$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Tramp yana bojlarni oshirmoqchi: Bu safar Kanada va AQSh ittifoqchilari nishonga olindi

boj

Donald Tramp ma’muriyati yana savdo masalasida keskin qadam tashlashga tayyorlanmoqda. Bu faqat Xitoyga emas, balki AQShning eng yaqin hamkorlari, jumladan Kanada ham ta’sir qilishi mumkin. Vashington o‘nlab davlatlarni majburiy mehnat asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qarshi yetarli kurashmayotganlikda ayblab, ularga yangi bojlar joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu tashabbus AQSh Oliy sudi fevral oyida bekor qilgan global bojlarning o‘rnini bosishi mumkin. Biroq bu qaror atrofida bahslar allaqachon boshlanib ketgan. Ayrim ekspertlar va inson huquqlari tashkilotlari AQShning bu harakatini iqtisodiy va siyosiy maqsadlar bilan bog‘lamoqda.

Xo‘sh, Tramp boshlayotgan yangi boj urushi nimaga olib keladi?

Kanada ham yangi bojlar ro‘yxatiga tushdi

AQSh Savdo vakili Jeymison Grir Kanada va yana o‘nlab davlatlarga nisbatan yangi bojlar joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, AQShning muhim savdo hamkorlari majburiy mehnat mahsulotlarining ta’minot zanjirlariga kirib kelishining oldini olish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmayapti.

Grir bu bayonotni Kanada va AQSh savdo vaziri Dominik LeBlank bilan Vashingtondagi uchrashuvdan so‘ng e’lon qildi. Taklifga ko‘ra, Kanada eksportining CUSMA, ya’ni Kanada–AQSh–Meksika erkin savdo bitimi talablariga mos kelmaydigan qismiga 10 foizlik boj qo‘llanadi. Shu sabab Kanada eksportining qariyb 90 foizi ushbu bojdan ozod bo‘lib qoladi.

Biroq hujjatlardagi ma’lumotlarga qaraganda, bu boj hozir amalda bo‘lgan va 24-iyulda muddati tugashi kerak bo‘lgan 10 foizlik boj ustiga qo‘shilishi ham mumkin. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, agar biror mamlakatning savdo amaliyoti Amerika manfaatlariga zarar yetkazayotgani aniqlansa, prezident unga nisbatan boj joriy qilishi mumkin.

AQSh barcha davlatlarni aybdor deb topdi

Mart oyida AQSh Savdo vakilligi 59 davlat va Yevropa Ittifoqiga nisbatan maxsus tekshiruv boshlagan edi. Tekshiruvning maqsadi ushbu mamlakatlar majburiy mehnat mahsulotlari importiga qarshi qanchalik samarali kurashayotganini aniqlash bo‘lgan.

Tekshiruv yakunida AQSh barcha 60 ta subyekt talab darajasiga javob bermaydi degan xulosaga keldi. Natijada Kanada bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Argentina, Salvador, Bangladesh va Pokiston kabi davlatlar ham 10 foizlik boj xavfi ostida qoldi.

Yaponiya, Singapur, Hindiston, Janubiy Koreya va Vetnam kabi yana 44 davlat esa 12,5 foizlik bojga duch kelishi mumkin. Ammo bu bojlar darhol kuchga kirmaydi. AQSh qonunlariga ko‘ra, avval jamoatchilik fikri o‘rganiladi, keyin esa iyul oyida maxsus eshituvlar o‘tkaziladi.

Ekspertlar AQShning dalillariga shubha qilmoqda

AQShning xulosalari ko‘pchilikni ishontirgani yo‘q. Bryusseldagi Yevropa xalqaro siyosiy iqtisod markazi direktori Devid Henig barcha davlatlarning birdek aybdor deb topilishini mantiqsiz deb atadi.

Uning fikricha, AQSh keltirayotgan dalillar bunday keng ko‘lamli bojlarni oqlash uchun yetarli emas. Henig bu qarorni hatto “bema’ni” deb baholadi va AQSh majburiy mehnat masalasidan aslida avvaldan rejalashtirilgan bojlarni joriy qilish uchun foydalanayotganini aytdi. Ko‘plab kuzatuvchilar ham Oliy sud tomonidan bekor qilingan global bojlarning boshqa shaklda qayta tiklanayotganini ta’kidlamoqda.

Kanada nimada ayblanmoqda?

AQSh Savdo vakilligi tayyorlagan 92 betlik hisobotda Kanada majburiy mehnat asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni mamlakatga kiritmaslik bo‘yicha qonunlarni yetarlicha ijro qilmayotgani aytilgan.

Hisobotda Kanada 2020-yildan buyon bunday mahsulotlarni taqiqlagan bo‘lsa-da, nazorat sustligi qayd etilgan. AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, 2020–2026-yillar davomida Kanada bojxona xizmati atigi 50 ta yukni majburiy mehnat alomatlari bo‘yicha tekshirgan va ulardan faqat 2 tasining mamlakatga kirishini taqiqlagan.

AQSh esa faqat 2024-yilning o‘zida Shinjon hududidagi uyg‘urlar mehnati bilan bog‘liq qonun asosida 6 300 dan ortiq yuk partiyasini mamlakatga kiritmagan. Hisobotda Kanadadagi Above Ground inson huquqlari tashkilotining 2021-yilda e’lon qilingan tadqiqoti ham keltirilgan. Unda Kanada kompaniyalari dengiz mahsulotlari, qahva, kakao va paxta kabi mahsulotlarni import qilish orqali majburiy mehnatdan foyda olayotgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Inson huquqlari tashkiloti ham Tramp rejasiga qarshi chiqdi

Qizig‘i, aynan hisobotda keltirilgan Above Ground tashkiloti AQShdan Kanadaga nisbatan boj joriy qilmaslikni so‘ragan. Tashkilot rahbari Karen Hamiltonning aytishicha, Tramp ma’muriyatining bu qarori majburiy mehnat muammosini hal qilish uchun emas, balki Oliy sud bekor qilgan bojlarni boshqa yo‘l bilan qaytarish uchun qabul qilinayotgandek ko‘rinmoqda.

Hamilton Kanada hukumati bu sohada yetarli ish qilmayotganini tan olsa-da, AQSh ularning tadqiqotidan bojlarni asoslash uchun foydalanayotganidan norozi ekanini bildirdi. Uning fikricha, bu holat majburiy mehnatga qarshi haqiqiy kurash va ishchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarga zarar yetkazishi mumkin.

Bu mojaro yangi emas

AQShning Kanadaga nisbatan e’tirozlari aslida Trampning qaytishi bilan boshlangani yo‘q. 2018-yilda CUSMA savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar vaqtida ham AQSh Kanada va Meksiyadan majburiy mehnat mahsulotlarini taqiqlovchi qonunlar qabul qilishni talab qilgan edi.

2022-yilda Kanadadagi liberal partiya deputatlaridan biri AQSh bir kun kelib bu masalada Ottavaga qarshi choralar ko‘rishi mumkinligini aytgan. 2024-yilda esa AQSh senatorlaridan biri Kanadadagi nazorat sustligi majburiy mehnat mahsulotlari uchun AQShga kiradigan “orqa eshik” bo‘lib qolayotganidan xavotir bildirgan edi. Endi esa bu bahslar amaliy bosqichga o‘tmoqda. Agar Tramp ma’muriyatining rejasi amalga oshsa, Kanada va yana 60 ga yaqin davlat yangi bojlar bilan yuzlashishi mumkin.

Теги :
Jamiyat