko‘rib emas, balki qo‘llari bilan paypaslab topishadi. Oyoqlari ostida qum emas, yopishqoq loy bo‘ladi, ba’zan esa odam osonlikcha botib ketishi ham mumkin. Ular bir necha kishilik jamoa bo‘lib ishlaydi va bir ish kunida suv tubidan 10 mingtagacha golf to‘pini chiqarishlari mumkin. Bu juda og‘ir jismoniy mehnat bo‘lib, katta sabr talab qiladi. Chunki loyqa suv ichida atrofda qanday jonivorlar borligini aniq bilib bo‘lmaydi.

Bir dona to‘p ham pul

Suv tubidan topilgan to‘plar shunchaki chiqindi emas, balki sotiladigan mahsulot hisoblanadi. Ular suvdan chiqarilgach, avval yaxshilab yuviladi, keyin esa brendiga va holatiga qarab saralanadi. Oddiy to‘plar odatda 10–20 sent atrofida sotiladi, lekin mashhur modellardan biri bo‘lgan Titleist Pro V1 kabi to‘plar tozalangandan keyin ancha qimmat narxda sotilishi mumkin. Yaxshi saqlanib qolgan to‘plarni golf klublari yoki ishlatilgan sport anjomlari sotiladigan do‘konlar sotib oladi. Ba’zi g‘avvoslar esa ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri golf o‘yinchilariga sotib, do‘kondagidan arzonroq narx taklif qilishadi. Shu tariqa bu ish ancha yaxshi daromad keltirishi mumkin. Tajribali g‘avvoslar yiliga 50 mingdan 150 ming dollargacha pul topishadi. Agar ular nufuzli golf maydonlari bilan yaxshi shartnoma tuza olsa, daromad 200 ming dollargacha yetishi ham mumkin.

Jim Bestning hikoyasi

Bu sohadagi eng mashhur insonlardan biri — amerikalik Jim Bestdir. Uning bu ishga kirib kelishi esa tasodifan boshlangan. Talabalik paytida u bir kuni golf maydoni yonidagi butalar orasida bir nechta to‘pni ko‘rib qoladi. Ularni yig‘ib, uyida yuvib, sport anjomlari do‘koniga olib boradi va sotadi. Qizig‘i, o‘sha pul unga bir haftalik ovqat qilishga yetgan. Shundan keyin Jim bu ish bilan jiddiy shug‘ullanishga qaror qiladi. U g‘avvoslik sertifikatini olib, asta-sekin bu mashg‘ulotni haqiqiy biznesga aylantiradi. Faoliyatining eng yuqori davrida u AQShning sharqiy qirg‘og‘idagi 65 ta golf maydoni bilan ishlagan va yiliga 2 milliontagacha golf to‘pini suvdan chiqarib olgan.

Uning eng mashhur ishlagan joylaridan biri — TPC Sawgrass golf maydoni. Bu yerda suv bilan o‘ralgan 17 lunka bor va har yili minglab to‘plar shu yerda suvga tushib ketadi. Jim esa ularni muntazam yig‘ib oladi.

Kasbning xavfli tomonlari

Biroq bu ish qanchalik daromad keltirmasin, xavfsiz emas. G‘avvoslar uchun eng katta muammo sovuq suv yoki loy emas, balki shu suv havzalarida yashaydigan jonivorlardir. Masalan, Florida shtatidagi ko‘plab golf maydonlaridagi ko‘llarda alligatorlar yashaydi. Jim Best bir necha bor ular bilan juda xavfli vaziyatlarga duch kelgan. Bir safar yosh alligator suv ostida uning oyog‘idan tishlab olgan. Yana bir safar esa alligator uning kislorod balloniga zarar yetkazgan. Eng qo‘rqinchli voqea 2007-yilda sodir bo‘lgan. Uzunligi to‘rt metrdan oshiq ulkan alligator suvdan chiqib, uning sherigi yonida paydo bo‘lgan. Jimning aytishicha, bu uning hayotidagi eng dahshatli lahzalardan biri bo‘lgan. Ammo u qo‘rquvni yengib, do‘stiga yordam berishga majbur bo‘lgan. Alligatorlardan tashqari, suv ichida ilonlar yoki katta toshbaqalar ham uchrab turadi va ular ham xavf tug‘dirishi mumkin.

Suv tubidagi kutilmagan topilmalar

G‘avvoslar asosan golf to‘plarini qidirishadi, lekin suv tubidan boshqa qiziq narsalar ham topiladi. Ba’zan g‘azablangan golf o‘yinchilari o‘yinda omadsizlikka uchragach, golf tayoqlarini ham suvga uloqtirib yuborishadi. Jim Bestning kolleksiyasida mashhur Scotty Cameron brendiga tegishli bir nechta qimmat tayoqlar ham bor.

Ba’zi topilmalar esa juda qiziq bo‘ladi. Masalan, Jim suv tubidan Tiger Woods, Rory McIlroy va Phil Mickelson kabi mashhur golfchilar o‘ynagan to‘plarni ham topgan. Eng kulgili topilmalardan biri esa ustiga qizil rangda “Donald Trump” deb yozilgan golf to‘pi bo‘lgan. Bundan tashqari suv tubidan telefonlar, quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklar va kepkalar ham chiqib turadi. Umuman olganda, golf to‘plarini suvdan yig‘ish kasbi xavfli va mashaqqatli, ammo juda qiziq ish hisoblanadi. Kimdir uchun bu oddiy yo‘qotilgan buyum bo‘lsa, boshqalar uchun aynan shu narsa barqaror daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat