$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Ixtiyoriy tashabbusmi yoki majburiy mehnat?

Hashar elga yarashar

Bugun-erta yurtimizda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. An’anaga muvofiq, har galgi hashar fonida majburiy mehnat masalasi yuzaga qalqiydi. Masalan, bazi tashkilot xodimlarining majburlab hasharga chaqirilgani, buyruqni bajarmaslik holatida intizomiy chora qo‘llanishi bilan tahdid qilingani haqida eshitib qolamiz. Xo‘sh, hashar majburiy mehnatmi? Hashar sabab xodimlardan 1 kunlik ish haqining olib qolinishi qanchalik to‘g‘ri?

Senat raisi nima deydi?

Senat raisi Tanzila Norboyevaning fikricha, hashar majburiy mehnatga kirmaydi. 2019-yil 30-dekabrdagi Senatda o‘tgan Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining majlisida: “Masalan, hashar, fuqarolarning yashash hududini tozalash ishlari majburiy mehnatga kirmaydi. Kimdir chiqmasligi mumkin, uni hech kim bunga zo‘rlamaydi”, — degan edi Tanzila Norboyeva.

Mutasaddilardan munosabat

“Faqatgina O‘zbekiston Respublikasi qarori bilan O‘zbekistonda ikki marotaba hashar o‘tkaziladi. Bu – Navro‘z va Mustaqillik bayramlari arafasidadir. Hasharlarga majburlanmaydi. Insonning o‘z xohishiga qarshi unga maoshdan qirqib qolish, lavozimini pasaytirish bilan tahqirlab hasharga jalb qilish mumkin emas. Shuningdek, hashar bo‘yicha qonunchilikda me’yorlar ishlab chiqilsa, biz uni legallashtirib qo‘ygan bo‘lamiz. Shuning uchun faqat yuqorida aytilgan ikki hasharni tan olamiz”, – deydi Bandlik vazirligining sobiq mas’uli Sherzod Kudbiyev.

Hashar munosabati bilan ish haqidan ushlab qolish odati

Hasharning “ixtiyoriy-majburiy”ligi bir masala. Ammo bu o‘zbekona odatning yana bir muammoli tarafi bor. “Odatda, hashar munosabati bilan xodimlarning bir kunlik ish haqi ushlab qolinib, “Mahalla” xayriya jamoat fondiga o‘tkazib beriladi. Ya’ni hech kim xodimlardan so‘rab ham o‘tirmaydi, shunchaki hisobchilar yoppasiga 1 kunlik ish haqini o‘tkazadi, tamom. Xodimning o‘zi bunga rozi bo‘lmasa-chi? U holda, hashar munosabati bilan ish haqidan ushlab qolinishi mumkin emas”, – deb yozadi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Mehnat kodeksiga murojaat

Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra xodimning yozma roziligi bo‘lmay turib uning ish haqidan ushlab qolinishi mumkin emas. Shuningdek, mazkur moddada ish haqidan xodimning roziligisiz ham ushlab qolinishi mumkin bo‘lgan holatlar sanab o‘tilgan bo‘lib, ular orasida hashar nazarda tutilmagan. Bundan kelib chiqadiki, hashar munosabati bilan ish haqidan ushlab qolinishi mutlaqo ixtiyoriy, majburiy emas.

Xodimning yozma roziligi

Rozilik deganda har bir xodimning yozma roziligi nazarda tutiladi. Ko‘p holatlarda shunchaki tashkilot xodimlari jamoasi nomidan bitta protokol qilinib, xuddiki o‘sha majlisda hamma xodim qatnashgan-u, hasharga 1 kunlik ish haqini berishga rozi bo‘lgani haqida yozib qo‘yiladi. Lekin xodimlar buni bilmaydi ham. Aslida bu ham noto‘g‘ri, bunaqa usul bilan xodimlarning ish haqidan ushlab qolish noqonuniy. Har bir xodim o‘zi shaxsan hashar uchun 1 kunlik ish haqini ushlab qolishga rozi ekanligi haqida imzo chekishi shart.

Haq olinur, berilmas

Shunday ekan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegram blogida xodimlarni ogohlantiradi: “Imkoningiz bo‘lsa, hasharda albatta qatnashing, atrofimizni obodonlashtirish, tozalash ishlarida faol bo‘ling. Kam ta’minlangan, nogironligi bor shaxslarga, ehtiyojmand oilalarga yordam qo‘lini cho‘zing, ulardan hol-ahvol so‘rang. Jamoatchilik ishlarida tomoshabin bo‘lib chetda turmang. Ammo 1 kunlik ish haqingizni Mahalla xayriya fondiga o‘tkazish yoki o‘tkazmaslikni o‘zingiz hal qiling. Bu sizning mutlaq ixtiyoringiz. Chunki siz u pulni halol ishlab topgansiz, o‘zgalar sizdan so‘ramasdan uni ishlatishiga haqqi yo‘q. Shuni bilib qo‘ysangiz, yomon bo‘lmasdi. Haq olinur, berilmas!”

Теги :
Jamiyat