$
 12778.00
-9.03
 14012.35
-36.76
 131.58
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

So‘nggi 7 yilda to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi 2 barobar oshdi

adras

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2016-2023-yillarda to‘qimachilik sohasida tovarlar eksportining diversifikatsiyalashuv darajasi hamda eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushining o‘zgarishi baholandi.

 3 guruhga bo‘lingan bozor raqobati darajasi

 To‘qimachilik sanoati eksportining tovarlar va davlatlar bo‘yicha diversifikatsiyalashuvini aniqlashda Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI) dan foydalanildi. HHI ko‘rsatkichlariga ko‘ra, bozordagi raqobat darajasi quyidagi 3 guruhga bo‘linadi:

- yuqori (0 -1500);

- o‘rtacha (1500 - 2500);

- past (2500 - 10000).

Xerfindal-Xirshman indeksi (HHI) nima?

Ma’lumot uchun: HHI bozor konsentratsiyasining o‘lchovi bo‘lib, raqobat darajasini aniqlashda keng qo‘llaniladi. Indeksning eng kichik qiymati 0 ga yaqin bo‘lib, bozordagi raqobat darajasi yuqori ekanligini bildiradi, 10 000 ga teng maksimal qiymat bozorda eksport bo‘yicha 1 ta mahsulot yoki davlat to‘liq monopoliyaga ega ekanligini anglatadi.

 Eksport dinamikasi

2016-2023-yillar oralig‘ida to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmi 2 barobar oshdi va 2023-yilda 3,2 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. To‘qimachilik mahsulotlari eksportining umumiy eksportdagi ulushi esa 2016-yildagi 13,1 foizdan 2021-yilda 18,9 foizga yetdi. 2022-2023-yillarda sohaning eksport hajmi 2021-yildagiga nisbatan mos ravishda 4,2 foiz (2022) va 0,6 foiz (2023) o‘sgan bo‘lishiga qaramasdan, umumiy eksportdagi ulushi pasayib, 17 foiz (2022) va 13 foiz (2023) ni tashkil etdi.

 Mahsulotlar kesimidagi diversifikatsiya

 Bu yo‘nalishda diversifikatsiya darajasi yildan yilga yaxshilanib bormoqda. HHI ko‘rsatkichi 2016-yilda 2668 ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib, bu ko‘rsatkich sezilarli darajada yaxshilandi va 1648 ga teng bo‘ldi. O‘rganilgan 8 yil mobaynida mamlakat to‘qimachilik sohasi eksportining diversifikatsiyalashuvi past bo‘lgan eksport bozoridan diversifikatsiyalashuvi o‘rtacha bo‘lgan bozorga aylandi.

 Xomashyo eksportidan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportiga o‘tish

Paxta tolasi eskorti hajmi 2016-yildagi 637 mln. AQSh dollaridan 2023-yilda 70 ming AQSh dollargacha pasaydi. Paxtadan yigirilgan iplarning to‘qimachilik sanoati eksportidagi ulushi esa 2021-yildagi 51,1 foizdan 2023-yilda 37,9 foizgacha qisqardi. Ushbu o‘zgarishlar to‘qimachilik sanoatining tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bosqichiga tez sur’atlarda o‘tayotganini ko‘rsatadi. Xususan, 2016-2023-yillarda mashina yoki qo‘lda to‘qilgan trikotaj matolari (4,1 foizdan 9,7 foizga), kiyim-kechak predmetlari, mashina yoki qo‘lda to‘qilgan trikotaj (12,9 foizdan 27,2 foizga) va kiyim predmetlari (mashinada yoki qo‘lda to‘qilgan trikotajdan tashqari) (0,8 foizdan 4 foizga) kabi tayyor mahsulotlarning eksportdagi ulushi oshdi.

 Mamlakatlar kesimida diversifikatsiya

 HHI ko‘rsatkichi 2016-yildagi 1606 dan 2023-yilda 2435 ga ortdi. Bu mamlakatlar kesimida diversifikatsiya darajasi pasayib borayotganini ko‘rsatadi. Bunga to‘qimachilik mahsulotlari eksportida Rossiyaning ulushi 2016-yildagi 29 foizdan 2023-yilda 45 foizga ortgani sabab bo‘ldi. Mamlakatlar kesimida indeks qiymati yomonlashganiga qaramay, to‘qimachilik sohasi ushbu davrda diversifikatsiyalashuvning o‘rtacha darajasini saqlab qoldi. 2023-yilda to‘qimachilik mahsulotlarining asosiy eksport bozorida Rossiyadan keyingi o‘rinlarni Xitoy (13,7 foiz), Turkiya (10,4 foiz), Qirg‘iziston (7,8 foiz) va Eron (3,2 foiz) egalladi. 

Yevropa Ittifoqiga eksport qilingan to‘qimachilik mahsulotlari

 O‘zbekiston 2021-yilda GSP+ tizimiga a’zo bo‘ldi va keyingi 3 yilda Yevropa Ittifoqiga to‘qimachilik mahsulotlari eksportini sezilarli darajada oshirdi. Xususan, 2020-yilda 76,4 mln. AQSh dollariga, 2022-yilda esa 178,5 mln. AQSh dollariga. Biroq, 2023-yilda eksport hajmi 14 foizga kamaydi va 152,8 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Demak, kelgusida Yevropa Ittifoqida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni takomillashtirish va eksport salohiyatini yanada oshirish zarur. Bu orqali O‘zbekistonning eksport diversifikatsiyasini kuchaytirish va yangi bozorlarni egallash imkoniyati kengayadi.

Теги :
Иқтисодиёт