$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Endilikda elektr energiyasi sifati ta’minlanadi va tarmoqlarda uzilishlarning oldi olinadi

elektr

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Taqsimlash elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida endilikda elektr energiyasi sifati ta’minlanadi va uzilishlarning oldi olinadi.

Barcha foydalanuvchilarga teng sharoitlar yaratiladi

Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror bilan tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, taqsimlash elektr tarmoqlaridan oqilona va shaffof foydalanish orqali barcha ishtirokchilarga teng shart-sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, taqsimlash tizimini xavfsiz va ishonchli ekspluatatsiya qilish hamda uni rivojlantirish, yakuniy iste’molchilar elektr ta’minotining ishonchliligi va barqarorligini ta’minlash kabi qator masalalar ushbu hujjatda ifoda etilgan. 

Shuningdek, energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur qaror ijrosi uzilishlarning oldini olish hamda elektr energiyasi sifatini ta’minlash, iste’molchilarning talabiga javob beradigan elektr energiyasini yetkazib berishdagi munosabatlarni tartibga soladi. 

Tizimda aqlli tarmoqlar ham faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan

Qarorda belgilanishicha, tarmoqqa ulanishga nisbatan qo‘llaniladigan qoidalar, tizimni tartiblashtirish bo‘yicha zarur shartlar va tartib-taomillarni, kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini taqsimlash tizimiga integratsiya qilish bilan bog‘liq munosabatlarni hamda favqulodda vaziyatlarda tizim ishonchliligini ta’minlash mezonlari belgilangan. 

Tizimda aqlli tarmoqlar va zamonaviy infratuzilmani yaratish uchun yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish yuzasidan umumiy talablarni o‘rnatish ham ko‘rsatilgan. 

Ushbu qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan Xalqaro moliya institutlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. 

Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.