$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Everestda to‘y, shortikdagi alpinist va ilk tvit: Dunyoning eng uzun cho‘qqisidagi qiziqarli voqealar

everest

Ba’zida hayotda shunchalik qiyinchiliklarga duch kelamiz-ki, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz uddalab bo‘lmasday tuyuladi, go‘yo. Charchaymiz, hammasi ilojsizday ko‘rinadi, keraksizday tuyuladi va hokazolar. Ammo, insonlarning nimalarga qodirligini, ular Yerdagi eng chuqur botiqqa sho‘ng‘ib, uni hisoblab o‘rganishdan eng baland cho‘qqini zabt etish tugul, kosmosga ham qadam qo‘yganini unutmaslik kerak. Demak, hamma narsaning iloji bor. Yana qolipdagi motivatsion gaplar ekan, demasdan shoshmay turing. Chunki, bugun biz dunyodagi eng baland cho‘qqiga inson qadami yetgan kun tarixiga bir bor nazar tashlaymiz.

24 ta Toshkent teleminorasi balandligi

Bundan roppa-rosa 73 yil ilgari yangi zelandiyalik alpinist Edmund Hillari va nepallik Tenzing Norgey Himolay tog‘ tizmasidagi Everest cho‘qqisini zabt etishdi. Everestning balandligi 8848,86 metrni tashkil qilib, bu deyarli 24 ta Toshkent teleminorasi balandligiga teng. Ular dengiz sathidan shuncha ko‘tarilib, inson imkoniyatlari cheksiz ekanligini isbotlashdi.

Alpinizm sohasida tog‘ning 8000 metrdan baland qismi “O‘lim zonasi” deb ataladi. Bu balandlikda havoning bosimi juda past bo‘lib, kislorod miqdori dengiz sathidagiga qaraganda uch baravar kamroq bo‘ladi. Bunday sharoitda inson tanasi (hatto qo‘shimcha kislorod balloni bilan ham) juda tez quvvatsizlanadi. Miya va o‘pka shishishi (gipoksiya) xavfi keskin ortadi. Alpinistlar har bir qadamni bosish uchun bir necha marta chuqur nafas olishga majbur bo‘lishgan.

Bundan tashqari cho‘qqida havo harorati -30°C dan -60°C gacha soviydi. Shamol tezligi soatiga 200-280 km/soatgacha yetishi mumkin. Cho‘qqi poydevoridagi eng xavfli hudud Xumbu muz sharsharasi hisoblanib, unda ulkan muz bo‘laklari har kuni siljib turadi va muz ko‘chkinlari ham sodir bo‘ladi. Shuncha qiyinchilik va bosimlarga qaramasdan alpinistlar o‘z maqsadlariga yetishish uchun qattiq kurashishgan. Ularga o‘sha hududlarda yashovchi mahalliy sherpalar yordam berishardi. Tenzing ham mana shunday safarda Edmundga hamrohlik qilgan. Cho‘qqiga chiqishgach minnatdorlik va hurmat ramzi sifatida Tenzing qor ostiga shirinlik qo‘yadi, Edmund esa kichik xoch qoldiradi.

Everestning zabt etilish xabarining tarqalish tarixi ham qiziq bo‘lgan. Ekspeditsiya a’zolari pastdagilarga ratsiya orqali ma’lumot uzatgan. Keyin bu xabar Nepal poytaxti Katmanduga yetkazilgan. Britaniyaning The Times gazetasi muxbiri Jeyms Morris tarixiy yangilikni boshqa nashrlar xabar topmasdan oldin birinchi yetkazish maqsadida telegraf orqali Londonga maxsus shifrlangan xabar jo‘natadi. Xabar butun dunyoga 1953-yil 2-iyunda tarqalgan. Bu sana Elizabet II toj kiygan kun bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgani sabab Britaniyada katta tarixiy voqea sifatida qaralgan.

1988-yil 22-mayda Rustam Rajabov Everestni zabt etgan birinchi o‘zbeklar sifatida tarixga kirgan.

Qiziqarli tarix

Everest tarixi nafaqat inson matonati va fojialar, balki aqlga sig‘maydigan g‘alati, hayratlanarli va hatto kulgili voqealarga ham boy. Masalan, 2001-yilda fransiyalik alpinist Marko Siffredi Everest cho‘qqisidan pastga snoubordda tushgan. Undan avval, 1970-yilda yaponiyalik Yuiçiro Miura cho‘qqidan chang‘ida tushishni boshlagan. U soatiga taxminan 150 km tezlikka erishgan va to‘xtash uchun maxsus parashyutdan foydalangan. U muzlikka qulab, jiddiy jarohat olgan bo‘lsa-da, mo‘jiza tufayli omon qolgan.

O‘zining sovuqqa chidamliligi bilan dunyoga mashhur gollandiyalik Vim Hof 2007-yilda cho‘qqiga faqat shortik va oyoq kiyimda chiqishga uringan. Bu 7400 metr balandlikka ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan. Uning oyoq barmoqlarida muzlash xavfi paydo bo‘lgani sababli ortga qaytgan bo‘lsa-da, inson matonati va sabri bilan nimalarga qodirligini isbotlay olgan.

2005-yilda nepallik er-xotin – Moni Mule Pati va Pem Dorji Sherpa Everest cho‘qqisida turmush qurishga qaror qilishgan. Oilalari xavotir olmasligi uchun cho‘qqiga chiqquncha bu rejalarini mutlaqo sir saqlashgan. Ular 8848 metr balandlikda, kislorod niqoblarini bir necha daqiqaga yechib, an’anaviy nikoh marosimini o‘tkazishgan va dunyodagi eng “baland” to‘y egasi sifatida tarixga kirishgan.

Texnologiya asri Everestni ham chetlab o‘tmadi. 2011-yilda britaniyalik alpinist Kenton Kul cho‘qqiga chiqqach, o‘z smartfoni orqali tarixdagi ilk Twitter (X) xabarini qoldirgan: “Everestni 9-marta zabt etdim! Dunyo cho‘qqisidan turib yozilgan ilk tvit. Zaif 3G signali tufayli vaqt ketdi...”

2004-yilda britaniyalik uchuvchi va alpinist Bear Grillis (GRILLS) va uning jamoasi maxsus paramotor (parashyutga o‘rnatilgan motor) yordamida Everest cho‘qqisidan ham balandroq – 9000 metr balandlikka ko‘tarilib, cho‘qqi ustidan uchib o‘tishgan. Ekstremal sovuq va kuchli shamol sharoitida bu juda xavfli edi, chunki bu motorning istalgan soniyada o‘chib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.

Теги :
Jamiyat