$
 12010.43
14.29
 14088.23
37.15
 151.25
2.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Is gazi bilan zaharlanmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

is gazi

25-oktyabr. Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida to‘yi kunidan 4 kun o‘tgan 21 yoshli yigit hamda 19 yoshli kelinchak is gazi sabab vafot etdi.

24-noyabr. Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida 43 yoshli erkak, uning 40 yoshli turmush o‘rtog‘i va 16 va 2 yoshdagi qizlari is gazidan zaharlanib olamdan o‘tdi.

13-dekabr. Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida ikki nabirasi bilan ijarada yashayotgan fuqaro is gazidan vafot etdi.

Afsuski, yurtimizda sovuq kunlar kirib kelishi bilan mana shunday sovuq xabarlar ham koʻpaya boshlaydi. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilda 63 ta holatda is gazidan zaharlanish qayd etilib, 116 kishi vafot etgan. 2025-yilning 9 oyidagi 29 ta holatda 141 kishi halok bo‘lgan.

Is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida eng zarur maʼlumotlarni eʼtiboringizga havola etamiz. 

Is gazi oʻzi nima?

Uglerod oksidi, ya’ni is gazi - rangsiz, hidsiz zaharli birikma hisoblanadi. U tabiiy gaz, benzin, dizel, mazut, ko‘mir, o‘tin va boshqa uglerodi bor bo‘lgan yonilg‘ilarning chala yonishi natijasida hosil bo‘ladi.

Is gazi havoga nisbatan yengilroq bo‘lib, havo tarkibida 0,1-0,4 foizga yetganda oʻlimga olib kelishi yoki havo bilan portlovchi aralashma hosil qilishi mumkin.

Zaharlanish sabablari

Tahlillarga ko‘ra, hududlarda is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

— gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;

— nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;

— isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish va o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazmaslik;

— gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;

— havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;

— havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish shular jumlasidan.

Is gazidan zaharlanmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

— uyda pechlarni ishlatishdan oldin texnik sozligi, moʻrilar yopilmaganini tekshirish;

— xona va binolarni tez-tez shamollatish;

— zavodlarda ishlab chiqarilgan, sertifikatga ega isitish vositalaridan foydalanish;

— pechlardan foydalanishni yosh bolalarga topshirmaslik va ularni yolgʻiz qoldirmaslik;

— pechlar ustida kiyimlarni quritmaslik;

— metall moʻrilar holatini doimo nazorat qilish;

— qoʻlbola gaz va elektr isitish moslamalardan foydalanmaslik;

— imkon darajasida is gazidan ogohlantiruvchi maxsus moslama o‘rnatish kerak.

Is gazi qanday qilib odamni oʻldiradi?

Is gazi nafas yoʻllari orqali oʻpkaga tushib, oʻpkada qonga soʻriladi va qon tarkibidagi gemoglobin bilan birikadi. Natijada qon tarkibidagi gemoglobin kislorodni tashish imkoniyatidan mahrum boʻladi. Gemoglobin kislorod oʻrniga doim uglerod oksidni tashib yuradi.

Is gazidan zaharlanish qisqa muddatda yoki sekinlik bilan yuzaga chiqishi mumkin. Bu havo tarkibidagi gaz konsentratsiyasiga bogʻliq, agar u kam miqdorda bo‘lsa:\

— insonda mushaklar boʻshashishi, titrashi, (oyoqlarning madorsizlanishi);

— uyqu tortishi;

— bosh aylanishi va ogʻriq (ikki chekkada ogʻriq), koʻkrak qafasidagi ogʻriqlar;

— quloqlarda shovqin, eshitish qobiliyatining yoʻqolishi;

— koʻz oldining qorongʻilashishi, koʻz oldida oʻynoqi nuqtalarning paydo boʻlishi, koʻz yoshlanishi;

— koʻp terlash, nafas olishning ogʻirlashishi, yoʻtal;

— tomir urishining tezlashishi, qon bosimining ortishi;

— koʻngil aynishi, qusish;

— koʻzga har narsa koʻrinishi va har xil tovushlar eshitilishi ham kuzatilishi mumkin.

Yuqori konsentratsiyada zaharlanish tezda yuzaga chiqadi va hushdan ketish, tutqanoqlar, nafas toʻxtashi bilan namoyon boʻladi. Eng yomoni, nafas markazining falajlanishi oqibatida oʻlim holati yuz berishi mumkin. Baʼzida zaharlanishdan 2−3 hafta oʻtib ham bemorlarning vafot etish holatlari qayd etilgan.

Is gazi hidini sezganda nima qilish kerak?

Gaz tarqalgan joyda quyidagilarga amal qilish lozim:

— elektr vositalarni ulamaslik, bordi-yu ulangan boʻlsa uzmaslik, bu portlashga olib kelishi mumkin;

— barcha gaz jo‘mraklarini yopish va oʻchirish;

— eshik va derazalarni ochib shamollatish;

— is gazidan zaharlanganlar bo‘lsa, tezkor yordam berish.

Ish yoki uyda is gazidan saqlanish uchun tez-tez toza havoga chiqib turish, oyna va eshiklarni ochib, xonalarni shamollatish kerak.

Birinchi yordam

Is gazidan zaharlanganda birinchi yordam ko‘rsatish zaharlangan odamning hayotini saqlab qolishda nihoyatda muhim. Avvalo, gaz tarqalgan joydan jabrlanuvchini tezlik bilan toza havoga olib chiqish kerak. Jabrlanuvchi hushidan ketgan bo‘lsa, nashatir spirtini hidlatish, sun’iy nafas berish, tanani ishqalash, issiq choy va kofe ichirish va, albatta, tez tibbiy yordamni chaqirish kerak.

Kimga murojaat qilish kerak?

Gaz bilan bog‘liq yong‘in va zaharlanishlar sodir bo‘lganda qo‘ng‘iroq qilish mumkin bo‘lgan raqamlar:

101 — yong‘in xavfsizligi xizmati;

104 — gaz avariya dispetcherlik xizmati;

103 — tez tibbiy yordam xizmati;

1050 — qutqaruv xizmati.

Теги :
Jamiyat