$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

JCH-2026 saralash bosqichi: O‘zbekiston “yomon o‘yin”i bilan Osiyodagi eng yaxshilar qatorida (tahlil)

Terma jamoa

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi Mundial safari sari yo‘lga chiqqan. Bu safargi yo‘l biroz oson ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, dastlabki ikki tur xulosasiga ko‘ra, bunday bo‘lmasligi ko‘rinib turibdi. Terma jamoamiz Jahon Chempionatining navbatdagi saralash bosqichidagi dastlabki ikki o‘yinini o‘tkazdi. Quyida ikki o‘yin va umumiy holatimizdan kelib chiqib, mushohada yuritamiz.

Yangi format — yangi umidlar

Bilasiz, navbatdagi JCHda 32 ta emas, 48 ta jamoa ishtirok etadi. Saralash bosqichi formati ham o‘zgarishlarga uchragan. Amaldagi uchinchi bosqichda Osiyo terma jamoalari 6 ta jamoadan iborat bo‘lgan uch guruhga bo‘lingan holda keyingi bosqich uchun kurashishmoqda. O‘yinlar ikki davrali tizimda o‘tkaziladi. Har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan milliy jamoalar (jami 6 ta) JCH-2026 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. E’tiborlisi, bu bosqichdan keyin ham terma jamoalarda Mundialga chiqish uchun imkoniyat saqlanib qoladi. To‘rtinchi bosqichda qolgan 2 ta yo‘llanma va qit’alararo pley-offdagi 1 ta yo‘llanma o‘ynaladi. Unda uchinchi bosqich guruhlarida uchinchi va to‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoalar (jami 6 ta) 3 ta ishtirokchidan iborat 2 ta guruhga ajratiladi. Guruh g‘oliblari JCH-2026 yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Ikkinchi o‘rinni egallagan milliy jamoalar esa qit’alararo pley-off yo‘llanmasi uchun kurashadi. Aynan mana shu faktor, shu imkoniyat sabab guruhlarda dastlabki o‘yinlardanoq o‘ziga xos intriga yuzaga kelmoqda.

Masalan, C guruhida ikki o‘yindan so‘ng Avstraliya terma jamoasi bor yo‘g‘i 1 ochko jamg‘ara oldi. To‘g‘ri, bu yerda avlodlar almashinuvi va boshqa faktorlar ham bo‘lishi mumkin, ammo yuqoridagi imkoniyat, format yaratgan yo‘llanma Bahrayn va Indoneziya kabi jamoalarga umid baxsh etgan bo‘lishi ehtimoli ham yuqori. Yana bir misol, Janubiy Koreya ham dastlabki turda Falastin bilan durrangga imzo chekdi. Saudiya Arabistoni ham Indoneziya bilan durrang natija qayd etdi. Umumiy qilib olganda, dastlabki ikki o‘yindan faqatgina Yaponiya, Eron hamda O‘zbekiston jon saqlay olgani ham vaziyatni yaxshi ifodalamoqda. Yaponiya-ku avvaldan ma’lum edi, lekin O‘zbekiston va Eron qanday qilib ushbu ochkolarni qo‘lga kiritganiga barchamiz yaqindan guvoh bo‘ldik. O‘yinlar O‘zbekiston hududida jonli translyatsiya qilindi. Eron ham, O‘zbekiston ham qiyinchiliklar evaziga ushbu ochkolarni qo‘lga kiritishdi. Barcha ikkinchi eshelon jamoalarida umid uyg‘ongan. Bu umid o‘z-o‘zidan jamoaning umumiy kayfiyati, ruhiyatiga juda katta ta’sir o‘tkazyapti.

Natija bor, o‘yin-chi?

