$
 11914.67
3.74
 13735.23
-49.29
 148.27
0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Prostata, qon bosimi, gastrit: : Qirchillama yosh kasalliklari qaysilar?

erkaklar

40 yosh — qarishning boshlanishi emas, balki tanaga biroz ko‘proq e’tibor berish lozim bo‘lgan davr. Shu yoshdan keyin tanada bir qator tabiiy o‘zgarishlar boshlanib, metabolizm sekinlashadi va ayrim kasalliklar xavfi ortadi. Ko‘pchilik erkaklar bunga e’tibor bermaydi, ammo tana asta-sekin o‘z qoidalarini qo‘yishni boshlaydi. Xo‘sh, bu muammolarni oldini olish uchun nima qilish kerak?

Tez charchash 

40 yoshdan keyin erkaklar charchoqni tez sezadi. Bunga qonda gormonlar miqdori pasaya boshlashi va mushaklar tiklanishi sekinlashishi sabab bo‘ladi. Bunday holatda ertalab uyg‘onish oson bo‘lmaydi va ishdagi zo‘riqish tez seziladi. Muammoning oldini olish uchun kuniga 20–30 daqiqa piyoda yurish hamda 7-8 soat uxlash tavsiya qilinadi.

Erkaklarning “klassik 40+ belgisi”

Bu yoshda, ayniqsa ofisda ishlaydigan erkaklarda metabolizm sekinlashuvi natijasida qorin qo‘yish holatlari ko‘p uchraydi. Bu davrda testosteronning pasayishi sabab tanadagi yog‘lar ko‘proq qorin atrofida to‘planadi. Shuningdek, ortiqcha vazn sabab 2-toifa diabet xavfi ortadi. Tez charchash, ortiqcha chanqoq va tez uyquchanlik holatlari kuzatiladi. Ular shakarni kamaytirishi, og‘lom ovqatlanishi, qand darajasini nazorat qilishi, haftasiga 2–3 marta yengil mashqlar qilishi hamda kechqurun og‘ir ovqat yemasligi kerak.

Uyqu sifati pasayadi

40 yoshdan keyin erkaklar orasida eng keng tarqalgan muammo — uyqu sifatining pasayishi. Ular uzoq vaqt uxlolmaydi, tunda tez-tez uyg‘onib, ertalab boshlari og‘riydi. Buning asosiy sababi —stress, ishdagi bosim va asabiylikdir. Uyqu sifatini yaxshilash uchun telefon bilan yotmaslik, issiq choy ichib uxlash, kechki payt faol mashg‘ulotlardan qochish va meditatsiya, yoga kabi mashqlar bilan shug‘ullanish lozim. 

Yurak va qon tomir muammolari 

40 yoshdan keyin qon bosimining o‘zgarishi ko‘p uchraydi. Bu esa yurak va qon tomirlariga yuk beradi, tromblar hosil bo‘lishi xavfini oshiradi. Qon bosimining oshgani esa bosh og‘rig‘i, quloq shang‘illashi hamda yurak tez urishi orqali seziladi. Bu holatlarni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak, chunki qon bosimining muntazam o‘zgarishi yurak va qon tomirlarga yuk beradi. Haftada bir marta qon bosimini o‘lchab turish, kamroq tuz iste’mol qilish, chekish va alkogolni kamaytirish, haftasiga kamida 150 daqiqa yurish yoki yengil sport bilan shug‘ullanish eng yaxshi yechim hisoblanadi.

Stress va asabiylik

40 yoshdan keyin erkaklar tez jahli chiqadigan, mayda narsalarga ham asabiylashadigan bo‘lib qoladi. Bu holatda mas’uliyatni teng bo‘lish, haftada bir marta dam olishga vaqt ajratish hamda sport bilan shug‘ullanish kerak.

Ko‘rish qobiliyatining sustlashishi 

40 yoshdan keyin ko‘pchilik erkaklarda presbiopiya boshlanadi. Ya’ni yaqindagi narsalarni ko‘rish qiyinlashadi. Bunda eng oddiy yo‘l — ko‘z shifokori ko‘rigidan o‘tish va ko‘zga mos linza yoki ko‘zoynak olish tavsiya qilinadi.

Libido pasayishi

Ushbu mavzu ko‘pchilikka noqulay bo‘lsa-da, lekin bu tabiiy jarayon. Testosteron miqdori yildan-yilga pasayadi. Erkaklarda jinsiy istak kamayadi, energiya susayib, kayfiyat o‘zgaruvchan bo‘ladi.

Bunda eng yaxshi yechim — sog‘lom ovqatlanish va sport bilan shug‘ullanish, stressni kamaytirish hamda zarur bo‘lsa, urolog yoki endokrinolog bilan maslahatlashgan ma’qul.

Prostata muammolari

Prostata bezining kattalashishi yoki prostatit yuzaga kelishi ham mumkin. Siydik tez-tez chiqishi, tungi uyg‘onishlar, siydik oqimining sustlashishi kuzatiladi. Bu paytda urolog nazorati hamda zarur bo‘lsa, dori-darmon yoki davolanish lozim.

Mushak va suyak muammolari

40 yoshli erkaklarda mushak massasi kamayib, suyaklar zaiflashadi va osteoporoz xavfi ortadi. Bunda jarohatlar bo‘g‘im og‘riqlari kuzatiladi. Osteropozni oldini olish uchun mashqlar qilish, yetarlicha kalsiy va vitamin D iste’mol qilish kerak.

Теги :
Jamiyat