$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiyada 53 foiz o‘qituvchi muhojirlarning bolalari rus tilini bilmasligidan norozi

migrant

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Kaliningrad shahri maktablaridan birida direktor mahalliy ota-onalarga o‘zbek tilini o‘rganishni taklif qilganligi haqida xabarlar tarqalib, buning ortidan mojaro kelib chiqqandi.

Voqea qanday bo‘lgan?

Unga ko‘ra, 7-son maktab direktori migrantlarning rus tilini deyarli bilmaydigan farzandlari ustidan shikoyat qilgan mahalliy ota-onalarga o‘zbek tilini mustaqil o‘rganishni maslahat bergan. Shu sababdan ota-onalardan biri hatto migrantlarga qarshi pozitsiyasi bilan tanilgan millatchi tashkilot bo‘lmish “Russkaya obshchina”ga shikoyat qilgan. Biroq, boshqa ona direktorni himoya qilib, uning so‘zlari “kontekstdan yulib olinganini” ta’kidlagan.

Migrant bolalar o‘rtasida tadqiqot

Shundan so‘ng, Rossiyaning Uzluksiz ta’lim iqtisodiyoti markazi, Iqtisodiyot va iqtisod instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, o‘qituvchilarning yarmidan ko‘pi (53 foiz) muhojirlarning bolalari orasida rus tilidagi qiyinchiliklarni qayd etgan. So‘rov Novgorod, Chelyabinsk va Yaroslavl viloyatlaridagi maktablarning 2064 nafar o‘qituvchisini qamrab oldi.

Muhojirlarning bolalarida tartib-intizom bilan bog‘liq muammolar yo‘q

Respondentlarning 42 foizi bunday muammolarni ko‘rmagan, 5,5 foizi esa javob berishga qiynalgan. Til to‘siqlari bilan bir qatorda o‘qituvchilarning 49,5 foizi o‘quv fanlarini o‘zlashtirishda qiyinchiliklarni qayd etgan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘qituvchilarning 80 foizi muhojirlarning bolalarida tartib-intizom bilan bog‘liq muammolar yo‘qligini aytgan. Biroq, o‘qituvchilarning 22,2 foizi bunday bolalarning muloqot qilishda qiyinchiliklarga duch kelishiga ishonishadi, 70 foizi esa bu muammolarni sezmagan.

Maktablarda migrant bolalarning ulushi 30-40 foizga yetishi

Ta’lim vazirligining 2021-yil uchun ma’lumotlariga ko‘ra, 140 mingga yaqin migrant bolalar rus maktablarida o‘qigan. Shu bilan birga, mamlakatda 800 mingga yaqin voyaga yetmagan xorijliklar bo‘lgan. LDPR maktablarda migrant bolalarning ulushi 30-40 foizga yetishini iddao qilib, 900 ming o‘rin yetishmovchiligi mavjud bo‘lgan ta’lim muassasalariga qo‘shimcha yuk yaratishini aytgan.

Maktablarga kirishdan oldin tilni bilish uchun majburiy test

Inson huquqlari kengashi a’zosi Kirill Kabanov, rus tilini bilmaydigan bolalar oddiy maktablarda o‘qimasligi kerak, chunki bu ta’lim jarayonini izdan chiqaradi, deb aytgan. U maktablarga kirishdan oldin tilni bilish uchun majburiy test joriy etishni taklif qilmoqda va tayyorgarlik ta’limi pullik bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Kabanov, shuningdek, xorijdan mutaxassislar taklif qilayotgan ish beruvchilar migrant bolalarni rus tilida o‘qitishni moliyalashtirishi kerak, degan fikrni ilgari suradi.

Migrant bolalar uchun alohida sinflar taklifi

“Platforma” ijtimoiy loyihalash markazi rahbari Aleksey Firsov ham ta’lim sifati pasayib ketmasligi uchun migrant bolalar rossiyalik maktab o‘quvchilaridan alohida ta’lim olishlari kerak, deb hisoblaydi. U, shuningdek, muhojir oilalar uchun Rossiya tili va madaniyatini bilish uchun qattiq talablar qo‘yish zarurligini ta’kidlaydi.

LDPR partiyasidan qonun loyihasi

LDPR partiyasi muhojir bolalar uchun ta’lim pullik bo‘lishi kerak bo‘lgan moslashuv sinflarini yaratishni taklif qiluvchi qonun loyihasini tayyorlamoqda. Tushuntirish xatida aytilishicha, ruslar va muhojirlarning birgalikdagi ta’lim olishlari ularning rus tilini yetarli darajada bilmasligi tufayli murakkablashadi.

Rossiyada segregatsiyani eslatuvchi migrantlar muhiti paydo bo‘ladi

Kirill Kabanov, Markaziy Osiyo va Kavkazdan oilalarning ommaviy migratsiyasini cheklash muhim deb hisoblab, rus tilini o‘rgatish bu guruhlarning rus madaniyatiga to‘liq integratsiyalashuvini kafolatlamasligini ta’kidlaydi.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu ketishda, yaqin kelajakda Rossiyada o‘tmishda ayrim mamlakatlarda mavjud bo‘lgan segregatsiyani eslatuvchi migrantlar va mahalliy aholining farzandlari uchun alohida maktablar ham paydo bo‘lishi ham ehtimolga yaqin.

Yechim nimada?

Shuningdek, til bilan muammolar masalasida ham ekspertlar bir qator fikrlar berib o‘tgan. Ularning ta’kidlashicha, Rossiyada migrant bolalarning rus tilini yetarli darajada bilmasligi ularning ta'lim jarayonida katta qiyinchiliklar tug'diradi. Bu muammo nafaqat o‘quvchilarni, balki o‘qituvchilarni ham qiyin ahvolga soladi. Birinchidan, tilni yaxshi tushunmaslik dars materiallarini o‘zlashtirishga xalaqit beradi, bu esa bilim darajasida farqni keltirib chiqaradi. Ikkinchidan, kommunikatsiya qiyinchiliklari o‘quvchilarning ijtimoiy integratsiyasini qiyinlashtiradi, bu esa ularni jamoadan chetlab qo‘yishga olib kelishi mumkin.

Bunday muammolarni hal qilish uchun maxsus til kurslarini tashkil etish, o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ko‘proq moslashuvchan va individual ta'lim usullarini qo‘llash kerak bo‘ladi. Shu orqali migrant bolalar rus tilini tezroq o‘rganishlari va ta'lim jarayoniga samarali qo‘shilishlari mumkin bo‘ladi.