$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushadi

poliklinika

Davlat rahbarining shu yil 22-yanvardagi qaroriga muvofiq tuzilgan Sogʻliqni saqlash loyihalari markazi tomonidan birlamchi boʻgʻin va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, davlat tibbiy sugʻurtasini joriy etish, dori-darmonlar xaridini tartibga solish boʻyicha qator takliflar ishlab chiqilgan. Taqdimotda ushbu yoʻnalishlar atroflicha tahlil qilindi.

Sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilgan mablagʻ 6 barobar koʻtarildi

Soʻnggi 7 yilda sogʻliqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablagʻlar hajmi 5,9 trillion soʻmdan 33,5 trillion soʻmga, yaʼni 6 barobar oshirildi. Shifoxonalar zamonaviy jihozlanib, yangilari barpo etilmoqda. Tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida joylarda skrining tekshiruvlari oʻtkazilmoqda.

Muammolar

Tahlillarga koʻra, sohada aholi murojaatlarining 30 foizigina birlamchi boʻgʻinda hal boʻlayapti. Ayrim kasalliklar boʻyicha davolash uslublari eskirgan. Hamshiralarning ish doirasi keng emas.

Endi odatiy tekshiruvlarni hamshiralar amalga oshiradi

Bugungi kunda gipertoniya, yurak ishemik va surunkali oʻpka xastaliklari, bronxial astma, qandli diabet, gepatit kabi eng koʻp uchraydigan 7 ta kasallik guruhi boʻyicha davolash standartlari xalqaro talablar asosida yangilandi. Yil yakunigacha yana 300 ta klinik protokollar qayta koʻrib chiqiladi. Bemorlarga odatiy tekshiruvlarni belgilash, dorisiz davolash kabi vazifalar shifokordan hamshiraga oʻtkaziladi. Poliklinikalarda bemorlar harakati tartibga solinib, shifokorlarga navbat kutish vaqti kamaytiriladi.

“Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona”

Maʼlumki, uch yil avval tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida tibbiy sugʻurta mexanizmlari yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu sohadagi koʻplab kamchiliklarni koʻrsatib berdi.

Tibbiyot muassasalari yetarlicha raqamlashtirilmagani sababli sugʻurta tizimi toʻliq ishlamayapti. Shifokorlarning koʻp vaqti hisobot toʻldirishga ketyapti.

Shu bois Toshkent shahrida sohani raqamlashtirish boʻyicha namunaviy tizim yaratish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun barcha muassasalar yangi kompyuter va texnika vositalari bilan jihozlanadi. Yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushiriladi.

Davlat sugʻurta mexanizmlari joriy qilinadi

 2024-yilda poytaxtimizda davlat tibbiy sugʻurta mexanizmlari joriy etiladi. Asosiysi, bu aholi tomonidan toʻlanayotgan umumiy soliqlar hisobidan boʻladi va aholidan qoʻshimcha badallar undirilmaydi.

Tibbiy sugʻurta doirasida:

- davlat tomonidan aholiga bepul koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalarining kafolatlangan paketi joriy etiladi;

- bemorlarni oʻzlari biriktirilgan oilaviy shifokorlar orqali tor soha mutaxassislariga yoki shifoxonalarga yoʻllash tizimi tashkil qilinadi. Bunda ushbu tartibga rioya qilingan holdagina bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi;

- aholiga kafolatlangan paket doirasida eng koʻp uchraydigan kasalliklar boʻyicha dori vositalari elektron retsept asosida dorixonalar orqali bepul beriladi.

Paramedik va pediatrik brigadalar

Tez tibbiy yordam tizimida asosiy muammo murojaatlarni kasallikning ogʻirligiga qarab saralamaslik bilan bogʻliq ekani koʻrsatib oʻtildi.

Shu bois tez yordam «koll-markaz”larida bemorlarga shifokor maslahati ham yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Bu yil Toshkent shahrida, kelasi yili boshqa hududlarda paramedik va pediatrik brigadalar tashkil qilinishi aytildi. Tizim xodimlari tibbiy maslahat shifokori, chaqiruvni saralash operatori, feldsher-paramedik yoʻnalishida qayta tayyorlanadi.

“Odamlarda oʻz salomatligiga masʼuliyat hissini kuchaytirish hamisha muhim”

Taqdimotda dorilarga haqiqiy ehtiyojni shakllantirish, ularni xarid qilish va joylarga oʻz vaqtida yetkazib berish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxatini hamda xarid jarayonini takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev jamiyatda sogʻlom turmush tarzini keng yoyish orqali kasalliklarning oldini olish, odamlarda oʻz salomatligiga masʼuliyat hissini kuchaytirish hamisha muhimligini taʼkidladi.