$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda gig iqtisodiyoti: frilanserlar qanday muammolarga duch kelmoqda?

yandex

“Gig iqtisodiyot” tushunchasi zamonaviy mehnat bozoridagi yangi tendensiyalardan biri bo‘lib, asosan frilanserlik, vaqtinchalik ish va mustaqil pudratchilik kabi turli shakllarda namoyon bo‘ladi hamda raqamli platformalar vositasida amalga oshiriladi. Ushbu iqtisodiy modelning keng tarqalishi internet va raqamli texnologiyalarning so‘nggi yillarda keskin rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. MHTI mutaxassislari O‘zbekistonda gig iqtisodiyoti holati, ishchilarni qiynayotgan muammolarni o‘rganib, yechimlar taklif etdi.

Qisqacha tarix

“Gig” atamasi ilk bor XX asr boshida jaz musiqasi olamida paydo bo‘lgan. Unda ijrochilar turli joylarda bir marotabalik yoki qisqa muddatli konsertlar uchun kelishuvlar tuzgan va bu turdagi kelishuvlar “gig” (bir martalik chiqish, “birrov”) atamasi bilan yuritilgan. Keyinchalik bu atama iqtisodiyotga ko‘chib, mehnat faoliyatida qisqa muddatli shartnomalar va kelishuvlar bilan tavsiflanuvchi mehnat bozorini aks ettirgan.

Gig iqtisodiyotning umume’tirof etilgan yagona ta’rifi mavjud emas. Ayrim mutaxassislar unga umumiy ta’rif berishdan chekinsa, ayrim tadqiqotchilar tomonidan berilgan ta’riflarda “gig iqtisodiyot”ning nazariy asoslariga oid konsepsiyalarni tavsiflashda tafovutlar mavjud.

Gig iqtisodiyot ilm-fanda yangi tushuncha bo‘lmasada, so‘nggi o‘n yil ichida sezilarli darajada ommalashdi. Ushbu davr ichida gig ishchilarining (gig worker) ko‘payishi zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi va an’anaviy, barqaror ish o‘rinlarini topishning qiyinlashib borayotgani bilan izohlanadi. Bir tomondan, raqamli platformalar iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilarni bog‘lashda inson omilining spekulyativ ta’sirini kamaytirgan bo‘lsa, boshqa tomondan, ushbu noan’anaviy mehnat tarmog‘i qo‘shimcha daromad topish va moslashuvchan ish rejimi sabab ishchilarni o‘ziga jalb qilmoqda.

Asosiy xususiyatlari

Gig iqtisodiyot ishtirokchilari raqamli platformalar yordamida bitimlarni masofadan turib tuzish orqali o‘z iqtisodiy faoliyatini yuritadi. Gig iqtisodiyot quyidagi 3 ta ishtirokchidan iborat:

Platforma kompaniyalar – xaridorlar va sotuvchilarni yoki qisqa muddatli topshiriqlarni bajarishda ish izlovchilar va ish beruvchilarni o‘zaro bog‘laydigan raqamli platformalar. Masalan, O‘zbekistonda Head hunter, Olx, Yandex Go, Yandex Delivery, Uzum Tezkor, Express24 xorijda Uber, Lyft, Upwork, Toptal, TaskRabbit kabi kompaniyalarni bunga misol qilib keltirish mumkin.

Bu platformalar bir qancha umumiy xususiyatlarga ega:

  • Iste’molchi va ishlab chiqaruvchi o‘rtasidagi operatsiyalarni soddalashtiradi;
  • Foydalanuvchilar uchun moslashuvchan rejimni taqdim etadi;
  • To‘lovlarni masofadan amalga oshirish imkonini beradi;
  • Foydalanuvchilar uchun shaxsiy hisob (account) taqdim etadi.

Gig ishchilar

Gig ishchilar – gig platformalarida mehnat faoliyati yuritish orqali daromad oladigan shaxslar. Gig ishchilarni ikki guruhga ajratish mumkin:

  1. Xizmat ko‘rsatuvchilar (Labor providers) asosan qiyin bo‘lmagan vazifalarni bajarishadi, bunda ulardan yuqori malaka talab etilmaydi va shu sabab nisbatan past daromadga (ish haqi) ega bo‘ladi.
  2. Haydovchilar, yetkazib beruvchilar, maishiy xizmatchilarni bunga misol sifatida keltirish mumkin.

