$
 12015.96
-26.53
 14051.46
-96.06
 160.30
-0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

G‘azodagi urush bolalar ovozini tortib olmoqda: Ular yana gapira oladimi?

gaza

G‘azoda urush nafaqat binolarni, balki bolalarning ruhiyatini ham vayron qilmoqda. So‘nggi paytlarda u yerda bolalar orasida gapirish qobiliyatini yo‘qotish holatlari ko‘payib boryapti. Bunga misol qilib besh yoshli Jad Zohud uyi yonida kuchli portlash bo‘lganidan so‘ng gapirmay qo‘yganini keltirish. Eng yomoni u bunday holatga tushgan yagona bola emas.

Xo‘sh, urush sabab ovozidan ayrilganlar yana tiklana oladimi?

Jismoniy jarohatmi yoki ruhiy zarba?

Aniqlanishicha, ba’zi bolalar boshidan jarohat olgani yoki portlash to‘lqini ta’siri tufayli gapira olmay qolgan. Lekin yana ko‘plab bolalarda hech qanday jismoniy shikast yo‘q. Ular shunchaki ko‘rgan dahshatli voqealar, doimiy qo‘rquv va zo‘ravonlik sabab ichiga yopilib qolgan.

Bunday holatda bola gapirishni xohlasa-da, gapira olmaydi. Go‘yo ichidan nimadir to‘xtatib qo‘ygandek bo‘ladi. G‘azoda ishlagan psixoterapevt Katrin Brubakk bu holatni “sukunatdagi azob” deb ataydi. Uning aytishicha, bu muammo ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi, chunki odamlar ko‘proq ko‘zga ko‘rinadigan jarohatlarga e’tibor beradi.

Bu qanday namoyon bo‘ladi?

Shifokorlarning aytishicha, bolalar orasida gapira olmay qolish holatlari tobora ko‘paymoqda. Ba’zi bolalar umuman ovoz chiqara olmaydi. Bunga selektiv mutizm yoki kuchli stress tufayli ovoz yo‘qolishi sabab bo‘ladi.

Masalan, to‘rt yoshli Lusin Tambura uyiga zarba berilganda uchinchi qavatdan yiqilgan. Bu uning tanasiga ham, nutqiga ham ta’sir qilgan. Oyog‘i biroz tuzalgan bo‘lsa-da, u hali ham gapirishga qiynalmoqda. Shifokorlar agar bunday bolalarga doimiy yordam berilmasa, bu ularning kelajakdagi rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazishini aytmoqda.

Bolalar nega bunday bo‘lib qolmoqda?

Mutaxassislarning aytishicha, bu bolalarning tanlovi emas, balki organizmning o‘zini himoya qilish usulidir. Bola o‘zini katta xavf ichida his qilganda, tana “muzlash” holatiga o‘tadi va hamma jarayonlar sekinlashadi.

Travma tufayli miya “omon qolish rejimi”ga o‘tadi. Xavfni sezadigan qismi doim faol bo‘ladi, lekin o‘rganish va his-tuyg‘ularni boshqarish tizimlari to‘liq ishlamaydi. Shu sabab bola gapira olmay qoladi. Katrin Brubakkning aytishicha, u 12 yil davomida ishlagan bo‘lsa ham, G‘azodagi kabi og‘ir holatni hech qayerda ko‘rmagan. Bu yerda xavfsiz joyning o‘zi yo‘q, tibbiy yordam tizimi ham izdan chiqqan.

Ular yana gapira oladimi?

Bunday holatdan chiqish juda sekin kechadi. Masalan, besh yoshli Adam otasining o‘limini ko‘rgach, uzoq vaqt faqat onasiga shivirlab gapirgan, boshqalar bilan umuman gaplashmagan.

Vaqt o‘tib, u asta-sekin tiklana boshlagan. Avval ko‘z bilan aloqa qilgan, keyin qiziqish paydo bo‘lgan va asta-sekin gapira boshlagan. Shifokorlar bolalarga yordam berish uchun turli usullardan foydalanadi. Masalan, sovun pufakchalari bilan o‘ynash orqali bola qo‘rquvdan chalg‘iydi va asab tizimi tinchlanadi. Shu orqali u o‘zini xavfsiz his qila boshlaydi.

Теги :
Jamiyat