$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

2024-yil oxiriga kelib O‘zbekistonda QTEMning elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 18 foizga yetadi — vazir

qtem

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 14-may kuni Toshkentda ochilgan Energetika haftaligida (UEW 2024) qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish rejalari haqida gapirdi.

25 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalari

“Bizda shu yil oxirigacha erishishimiz kerak bo‘lgan ulkan maqsad bor — qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini [jami elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmida] 18 foizga yetkazish. Qayta tiklanadigan energiya manbalari haqida gapirganda, biz faqat quyosh va shamol energiyasini hisobga olyapmiz, bu 2030-yilgacha 25 GVt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalarining ishlashi hisobiga bizning energiya balansimizning 40 foizini tashkil qiladi”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish hajmi 18 foizga yetdi

Vazir 2023-yilda yangi quvvatlarning ishga tushirilishi munosabati bilan 12-may kuni O‘zbekistonda quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish hajmi 18 foizga yetganini aytdi.

“Albatta, talab kam edi, lekin biz bu ko‘rsatkichga erishdik. Demak, yil oxirigacha bu 18 foizga haqiqatan ham erishish mumkin, chunki yil oxiriga qadar biz 2000 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari va 600 MVt shamol elektr stansiyalaridan foydalanishni boshlaymiz. Bundan tashqari, yil oxirigacha 300 MVt quvvatga ega energiya saqlash tizimlarini ishga tushiramiz”, — dedi u.

Elektr energiyasini taqsimlash tarmogʻiga xususiy investorlar jalb qilinadi

Islohotlarning navbatdagi bosqichi elektr energiyasini taqsimlash tarmog‘iga xususiy investorlarni jalb etish, shuningdek, energiya samaradorligini ikki baravar oshirishdan iborat bo‘ladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston Yevropa, jumladan, Vengriya va Ruminiyaga yashil energiya eksport qilishni rejalashtirmoqda.

“Biz islohotlarimizning keyingi bosqichiga, jumladan, energetika sohasida ham o‘tmoqdamiz va bu islohotlar murakkab. Lekin, prezidentimiz ta’kidlaganidek, islohotlarni yakkalikda amalga oshirib bo‘lmaydi. Islohotlarni faqat do‘stlarimiz, qo‘shnilarimiz, hamkorlarimiz, investorlarimiz bilangina amalga oshirishimiz mumkin. Shu bois islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlayotgan, bugun ishtirok etib, energetika sohasiga sarmoya kiritishni qo‘llab-quvvatlayotgan barcha insonlarni ta’kidlab o‘tmoqchiman”, — dedi u.

"Yashil energiya" ishlab chiqarish hajmi 13 milliard kVt/soat

2024-yilda O‘zbekistonda “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmini 13 milliard kVt/soatga, uning mamlakat umumiy energetika balansidagi ulushini esa 15 foizga yetkazish rejalashtirilgan. (https://www.gazeta.uz/uz/2024/02/29/alternative-energy/)Prezident Shavkat Mirziyoyev fevral oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda energetika vaziri va viloyatlar hokimlarining muqobil energetika sohasidagi rejalaridan norozi bo‘lib, ikki-uch oy ichida 14 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, shuningdek, ikkita nasosli saqlash stansiyasi loyihalarini boshlashga topshiriq bergandi.