Tovar taqdim etuvchilar (Goods providers) aksariyat hollarda o‘zlarining doimiy ishiga ega va gig platformalariga qo‘shimcha daromad manbai sifatida qaraydi. Ular yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgani bois yuqori daromadga ham ega bo‘ladi. Rassomlar, hunarmandlar, dizaynerlarni bunga misol tariqasida keltirish mumkin.

Shuningdek, gig ishchilar asosan frilanserlar, vaqtinchalik xodimlar, mustaqil ishchilar va mutaxassislar, konsultantlar, ikki va undan oshiq ish joyiga ega xodimlar (moonlighters) kabi turli soha vakillarini o‘z ichiga oladi.

Iste’molchilar – Platformadan buyurtma berish orqali o‘zining ma’lum bir turdagi xizmat yoki tovarga bo‘lgan ehtiyojini qondiruvchi shaxslar.

Ishchilar nega aynan gigni tanlamoqda?

So‘nggi yillarda gig iqtisodiyot mehnat bozorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi va ko‘plab insonlar uchun daromad olish imkoniyatlarini o‘zgartirishga erishdi. Bunda, gig iqtisodiyot modelining an’anaviy bandlikdan texnologik, innovativ jihatlari va qulay mehnat ekotizimi bilan farq qilishini ta’kidlab o‘tish joiz.

Ishchilarda an’anaviy bandlik va gig platformalarda ishlash tanlovi bo‘lganida, aynan gig platformalar orqali faoliyat yuritish sabablari turli omillarga borib taqaladi. Jahon banki o‘tkazgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, gig platformalar orqali faoliyat yuritayotganlarning salmoqli ulushi (23,3%) ish tartibining moslashuvchanligi sababli ham gig platformalar orqali ishlaydi. Shuningdek, qo‘shimcha daromad, doimiy daromadning kamligi (14,3%) va mehnat faoliyatidagi erkinlik kabi omillar ham muhim hisoblanadi.

Jahon bankining 2023-yilda o‘tkazgan tadqiqoti natijalariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab gig ishchilarning soni 154 million nafardan 435 million nafargacha bo‘lishi mumkin (global mehnat resurslarining 4,4%idan 12,5%igacha). Shuningdek, tadqiqotda gig ishchilar dunyo bo‘ylab 545 ta gig platformalarda o‘z faoliyatini yuritayotgani keltirib o‘tilgan.

Gig iqtisodiyotning biznes faollikka ta’siri

Ma’lumki, mavhumlik (uncertainty) va tavakkalchilik (risk taking) tadbirkorlik faoliyatining ajralmas unsuri hisoblanadi. Gig iqtisodiyot ushbu omillarga turli yo‘llar bilan ta’sir qilishi mumkin. Birinchidan, gig iqtisodiyot tadbirkorlik tajribasini o‘zida aks ettirib, shaxslarga tadbirkorlikni o‘rganish va iqtisodiyot sohalarida tajriba to‘plash imkonini beradi. Ikkinchidan, innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishda tajriba qilish xarajatlari muhim ahamiyatga ega. Shu sabab, gig iqtisodiyot bu jarayonlarni tezroq va kamroq xarajat bilan amalga oshirishda yordam berishi mumkin.

Gig ishchilari va yangi korxonalar

Gig iqtisodiyotning tadbirkorlikka shu jumladan, tadbirkorlikni tashkil etish va biznes ko‘nikmalarni shakllantirishiga oid bir qancha tadqiqotlar olib borilgan. Xususan, M.Denes, S.Lagaras, M.Tsoutsouralar tomonidan olib borilgan tadqiqotda 2012-2021 yillarda AQShda 25-65 yosh oralig‘idagi gig iqtisodiyotdan daromad olganlar va daromad olmaganlarning yangi korxona ochish ehtimoli o‘rganilgan. Unga ko‘ra, gig iqtisodiyotdan oldin daromad olgan insonlarning yangi korxona ochish ehtimoli gig iqtisodiyotdan daromad olmaganlarnikiga qaraganda 1 foiz yuqori.

