$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Har bir dasturxondagi pinhona tahdid: Sifatsiz mahsulotlar har yili 1,5 million kishining umriga zomin bo‘lmoqda

Ovqatdan zaharlanish

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan oziq-ovqat mahsulotlari tufayli dunyo bo‘ylab har yili qariyb 866 million kishi kasallikka chalinadi va 1,5 millionga yaqin odam hayotdan ko‘z yumadi. Yangi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, inson salomatligiga faqatgina bakteriya va viruslar emas, balki sezdirmasdan taomga qo‘shilib, o‘limga olib keluvchi og‘ir metallar ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Eng katta xavf ostida — bolalar

Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar aholining eng himoyasiz qatlami bo‘lib qolmoqda. Ular sayyoramiz aholisining bor-yo‘g‘i 9 foizini tashkil etsa-da, oziq-ovqatdan zaharlanish bilan bog‘liq barcha xastaliklarning deyarli uchdan biri aynan kichkintoylar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ayniqsa, og‘ir kechganda o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan diareya (ichketish) infeksiyalari g‘oyat xavflidir. Bundan tashqari, mahsulotlar tarkibidagi zaharli moddalar bola miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, umrbod nevrologik va kognitiv (aqliy) nuqsonlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bakteriyalar, viruslar va parazitlar

BSST hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021-yilda qariyb 860 million kasallanish holatiga biologik ifloslantiruvchilar — bakteriyalar, viruslar va parazitlar sabab bo‘lgan.

Ko‘p hollarda mahsulotlarni ishlab chiqarish, saqlash va tashish paytida sanitariya me’yorlarining buzilishi kasallik yuqishiga zamin yaratadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oziq-ovqat xavfsizligi standartlariga rioya qilish, toza ichimlik suvi hamda sifatli tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lsa, bunday holatlarning salmoqli qismini oldini olish mumkin.

Og‘ir metallarning qatliom xavfi

Eng ko‘p o‘lim holatlari aynan kimyoviy ifloslantiruvchilar bilan bog‘liq.

BSST ilk bor oziq-ovqat orqali organizmga og‘ir metallar tushishi oqibatida kelib chiqadigan kasalliklar ko‘lamini baholadi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, anorganik mishyak (asbob) va qo‘rg‘oshin ta’sirida har yili bir milliondan ortiq odam vafot etishi mumkin.

Faqatgina 2021-yilning o‘zida sifatsiz oziq-ovqat tufayli yuz bergan o‘lim holatlarining 73 foiziga kimyoviy moddalar sabab bo‘lgan. Buning asosiy qismi anorganik mishyak (42 foiz) va qo‘rg‘oshin (31 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ushbu moddalar yurak-qon tomir, onkologik (saraton) kasalliklari hamda aqliy rivojlanishdan ortda qolish xavfini keskin oshiradi.

Zarar yuzlab milliard dollarni tashkil etmoqda

Xavfsiz bo‘lmagan oziq-ovqat muammosi nafaqat aholi salomatligiga, balki jahon iqtisodiyotiga ham jiddiy zarba bermoqda.

Tadqiqotga ko‘ra, birgina 2021-yilning o‘zida oziq-ovqatdan zaharlanish oqibatida mehnat unumdorligining yo‘qolishi tufayli qariyb 310 milliard dollar zarar ko‘rilgan. Turli mamlakatlardagi yashash qiymati farqini inobatga olib qayta hisoblanganda esa, bu zarar miqdori naqd 647 milliard dollarga yetadi.

Bu muammo O‘zbekiston uchun nega dolzarb?

O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi 2025-yil sentyabr oyida Toshkent viloyatidagi davlat bog‘chalari tarbiyalanuvchilarining ommaviy zaharlanishi ortidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish sababli jamoatchilik orasida keng aks sado berdi.

Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudi ish yurituviga kelib tushgan. Sud qarshisida 11 kishi — “Shark Milk Product” kompaniyasi rahbarlari, texnologlari va xodimlari, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish bilan shug‘ullangan to‘rtta autsorsing kompaniyasi direktorlari javob beradi.

Tergov jarayonlari Toshkent viloyatining beshta tumani — Pskent, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Quyi Chirchiq va Bekobod tumanlaridagi 123 ta davlat bog‘chasiga taom yetkazib berish tizimini qamrab olgan.

Tergov talqiniga ko‘ra, sut mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash va yetkazib berish jarayonida sanitariya me’yorlari hamda shartnoma shartlari, jumladan, harorat rejimiga rioya qilgan holda tashish talablari buzilgan. Mahsulotlar, xususan, sut mahsulotlari (jumladan, qatiq va boshqa nordon sut mahsulotlari) belgilangan xavfsizlik qoidalariga zid ravishda yetkazib berilgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘rilgan zarar ko‘lami juda katta: shifoxonalarga oziq-ovqatdan zaharlanish belgilari bilan jami 1922 nafar bola murojaat qilgan. Kasallik avj olgan pallada o‘nlab bolalar shifoxonalarga yotqizilgan, qolganlari esa ambulatoriya sharoitida shifokorlar nazoratida bo‘lgan.

Mazkur ish doirasida xavfsizlik talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni ishlab chiqarish va o‘tkazish, shuningdek, sanitariya qonunchiligini buzish moddalari bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. 10 nafar ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish, bir nafariga esa uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ushbu voqea so‘nggi yillarda mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi eng yirik tergovlardan biriga aylandi va davlat ta’minoti tizimidagi mahsulotlar sifatini nazorat qilish masalasiga yana bir bor jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatdi.

Iqlim o‘zgarishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda

BSST iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi, ta’minot zanjirining globallashuvi hamda mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi ortishi oziq-ovqat orqali kasallik yuqish xavfini tobora oshirayotganidan ogohlantirmoqda.

Ekspertlar hukumatlarni oziq-ovqat zanjirining barcha bosqichlarida — qishloq xo‘jaligi va qayta ishlashdan tortib, mahsulotlarni tashish va saqlashgacha bo‘lgan jarayonda nazoratni kuchaytirishga chaqirmoqda.

BSSTning yangi ma’lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, oziq-ovqat xavfsizligi shunchaki yegulik sifati masalasi emas, balki aholi salomatligi, iqtisodiy barqarorlik va kelajak avlodlar xavfsizligini belgilovchi eng muhim omillardan biridir.

 

Теги :
Jamiyat