$
 12084.95
-51.97
 14182.90
-8.8
 159.31
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda gaz qazib olish amalda emas qog‘ozda o‘sdimi?

Gaz qazib olish

O‘zbekiston energetika sohasida uzoq yillardan beri kuzatilmagan holat — gaz qazib olish hajmining oshgani haqida rasmiy hisobotlar e’lon qilindi. Ammo bu o‘sish haqiqatan ham real ishlab chiqarish natijasimi yoki qayta yozilgan statistikalar samarasimi?

Bir qarashda, 2025-yil ijobiy burilish bo‘lgandek: gaz qazib olish oshdi, pasayish to‘xtagandek ko‘rinadi. Biroq raqamlar chuqurroq tahlil qilinganda, manzara ancha murakkablashadi — qayta ko‘rib chiqilgan ma’lumotlar, izohsiz tuzatishlar va rasmiy idoralarning sukuti fonida bu “o‘sish”ning asl bahosi savol ostida qolmoqda.

2,4 foizlik o‘sish

O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish hajmi bir necha yillik pasayishdan so‘ng ilk bor o‘sish qayd etdi. Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2025-yilda 42,3 milliard kub metr tabiiy gaz ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 2,4 foizga yoki 1 milliard kub metrga ko‘p.

Yil yakunidagi eng yuqori oy ko‘rsatkichlaridan biri 2025-yil dekabriga to‘g‘ri kelib, mazkur oyda 3,4 milliard kub metr gaz qazib olindi.

Uzoq muddatli manzara: 2019-yildan beri keskin pasayish

Shu bilan birga, joriy o‘sish umumiy fonni tubdan o‘zgartirayotgani yo‘q. 2019-yilda 59,4 milliard kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, 2025-yilga kelib ishlab chiqarish hajmi 17,1 milliard kub metrga yoki 28,8 foizga qisqargan.

2024-yil raqamlarining qayta ko‘rib chiqilishi savollarni ko‘paytirdi

Gaz statistikasi atrofidagi muhokamalar asosan 2024-yil ma’lumotlarining qayta ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq. Milliy statistika qo‘mitasi mazkur yil uchun gaz qazib olish hajmini 3,3 milliard kub metrga kamaytirdi, biroq bu tuzatishlarning sabablari rasman izohlanmadi.

Avvalroq, 2024-yil yanvar–dekabr oylarida 44,6 milliard kub metr gaz qazib olingani e’lon qilingan edi. Yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra esa, ishlab chiqarish 46,7 milliarddan 41,3 milliard kub metrgacha tushib, pasayish darajasi 4,5 foiz emas, balki 11,5 foiz (5,4 milliard kub metr) bo‘lib chiqdi.

Agar eski ko‘rsatkichlar saqlanib qolganida, 2025-yil natijalari 5 foizdan ko‘proq yoki 2,3 milliard kub metrga pasayish sifatida baholangan bo‘lardi. Demak, 2025-yildagi “o‘sish” bevosita 2024-yil statistikasi qayta yozilgani bilan bog‘liq.

Mustaqil iqtisodchi taxmini: “Yo‘qolgan” gaz qayerdan chiqdi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov 2024-yil statistikalaridan olib tashlangan 3,3 milliard kub metr gaz avval sun’iy ravishda hisobga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin degan taxminlarni ilgari surdi. Uning fikricha, bu import hajmini kamaytirib ko‘rsatish yoki eksportni oshirib ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lishi ehtimoli bor. Farq esa hisobotlarda ichki qazib olish sifatida aks ettirilgan.

Mazkur masala yuzasidan Energetika vazirligi, shuningdek, 2025-yil dekabrida neft-gaz sohasi bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy izoh bermadi.

Rasmiy rejalarga ko‘ra pasayish hali tugamaydi

2025-yil dekabr oyida energetika vaziri O‘zbekiston 2026-yilda Qoraqalpog‘istondagi yangi konlar hisobiga gaz qazib olishdagi pasayishni to‘xtatishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

Biroq “O‘zbekiston – 2030” yangilangan strategiyasi loyihasi boshqa manzarani ko‘rsatadi. Unda tabiiy gaz qazib olish 2029-yilgacha pasayib borishi, 2030-yilda esa 38,7 milliard kub metr darajasida bo‘lishi rejalashtirilgan.

Bu ko‘rsatkich 2023-yil sentabrida tasdiqlangan avvalgi strategiyadagi 62 milliard kub metr maqsad bilan solishtirilganda, ishlab chiqarish rejalari qariyb uchdan biriga qisqartirilganini anglatadi.

Yaqin yillar prognozi: faqat bitta o‘sish yili

Amaldagi prognozlarga ko‘ra:

  • 2026-yil — 37,9 mlrd kub metr,
  • 2027-yil — 35,6 mlrd kub metr (–6%),
  • 2028-yil — 33,4 mlrd kub metr (–6,1%).

Faqat 2029-yilda gaz qazib olish hajmi 23,3 foizga oshib, 41,2 milliard kub metrga yetishi kutilmoqda. Biroq bu o‘sish uzoq davom etmaydi: keyingi yilning o‘zida ishlab chiqarish yana 6 foizdan ko‘proqqa kamayishi prognoz qilinmoqda.

Теги :
Iqtisodiyot