Shuningdek, tahlillar gig ishchilarning 3,5 %i yangi firma tashkil etgani va aholi orasida bu ko‘rsatkich 0,7 % ekanligini ko‘rsatmoqda. Yana bir jihat, aksariyat gig ishchilar tomonidan aynan gig platformalar orqali tajriba orttirilgan yo‘nalishlarda (asosan transport, shaxsiy xizmatlar ko‘rsatish va savdo sohasida) yangi korxonalar tashkil etilgan.

Ayollarga qulaylik

Jahon banki tomonidan e’lon qilingan “Working without borders” tahliliy sharhida “gig formatiga tegishli mehnat bozorida ayollar ishtirok etishining asosiy sabablari qo‘shimcha daromad olish imkoniyati va onlayn ish taklifining moslashuvchanligi” deya ta’kidlangan. O‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, global miqyosda, gig platformalarda faoliyat yuritayotgan ayollar ulushi (42,0%) umumiy mehnat bozorida ishtirok etayotgan ayollar ulushiga (2023-yilda 40,1%) nisbatan yuqori.

Gig platformalar zamonaviy texnologiya va ilovalar yordamida insonlarni ish bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, o‘zining samaradorligi va mijozlarga qulayliklar yaratishi bilan ham ajralib turadi. Masalan, AQShda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, an’anaviy taksi haydovchilariga qaraganda Uber haydovchilarida vaqt birligi uchun to‘langan haq miqdori 30 foizga, masofa birligi uchun to‘langan haq miqdori esa 50 foizgacha yuqori. Yana bir tadqiqotga ko‘ra, 2014-yilda San-Fransisko shahrida o‘tkazilga so‘rov natijalari an’anaviy taksi haydovchilarining 39 foizi mijozlarni ish kunlarida, 25 foizi dam olish kunlarida 10 daqiqagacha kutishsa, Uber haydovchilarida bu ko‘rsatkich mos ravishda 93 foiz va 88 foizni tashkil etadi.

Internet bilan ta’minlanganlik darajasi va urbanizatsiya

Gig iqtisodiyotga oid jarayonlarni tahlil qilishda internet bilan ta’minlanganlik darajasi va urbanizatsiya omili muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, gig platformalar asosan mobil ilovalar orqali ishchilarni mijozlar bilan bog‘laydi. Ikkinchidan, urbanizatsiya darajasi yuqori hududlarda aholi zichligi va jamiyat a’zolarining qishloq hududlarga qaraganda yuqori faolligi evaziga gig platformalarning rivojlanish bosqichlari tezroq kechadi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, mobil internetdan foydalanish darajasi o‘sishi bilan gig iqtisodiyotga kirish va o‘zini o‘zi band qilish mumkin bo‘lgan biznes turlari ham ko‘payadi. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida gig platformalar birinchilardan bo‘lib hududlarning ma’muriy markazlari va aholi gavjum shaharlarga kirib borayotgani kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda gig iqtisodiyot tendensiyalari

O‘zbekistonda gig iqtisodiyot hali rivojlanish bosqichida bo‘lsada, butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan bu model mamlakatimizda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda internet va mobil texnologiyalarining keng tarqalishi gig iqtisodiyotning rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratdi. Gig platformalar ayniqsa, yoshlar, ayollar va yuqori malakaga ega bo‘lmagan ishchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Mamlakatda bugungi kunda yo‘lovchi tashish va yetkazib berishda Yandex, Uzum, Uklon, Express24, MyTaxi kabi, IT va frilansing sohasida Upwork, TopTal va Freelancer kabi, ish izlashga mo‘ljallangan HeadHunter va Olx kabi platformalardan foydalanilmoqda.

