$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentning bir qator tumanlaridagi issiqxona mas’ullari ogohlantirildi

ekologiya

Toshkent tumani hokimligida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent tumani hududida atmosfera havosining ifloslanish darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketishi sabablariga bag’ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda tadbirkorlarga issiqxonaga filtr o‘rnatib faoliyat olib borish kerakligi haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, issiqxona faoliyati davomida atmosfera havosiga zararli gazlar chiqarilib, atrof-muhitni ifloslantirgan taqdirda qonuniy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirildi.

38 ta issiqxonada ekologik ifloslanish darajasi ortib ketgan

Ma’lum qilinishicha, Toshkent tumani hududida atmosfera havosining ifloslanish darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketishi sabablarini aniqlash, aholi salomatligini saqlash, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilishi holatlarini aniqlash, tahlil qilish va ularga nisbatan chora ko‘rish maqsadida o‘rganish o‘tkazildi.

Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab 9 ta nuqtadan havoning ifloslanishi bo‘yicha ko‘chma laboratoriya orqali “Eshonguzar” aholi yashash punktidan Toshkent pediatriya tibbiyot institutigacha bo‘lgan hududda havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha tahlillar o‘tkazildi va ifloslantiruvchi moddalar miqdori ortib ketganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringda havoning ifloslanish darajasi ortib ketgan hududda 38 ta issiqxona mavjudligi, bu issiqxonalar, asosan, Toshkent tumani Hasanboy guzari, Аvliyoota, Darxon, Sabzavot, Tutzor, Iqbol, Fayziobod, Qirariq, Qorasaroy va Chig‘atoy mahallalari hududiga to‘g‘ri kelishi aniqlandi.

O‘rganilgan issiqxonalarning 7 tasida filtrlar o‘rnatilgan

Shuning bilan birga, holat yuzasidan hududda mavjud issiqxonalar ishchi guruh tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilib, issiqxonalarni isitish uchun shina, sellofan, parranda go‘ngi va boshqa zararli tutun chiqaruvchi ashyolardan foydalanilishining oldini olish, shuningdek, issiqxonalar dudburonlariga davlat standartlari talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalari (filtr) o‘rnatish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, ishchi guruh tomonidan joriy yil 10-14-noyabr kunlari holatiga aniqlangan 38 ta issiqxona (jami 25 gektar yer maydonini egallagan) joyiga chiqqan holda o‘rganilgan bo‘lib, ulardan 29 tasi (jami 19 gektar yer maydonini egallagan) ish faoliyatida ekanligi, 9 tasining esa ish faoliyati to‘xtatilganligi aniqlandi. Mazkur issiqxonalarning 17 tasida bodring va pomidor, 9 tasida gul, 2 tasida ko‘katlar hamda 1 tasida limon yetishtirilayotganligi, shundan 26 ta issiqxonani isitish uchun ko‘mir va 3 ta issiqxonani isitish uchun tabiiy gazdan foydalanilishi ma’lum bo‘ldi.  

Afsuski, mazkur issiqxonalarning atigi 6 tasida ekologik ekspertiza xulosalari mavjud va 7 tasida filtrlar o‘rnatilgan.

3 ta issiqxona jarimaga tortilgan

O‘rganishlar mobaynida ishchi guruh tomonidan issiqxonada dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan jami 3 ta issiqxona egalariga jarima qo‘llanildi, 9 tasining faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha Iqtisodiy sudga da’vo arizalari kiritildi, 29 ta faoliyat yuritib kelayotgan issiqxonalar egalari davlati standarti talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatmagan taqdirda, qonuniy javobgarlikka tortilishlari haqida ogohlantirildi. 

Mazkur o‘rganishlar Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l tumanlarida ham o‘tkaziladi.