$
 11889.95
-44.66
 13717.44
-70.61
 143.93
-0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Axborot ummonidagi “Burnout”: Nega zehniyatimizda charchoq kuchaymoqda?

burnout

“Har kuni shunchalik ko‘p axborot olamizki, natijada sog‘lom fikrlash qobiliyatimizni yo‘qotamiz.” – Gertruda Steyn, amerikalik yozuvchi va shoira

Rim faylasufi Seneka bundan ikki ming yil muqaddam o‘z zamondoshlarining behuda xatti-harakatlaridan shunday shikoyat qilgan edi – “Kitoblarning ko‘pligi chalg‘ituvchi omildir”. U insonlarni son-sanoqsiz kitoblarni to‘plash ortidan quvmasdan, kamroq, ammo mazmunliroq manbalarni chuqur mutolaa qilishga chorlagan. XV asrda Iogann Gutenberg bosmaxonani kashf etganda ham, ziyolilar qatlami axborot toshqinining insoniyat zehnini o‘tmaslashtirishidan xavotirga tushgan edi. Biroq Seneka ham, Gutenberg zamondoshlari ham XXI asr insoni har kuni duch keladigan ulkan va betinim raqamli axborot ummonini tasavvur ham qila olmasdilar. Bugun siz shunchaki axborot o‘qimayapsiz – balki uning oqimida cho‘kyapsiz.

Siz ham so‘nggi paytlarda sababsiz charchoq, diqqatni jamlay olmaslik, qisqa muddatli xotiraning susayishi yoki telefonga kelayotgan bildirishnomalardan to‘satdan paydo bo‘ladigan jahldorlikni his qilyapsizmi? Har kuni ertalab ko‘zingizni ochishingiz bilan ijtimoiy tarmoqlardagi tasmalarni o‘tkazish, yuzlab xabarlarga javob qaytarish va cheksiz yangiliklar oqimini hazm qilishga urinish ruhiyatingizni yemirayotganini sezmayapsizmi? Demak, siz ham raqamli asrning eng ommaviy xastaligi – “Axborotdan charchash sindromi” (Information Fatigue Syndrome – IFS) hamda “raqamli kuyish” (Digital Burnout) domiga tushibsiz.

Raqamli dunyoning mahsuli IFS nima?

“Axborotdan charchash sindromi” (“Information Fatigue Syndrome”) tushunchasi ilk bor britaniyalik mashhur psixolog Devid Lyuis tomonidan muomalaga kiritilgan. U 1996-yilda chop etilgan o‘zining shov-shuvli “Dying for Information?” (“Axborot uchun o‘lim?”) nomli tadqiqotida jiddiy ogohlantirgan edi: “Axborotning yetishmasligi qanchalik xavfli bo‘lsa, uning haddan tashqari ko‘pligi ham shunchalik halokatlidir. Bu inson miyasida tahlil qilish jarayonining falajlanishiga (analysis paralysis) olib keladi va to‘g‘ri qarorlar qabul qilish qobiliyatini nolga tushiradi”.

Lyuisning Reuters agentligi bilan AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur va Avstraliyadagi 1300 nafar turli darajadagi menejerlar o‘rtasida o‘tkazgan tadqiqotida quyidagilar namoyon bo‘ldi:

·       66% respondentlar axborot dozasining oshib ketishi natijasida yuzaga kelgan stress shaxsiy munosabatlariga va hamkasblari bilan muloqotga jiddiy zarar yetkazganini, ishdan bo‘lgan qoniqishni so‘ndirganini tan olgan.

·       40%dan ortiq mutaxassislar axborot oqimida bo‘g‘ilib, eng muhim biznes-qarorlarni qabul qilishda kechikayotganini va tanlov qilish imkoniyatidan mahrum bo‘layotganini bildirgan.

·       33% qatnashchilar doimiy raqamli bosim sababli surunkali kasalliklarga va psixosomatik buzilishlarga yo‘liqqan.

Kulrang adabiyot raqamli “burnout”ning yashirin sababchisi

Axborotdan charchashning bosh sababchisi faqatgina rasmiy yangiliklar yoki ilmiy maqolalar emas, balki “Kulrang adabiyot”lar hamdir.

Kulrang adabiyot (Grey Literature, GL) – bu an’anaviy tijorat yoki akademik nashriyotlar tomonidan nazorat qilinmaydigan, lekin raqamli hududni to‘ldirib turgan ulkan ma’lumotlar to‘plamidir. Xalqaro GreyNet tarmog‘i ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda kulrang adabiyotning 150 dan ortiq turi mavjud. Bularga blog postlar, ijtimoiy tarmoq xabarlari, elektron pochtadagi yozishmalar, rasmlar, short-videolar, e’lonlar, taqdimotlar, press-relizlar, loyiha qoralamalari va turli veb-sahifalar kiradi. Yevropaning eng yirik ochiq ilmiy bazalaridan biri boʻlgan OpenAIREda esa 100 milliondan ortiq ochiq foydalaniladigan resurslar (maqola preprintlari, loyiha hisobotlari, dissertatsiyalar) mavjud.

