$
 12736.48
-21.17
 14193.53
-74.63
 137.60
-0.45
weather
+26
Кечаси   +14°

«Maktab bolalarga velosiped tarqating». Samarqand ekoforumida qanday takliflar bildirilmoqda?

Eco oromgoh

Samarqand shahridagi Ipak yo‘li turizm xalqaro universitetida ikkinchi yoshlar eko-oromgohi – xalqaro ekoforumi o‘tkazilmoqda. Tadbirlarga boy bo‘lgan uchinchi kunda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Turkiya, Ozarboyjon va Vengryadan kelgan yosh ekofaollar mintaqa hayotida aloqador ekologik takliflarini bildirishdi.

Avvaliga yoshlar guruhlarga bo‘lingan holda o‘z g‘oyalarini muvofiqlashtirib olishdi. Keyin mutaxassislar oldida o‘z g‘oyalarini taqdimot tariqasida bildirishdi. Xususan, deyarli barcha guruhlar takliflari orasida yoshlarning ekologik xabardorligini oshirish haqida so‘z bordi. O‘tgan yilgi forumda bo‘lgani kabi bu yil ham maktab va bolalar bog‘chalarida ekologik muammolarga e’tibor qaratish zarurligi aytildi.

Guruhlardan biri yoshlarning ekologiya mavzularda videolar tayyorlashi va ularning ijtimoiy tarmoqda faol tarqatishiga e’tibor qaratish zarurligi taklif sifatida bildirildi. Xususan, YouTube tarmog‘ida mashhur «Baby Shark» videosi ham bolalar tomonidan tayyorlangani misol sifatida keltirildi. Ma’lumot uchun, bu video ushbu mediastrim tarixida eng ko‘p tomosha qilingan rolik hisoblanadi.

O‘zbekistonlik yoshlar mamlakatda volontyorlikni, ayniqsa ekologik volontyorlikni rivojlantirish zarurligini aytishdi. «Ota-onalar volontyorlikni vaqtni behuda sarflash deb o‘ylashadi, biz mana shu qarashni o‘zgartirishimiz kerak», dedi ishtirokchilardan biri.

O‘tgan yilgi eko-oromgohda faqat Markaziy Osiyo ekofaollari ishtirok etishgandi. Bu yil esa Turkiya, Ozarboyjon va Vengriyadan ham yoshlar taklif qilindi. Ayniqsa turk ekofaollarining ishtiroklari ayniqsa ekoforumga yangicha kayfiyat olib kirdi. Turkiyalik yoshlar favqulodda faollik va boshqaruvchanlik xususiyati bilan ajralib turishdi. Turkiyalik Emre moderatorlik qilgan guruhda maktab va oliygoh o‘qituvchilari ekologik sertifatga ega bo‘lgan taqdirda qo‘shimcha ustunlikka ega bo‘lishi kerakligi taklif qilindi. Shuningdek, bu guruhda pulsiz hech qanday loyiha amalga oshmasligi, shu sabab ekologiyaga bog‘liq taklif qilinayotgan loyihalar moliyalashtirilishi zarurligi ta’kidlandi.

Bu guruhda bo‘lgan o‘zbekistonlik qiz insonlar iste’molidan ortgan oziq-ovqatlarni qayta ishlash orqali hayvonlar ozuqasini ishlab chiqarish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, maktablarda o‘quvchilar qo‘lini yuvish uchun sarflayotgan suvni kanalizatsiyaga emas, maktab hovlisidagi yashilliklarni sug‘orishga sarflanishi lozimligi taklif qilindi. Bu guruh vakillari maktab o‘quvchilariga maktabga taksi yoki boshqa transportda qatnamasligi uchun velosiped tarqatishni taklif etdi. Albatta, maktabga katta yo‘llar orqali bormaydigan yoshlarga. «Bu yoshlarda bolaligidan ekologik transportga munosabatni o‘zgartiradi», deyishdi ekofaollar bu taklifni izohlar ekan.