O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinlari yakunlangach muxlislar fikrlar o‘xshashligiga ko‘ra odatdagidek ikkiga bo‘lindi. Tanqidchilar va maqtovchilar. Tanqidchilar ham o‘z ichida ikkiga bo‘lindi — natija uchun rozlar va o‘yindan umuman qanoat hosil qilmaganlar. To‘g‘ri, rostdan ham natija muhim, u tarixda qoladi. Biroq ikki o‘yinimizga nazar soladigan bo‘lsak, guruhdan kelib chiqib nisbatan xotirjamroq g‘alaba qayd etishimiz kerak bo‘lgan o‘yinlarda oxirgi daqiqalarga qadar yurak hovuchlab o‘tirdik. Ikki o‘yinda ham gollarimiz jamoaviy o‘yin evaziga emas. futbolchilarning individual harakatlari evaziga hosil bo‘ldi. Yetakchi futbolchilarimiz bu darajadagi jamoalarga qarshi o‘yinlarda o‘zlarini ko‘rsatib, yukni o‘z bo‘yniga olishgani bilan asosiy raqiblarga qarshi o‘yinda ham shunday qila olishadi degan qarash mutlaqo xato. Eron va BAA kabi terma jamoalar bu futbolchilarimizga personal ravishda yondashib, bugungi ko‘rsatayotgan o‘yinimizni mutlaqo quritib tashlash ehtimoli yuqori. Bunday vaziyatda nima qila olamiz? Bizning yana qanday arsenallarimiz mavjud? Murabbiyimizdan nima kuta olamiz? KXDR va Qirg‘iz Respublikasiga qarshi o‘yindan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu savollar ochiq qoladi. Jamoada hech qanday kombinatsiyalar, oldindan rejalangan jamoaviy harakatlar deyarli kuzatilmadi. Qanotlardan ikkinchi qavatga uzatilayotgan tavakkal ustiga qurilgan uzatmalar bilan yuqoridagi asosiy jamoalarga qarshi o‘yinni hal qilishga urinish terma jamoani faqat va faqat ochko yo‘qotishga eltadi.

FIFA reytingi uchun jamg‘arilgan ballar

Terma jamoamiz KXDR va Qirg‘izistonga qarshi JCH-2026 saralash bahslarida ikki g‘alabani qo‘lga kiritgach, FIFA reytingida o‘z hisobiga 15.64 ball qo‘shib qo‘ydi. KXDR bilan o‘yinda 7,63 ball ishlagan bo‘lsak, Qirg‘iziston bilan o‘yin MTJga 8,01 ball keltirdi. Natijada onlayn jadvalda 2 pog‘ona ko‘tarilib, 59-o‘ringa chiqib oldik. Onlayn jadvalga ko‘ra, Osiyo jamoalari orasida hamon 8-o‘rinni egallab turibmiz:

  1. 16 (+2). Yaponiya — 1,639.60 (+10.79)
  2. 19 (+1). Eron — 1,622.92 (+11.76)
  3. 23 (0). Janubiy Koreya — 1,572.61 (-0.26)
  4. 25 (-1). Avstraliya — 1,544.30 (-26.99)
  5. 44 (-10). Qatar — 1,481.67 (-22.39)
  6. 55 (0). Iroq — 1,435.90 (+2.83)
  7. 56 (0). Saudiya Arabistoni — 1,433.16 (+1.86)
  8. 59 (+2). O‘zbekiston — 1,413.05 (+15.64)
  9. 66 (+2). Iordaniya — 1,378.25 (+4.12)
  10. 69 (0). BAA — 1,377.22 (+8.38)

Navbatdagi o‘yinlar

2024-yilga atalgan rejalarning uchdan biri amalga oshdi. Bu avvaldan kutilgan natija edi. Endilikda bizni nisbatan qiyin va jiddiyroq bo‘lgan o‘yinlar kutib turibdi. Yana 4 o‘yinda 12 ochko qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Bu o‘yinlardagi har bir ochko kelasi bosqich uchun juda katta qadam vazifasini o‘tab beradi. Quyida navbatdagi o‘yinlar jadvali bilan tanishishingiz mumkin: 

  • 3-tur. 10-oktyabr. O‘zbekiston - Eron 
  • 4-tur. 15-oktyabr. O‘zbekiston - BAA 
  • 5-tur. 14-noyabr. Qatar - O‘zbekiston
  • 6-tur. 19-noyabr. KXDR - O‘zbekiston