$
 12073.29
21.58
 14158.35
149.44
 155.16
0.47
weather
+26
Кечаси   +14°

30 yoshlilarning boshqaruvdagi o‘rni qanday? Toshkentda kelajakni belgilayotgan avlodga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi

forum

Toshkentdagi IT Park Uzbekistan Kongress-markazida «30 yoshlilar davri» mavzusidagi 5-xalqaro boshqaruv forumi bo‘lib o‘tdi. 

2026 yil O‘zbekistonda mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili sifatida e’lon qilingan bir paytda, aynan 30 yosh atrofidagi mutaxassislar iqtisodiyot, tadbirkorlik va raqamli transformatsiya jarayonlarida hal qiluvchi rol o‘ynayotgani ta’kidlandi. Bugun ular startaplar ochmoqda, jamoalarni boshqarmoqda, davlat va xususiy sektorda strategik qarorlar qabul qilmoqda.

Uchrashuv davomida raqamli ko‘nikmalar, sun’iy intellekt va IT-xizmatlar eksporti mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirayotgan asosiy omillar sifatida tilga olindi. Ayniqsa, mahallalar darajasida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalasi ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi. Bu yo‘nalish nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish, balki aholi daromadini oshirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash vositasi sifatida baholandi.

Biznesni rivojlantirish banki boshqaruv raisi o‘rinbosari Oybek Vohidov o‘z chiqishida kichik biznesning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bank mamlakat bo‘ylab minglab tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, moliyaviy resurslar bilan birga tadbirkorlik savodxonligini ham oshirishga intilmoqda. Asosiy maqsad esa — jahon darajasidagi bilim va tajribani har bir hududga yetkazish.

Yosh mutaxassislarning ish beruvchilarga qo‘yayotgan yangi talablari ham alohida muhokama qilindi. ESG tamoyillari, gender tengligi, atrof-muhitga va jamiyatga mas’uliyatli munosabat endilikda qo‘shimcha shart emas, balki ish joyini tanlashda hal qiluvchi omilga aylanayotgani ta’kidlandi.

Moskva Davlat universiteti professori Tahir Bazarov o‘z chiqishida zamon o‘zgarganini ochiq aytdi: «Bugun aynan 30 yoshlilar jamoalarni boshqarmoqda, bizneslarni yo‘lga qo‘ymoqda, strategik qarorlar qabul qilmoqda va mamlakat kelajagini shakllantirmoqda». Uning ta’kidlashicha, bu avloddan faqat natija emas, balki ijtimoiy mas’uliyat ham kutilayapti.

Forum yakunida «Ishda baxt», «Eng yaxshi HR-direktor» va «Yosh mutaxassislar uchun eng yaxshi ish beruvchi» xalqaro tanlovlari yakunlari e’lon qilindi. Ularda besh davlatdan yuzdan ortiq kompaniya ishtirok etgani forumning xalqaro ko‘lamini yana bir bor namoyon etdi.