$
 12128.02
29.9
 14419.00
65.79
 158.52
-0.12
weather
+26
Кечаси   +14°

1-fevraldan milliy qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

fevral

UZ24.uz joriy yilning 1-fevralidan O‘zbekiston qonunchiligida kuchga kiradigan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlarni jamladi.

Sheriklik mexanizmi

Tashabbusli loyiha qiymatining 50 foizini moliyalashtirishda aholi ishtirok etgan taqdirda, qolgan qismi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Bunday loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi.

Yoshlar bilan ishlash jarayonini raqamlashtirish

 “Yoshlarning yagona elektron platformasi” axborot tizimi ishga tushiriladi. U yoshlarning qiziqishlarini aniqlash bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazib, yoshlar uchun amaldagi imtiyozlar, preferensiyalar va imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berib boradi.

Shuningdek, “Yoshlar daftari” doirasida ijtimoiy yordam olish uchun ariza berish va ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha ma’muriy tartib-taomillar Yoshlarning yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

Yagona ijtimoiy reyestr

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va Kambag‘al oilalar reyestri negizida Yagona ijtimoiy reyestr ish boshlaydi. U “Yagona milliy ijtimoiy himoya” ATda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadigan oilalarni (shaxslarni) aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini baholash uchun yuritiladi.

“Davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiruvchi oilalar uchun ijtimoiy yordam paketi joriy etiladi.

Shuningdek, oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarini belgilash va chiqarib tashlash bilan bog‘liq nizolarni tezkor hal etish uchun tuman (shahar) hokimliklari huzurida Apellatsiya kengashi tashkil etiladi.

“Mehribon oila” xizmati

Zo‘ravonlik oqibatida oiladan ajratib olingan, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi.

Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash

Xorijiy fuqarolar tomonidan ilgari sotib olingan tovarlar uchun to‘langan QQS summasini O‘zbekiston hududidan chiqib ketishda qaytarish ularning xohishiga ko‘ra naqd pul shaklida amalga oshirilishi mumkin.

Raqamlashtirish

Jismoniy shaxslarga ID-karta birlamchi rasmiylashtirilayotganda uning chipiga kiritiladigan ERI sertifikatini berish bepul amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Migratsiya va personallashtirish sohasida IIO faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Haydovchilik guvohnomasida “A1” kichik toifasi

“A” va “V” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olishga talabgorlar haydovchilarni tayyorlash majburiy dasturining nazariy qismini mustaqil ravishda o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, “A”, “V”, “S”, “D” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar “A1” kichik toifadagi transport vositalarini boshqarishi mumkin.

2026-yil 1-apreldan boshlab esa foto va video qayd etish tizimlari tomonidan qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari hisoblanadi.

Agar ballar soni 12 balldan oshsa, transport vositasi jarima maydonchasiga yuboriladi.

Zargarlik buyumlarini sotishda chegirmalar

Prezident qarori bilan berilgan chegirmalardan foydalanuvchi tadbirkorlik subyektlari - zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha talablar belgilandi. Unga ko‘ra, qimmatbaho metallarni birja savdolari orqali va to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha sotishda taqdim etiladigan chegirmalarning amal qilish muddati 2029-yil 1-fevralgacha uzaytiriladi.

Kitobga qiziqishni oshirish

“Kitob - ma’rifat manbai” dasturi ishga tushirilib, davlat organlarining kitob va kitobxonlik madaniyati to‘g‘risidagi reklamalari ijtimoiy reklama sifatida e’tirof etiladi. Transport infratuzilmasi obyektlari va transport vositalarida (avtobus, metropoliten, samolyot, poyezd) simsiz yoki mobil internet orqali “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi, qulaylik uchun QR-kodlar o‘rnatiladi. Shuningdek, umumta’lim muassasalarida “Jadidlar izidan” kitobxonlik to‘garaklarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Zarar ko‘rib ishlayotgan mikroavtobuslarning zarari qoplanadi

Zarar ko‘rib ishlayotgan mikroavtobus yo‘nalishlarida ko‘rilgan zararlar YAIDXPdagi davlat xizmatlari orqali qoplanadi. Bunda tashuvchilar tuman markazlarini olis hududlar bilan bog‘lovchi norentabel muntazam mikroavtobus yo‘nalishlarining zararlarini qoplash uchun YAIDXPga arizalar taqdim etadilar. Arizalar UzTrans tomonidan ko‘rib chiqiladi. Xizmat bepul.

Eski avtomobillarga taqiq

1-fevraldan umumiy vazni 44 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari, maxsus transport vositalari, yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar, antiqa avtomototransport vositalari uchun alohida seriyadagi davlat raqami belgilari joriy etiladi. 50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi, bunday transport vositalari davlat reyestridan chiqariladi.

Kam ta’minlangan oilalar yoshlariga imtiyozlar

Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan yoshlar davlat bilan qo‘shimcha moddiy yordam va imtiyozlar olishni nazarda tutuvchi ijtimoiy kontrakt tuzishi mumkin bo‘ladi. Ijtimoiy shartnoma tuzilgan kundan boshlab olti oy davomida majburiyatlarini bajargan fuqarolar rag‘batlantiriladi. Bundan tashqari, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etilib, ushbu maqsadlar uchun subsidiyalar ajratish tartibi bekor qilinmoqda.

Ayni bir shaxs bir yil davomida ijtimoiy yordamning har xil turlaridan ko‘pi bilan 2 marta foydalanishi mumkin.

Huquqiy axborot tarqatishning kompleks usuli

Lex.uz orqali “aqlli targ‘ibot” shaklidagi “proaktiv qonunchillik “tamoyili joriy etilib, tadbirkorlik subyektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq.uz tizimidagi shaxsiy kabinetiga ularning faoliyat turiga oid yangi NHH to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yuborishni nazarda tutadi. Lex.uz Soliq organlari portali va YAIDXP bilan integratsiya qilinadi. Shuningdek NHHlar loyihalarini muhokama qilish portalidagi loyihalar mazmuni haqida jismoniy va yuridik shaxslarga axborot yuborish orqali “huquqiy targ‘ibot loyihadan boshlanadi” tamoyili joriy etiladi.

Bundan tashqari, NKMK va OKMK tomonidan ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallarni birja savdolarida tadbirkorlik subyektlariga sotishda chegirma berish tugatiladi.

Теги :
Jamiyat