Gig iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan ishchilar sonini aniqlash mushkul

Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonda gig iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan ishchilar sonini aniqlash mushkul. Bunga asosiy sabab sifatida ma’lumotlar bazasining yetarli emasligi, platformalarda gig ishchilarga oid ma’lumotlarning ochiq emasligi, shuningdek, ayrim fuqarolar doimiy ish faoliyatidan tashqari ham gig platformalarda ishchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganini keltirish mumkin.

Yuqoridagi sabablarni inobatga olib, gig ishchilarga mazmun va funksional vazifa jihatidan yaqin tushuncha sifatida “oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar”ni keltirish mumkin.

Ma’lumot uchun, 2024-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar 3 550 ming nafardan ortiqni tashkil qiladi. Shundan 1 464,1 ming nafari maishiy xizmat ko‘rsatishda, 917,6 ming nafari qishloq xo‘jaligida, 409,8 ming nafari ijtimoiy yo‘nalishda, 336,6 ming nafari sanoat yo‘nalishida, 331,9 ming nafari xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish sohasida hamda 92,3 ming nafari axborot kommunikatsiya yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, joriy davrda yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni 530 ming nafardan oshdi.

Muammolar ham yo‘q emas

Keskin sur’atdagi rivojlanish tendensiyalariga qaramay, global miqyosda gig iqtisodiyot tarmoqlarida ayrim muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, Jahon banki tahlillarida gig iqtisodiyotining korxonalar va ishchilar uchun kamchiliklari keltirilgan. Korxonalar gig platformalar orqali ishchi yollaganda korxonaga mos ko‘nikmalarga ega ishchilarni topish va xodimlar bilan ishlashda qiyinchiliklarga duch keladi.

Ishsiz qolish ehtimolining yuqoriligi, ishdagi xavfsizlik, professional rivojlanish imkoniyatining yo‘qligi kabi xatarlar ishchilar uchun asosiy muammolardir. Ma’lumot uchun: O‘zini o‘zi band qilganlar ko‘plab mamlakatlarda soliq subyekti hisoblanadi. Masalan, AQShda o‘zini o‘zi band qilgani uchun soliq stavkasi 15,3 foizni tashkil etadi (12,4% ijtimoiy himoya to‘lovi, 2,9% tibbiy sug‘urta). Mehnat faoliyati nuqtayi nazardan, gig ishchilar, o‘zini o‘zi band qilganlar va raqamli platformalar orqali bandlik orasidagi ma’lum farqlar mavjud.

Qanday choralar ko‘rish kerak?

Tadqiqot natijalari va tadqiqot doirasida o‘rganilgan xorijiy tajribaga asoslanib quyidagi choralar taklif etiladi:

1. Gig iqtisodiyotning jadal o‘sishi va global miqyosda noan’anaviy bandlik shaklining keng ommalashganini inobatga olib, mehnat faoliyatining nostandart shakllarini tasniflash (gig ishchilar, o‘zini o‘zi band qilganlar, mustaqil ishchilar va hokazo) va sohaga oid statistik ma’lumotlar bazasini takomillashtirish. Bunda, gig platformalarning ishtirokchilariga oid (foydalanuvchilar soni, aylanma mablag‘lari, xizmat ko‘rsatish turi, soliq tushumi kabi) kengaytirilgan ma’lumotlarni shakllantirish;

2. Gig ishchilarning huquqiy himoyasi va mehnat faoliyatida xavfsizlik standartlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

3. Mehnat bozorini shartlarini o‘zgartirayotgan gig iqtisodiyotning sezilarli ta’sirini inobatga olgan holda gig ishchilar ehtiyojiga moslashtirilgan tadbirkorlik va kasb-hunar ta’limiga oid o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;

4. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni potensial tadbirkorlik subyekti sifatida qabul qilish va bu borada ularning tashabbuslarini amalga oshirishda “hukumat-biznes” oraliq institutlarining ishtirokini ta’minlash, “aholi – o‘zini o‘zi band qilganlar – kichik tadbirkorlik” zanjiri uzluksizligini ta’minlash orqali mamlakatda tadbirkorlikning barqaror rivojlanishiga shart-sharoit yaratish.

 

Теги :
Jamiyat