$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

G‘ijduvonda nima gap?

Gijduvon

Shavkat Mirziyoyev videoselektor nega G‘ijduvonda bo‘layotganini ochiqladi.

O‘sish bor, muammolar ham shunga yarasha

Matbuot xizmatiga ko‘ra, so‘nggi yillarda G‘ijduvon tuman sanoati 2 karra o‘sib, 2 trln so‘mdan oshdi, viloyatdagi ulushi esa 4-dan 3-o‘ringa yuqoriladi. 2 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshladi. Bu esa 2010-2016 yillarga qaraganda 4 barobar ko‘p demakdir. Shunga qaramay, tumanda elektr ta’minoti va temir yo‘l infratuzilmasi masalalari sabab G‘ijduvonga investitsiya kiritish, sanoatda yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish muammo bo‘lib turibdi. Bu masalani hal qilish orqali tadbirkorlar 340 mln dollarlik 100 ta loyihani boshlab, 10 ming aholini ishli qilish mumkin. Mutasaddilarga "Navoiy-Xorazm" yo‘nalishidagi qurilishi tugamagan temir yo‘lni G‘ijduvonga olib kelish topshirildi.

 "Soya" dagi oilalarga 100 mln so‘mgacha kredit ajratiladi. Faqat bir shart bilan

Xonadonlarda kichik ishlab chiqarishlar bo‘yicha G‘ijduvonda 100 dan ortiq sanoat mahsulotlari xonadonlarda biznes kattalashmaydigan, “yashirin” sharoitda ishlab chiqarilmoqda. Bu oilalar "soya"dan chiqishi uchun uyiga uzoq bo‘lmagan hududdan joy, elektr va mablag‘dan yordam kerak. Mutasaddilarga 20 ta mahalladagi bo‘sh yerda ishlab chiqarish inshootlarini qurib, 400 ta oilaga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish va 2 ming ish o‘rnini rasmiylashtirish topshirildi. Shuningdek, “soya”dan chiqib ishlamoqchi bo‘lgan oilalarga 100 million so‘mgacha kreditlar beriladi. Bu tadbirkorlar ish o‘rni va aylanmasini qonuniylashtirgani uchun ularning bir yilda to‘lagan soliqlarining yarmi qaytarib beriladi. 

Tadbirkordan taklif

G‘ijduvonda bu yil 3 mingga yaqin yoshlar maktabni bitirmoqda, ulardan 800 nafari oliygohga kirmasdan, kasbga o‘qish istagini bildirgan. Viloyatdagi eng yirik to‘qimachilik korxonalaridan biri – “Parvoz humo” korxonasi matoni bo‘yash va tayyor kiyim-kechak sexlarini ishga tushirmoqda. Tadbirkor 10-11-sinf va kollej o‘quvchilariga darsdan so‘ng kasb o‘rgatib, 2 million so‘mgacha oylik to‘lash, bepul tushlik va tekin avtobus bilan ta’minlash taklifini bildirgan. Bundan tashqari, u tumandagi 2-son kasb-hunar kollejiga korxona sexlaridan “amaliy monomarkaz” sifatida foydalanishga, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti kafedrasini korxona hududida joylashtirib, ham o‘qituvchilarga, ham talabalarga sharoit qilib berishga tayyor. Davlat rahbari tadbirkorning barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Ayollarni ishli qilish bo‘yicha tashabbus

“Buxoro Agro” klasteri esa 14 ta mahallada kasanachilik asosida ming nafar ayolni ishli qilish tashabbusini bildirgan. “G‘ijduvon Mashhurasi” korxonasi toshdan mramor qoplamalari chiqarib, Fransiyaga eksport qilmoqda. Tadbirkor ishlab chiqarishni kengaytirish niyatida. “Do‘stlik Omad Baraka Fayz” va “Buxoro Don Zaxira Invest” korxonalari yirik chorva komplekslarini ishga tushirmoqchi. Mutasaddilarga aholi bandligini oshiradigan bunday loyihalarni keng qo‘llab-quvvatlash, zarur ko‘makni ko‘rsatishga topshiriq berildi.

G‘ijduvonda zamonaviy shifoxona quriladi 

Ijtimoiy soha bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinar ekan, G‘ijduvon aholisi uchun 650 o‘rinli zamonaviy shifoxona qurilishi e’lon qilindi. Mutasaddilarga loyiha hujjatlarini ishlab chiqib, kelgusi yil investitsiya dasturiga kiritish topshirildi. Umuman, yig‘ilishda G‘ijduvonni o‘zida 25 ming ish o‘rni, qo‘shimcha 50 million dollar eksport va byudjetga 100 milliard so‘mlik tushum bo‘yicha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.