Kulrang adabiyot inson zehni uchun xavflimi?

Mutaxassislar kulrang adabiyotning turli zararlarini sanab o‘tishgan. Masalan ular akademik tekshiruvdan o‘tmaydi va sifati kafolatlanmagan bo‘ladi. Bundan tashqari ular muayyan kontekstga bog‘langan va soniya sayin o‘zgarib turadi. Axborotning yaratilish tezligi inson idrok etish imkoniyatlaridan trillionlab marotaba oshib ketadi. Miya har kuni minglab mayda, mazmunsiz va chalkash “kulrang” ma’lumotlarni qayta ishlashga majbur bo‘ladi va natijada miya neyronlari quvvatsizlanib boshlaydi.

Biz qancha zettabayt yaratyapmiz?

Vaziyatning naqadar jiddiy ekanini anglash uchun so‘nggi global raqamlarga e’tibor qarataylik – dunyo aholisining 67 foizdan ortig‘i (5,31 milliard kishi) mobil telefonga, 60 foizi (4,95 milliard kishi) esa doimiy internet tarmog‘iga ulangan, foydalanuvchilarning 92,1 foizi internetga smartfonlar orqali kiradi. Bu axborot shovqini har birimizning cho‘ntagimizda, yostig‘imiz ostida va hatto ovqatlanish stolimizda mavjudligidan darak beradi. Har bir internet foydalanuvchisi kuniga deyarli o‘rtacha 7 soatini onlayn rejimda o‘tkazadi.

Statistikalarga ko‘ra, foydalanuvchi bir oyda o‘rtacha YouTubeda 24 soat, TikTokda 20 soat, Facebookda 20 soat, WhatsAppda 19 soat vaqt yo‘qotadi. Umumiy hisobda oyiga 80-90 soat vaqt ketadi. Bu bir oyda to‘liq 2 haftalik ish vaqtini shunchaki ekran qarshisida “layk” va “svayp”larga sarflashimizni anglatadi.

Dunyodagi jami ma’lumotlar hajmi 181 zettabayt (ZB) dan oshib ketdi. Bir zettabayt bir trillion gigabaytga teng. Tasavvur qiling, agar har bir bit ma’lumotni 3 millimetrli tanga deb olsak, 1 ZB tangalar ustuni bizga eng yaqin yulduz tizimi bo‘lmish Alfa Sentavriga 600 marta borib-kelish imkonini beradi. Bu HD formatdagi videoni 36 ming yil davomida to‘xtovsiz tomosha qilish bilan barobar.

Axborotdan charchash alomatlari

Agar insonda loqaydlik, emotsional sovuqlik, doimiy befarqlik hissi, kitob yoki maqolani oxirigacha o‘qiy olmaslik, diqqatning tez bo‘linishi, qisqa muddatli xotiraning yomonlashuvi (masalan, xonaga kirib, nima uchun kirganini unutish), sababsiz bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ko‘z toliqishi, arzimas narsalarga asabiylashishi, telefonni har 5 daqiqada tekshirish (FOMO) kabi belgilardan kamida uchtasi kuzatilsa, bu “digital burnout” alomatlari hisoblanadi

Raqamli sindromdan qanday qutulish mumkin?

Raqamli xaos va miya quvvatining tugashidan qanday saqlanish mumkin? Mutaxassislar bir qancha amaliy qoidalarga rioya qilishni tavsiya etadi. Masalan, “axborot parhezi”ni joriy etish, buning uchun har kuni ertalab dastlabki 1 soat va kechki uxlashdan oldingi 1 soat davomida smartfonni to‘liq o‘chirish, kunni yangiliklar bilan emas, sokinlik bilan boshlash kerak. Bundan tashqari, faqat shov-shuvli (clickbait) sarlavhalar va keraksiz muhokamalardan voz kechib, manbalarni qat’iy saralash tavsiya etiladi.

Push-Bildirishnomalarni o‘chirib, xabarlarni kunning belgilangan maxsus vaqtlarida tekshirish, har bir yangilikka zudlik bilan javob qaytarmaslik ham maqsadga muvofiq bo‘ladi. Haftada kamida bir kun “Raqamli detoks“ joriy etish foydali. Telefonsiz sayr qilish, ko‘proq jonli muloqotda bo‘lish, qog‘oz kitob o‘qish shular jumlasidandir.

Теги :
Jamiyat