$
 11962.78
-6.88
 13887.59
-40.31
 153.94
1.38
weather
+26
Кечаси   +14°

“Kreml marshrutlari muallifi”, “XXI asr Rasputini” va “qirg‘inlar bashoratchisi”: Dugin kim va nima?

DUGIN

Shunday davlatlar borki, ular hech qachon tinch turg‘un holatda qola olmaydi. Va bu davlatlarning shunday shaxslari borki, ular orqali o‘z davlati qanday qadamlar tashlashni reja qilayotganligi butun olamga baralla, hech bir xijolatpazliksiz yetkaziladi. Sobiq Ittifoq davlatlarining mustaqilligini “toqat qilib bo‘lmas holat” deya bayonot bergan Aleksandr Dugin Putin Rossiyasining ana shunday “g‘oyaviy og‘zi” hisoblanadi. Keling, buni manbalardagi ochiq ma’lumotlar orqali ko‘rib chiqamiz.

Neo-imperializm arxitektori

Yigirma birinchi asrning boshlarida dunyo geosiyosiy maydoni tub o‘zgarishlarga yuz tutdi va bu o‘zgarishlarning markazida Rossiya Federatsiyasining revisionistik tashqi siyosati yotadi. G‘arb tahlilchilari va siyosatshunoslar uzoq vaqt davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qaror qabul qilish mexanizmlarini tushunishga harakat qilib, uning atrofidagi “kulrang kardinal”larni qidirdilar. Bu qidiruvlar ko‘pincha bir shaxsga — soqolli, mistik qarashlarga ega faylasuf va geosiyosatshunos Aleksandr Gelyevich Duginga borib taqaladi. Uni G‘arb matbuoti tez-tez “Putinning miyasi” yoki “Putinning Rasputini” deb ataydi. Biroq, bu ta’rif Duginning haqiqiy rolini to‘liq ochib bermaydi. U shunchaki maslahatchi emas; u Rossiya davlatchiligining yangi, post-liberal va neo-imperialistik paradigmasini shakllantirgan g‘oyaviy arxitektordir. Duginizm esa shunchaki bir shaxsning qarashlari emas, balki yadroviy davlatning rasmiy harakat dasturiga aylangan tizimli mafkuradir.

Siyosiy dasturilamal: Qurolli Kuchlar akademiyasi darsligi

Duginga shunchaki bloger yoxud faylasuf sifatida qarash uning Rossiya siyosatidagi faoliyatini soya ostida qoldirish demakdir. Avvalo, bu shaxsning 1997-yilda chop etilgan “ОСНОВЫ ГЕОПОЛИТИКИ” asarida ilgari surilgan fikrlarga to‘xtalsak. Mazkur asar Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi akademiyasida darslik sifatida kiritilgan adabiyotlardan biri edi. Bir qarashda oddiygina darslik sifatida asari olinganligi katta ahamiyat kasb etmaydigandek tuyulishi mumkin. Ammo ayni mana shu asarda shu kecha-kunduzda Ukraina mustaqilligiga tahdid bo‘lib kelayotgan Rossiya bosqinini oldindan baholanib, o‘ziga xos yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan edi. “Davlat sifatida Ukraina hech qanday geosiyosiy ma'noga ega emas... Uning mavjudligi Rossiya uchun o‘lim xavfidir” degan edi Dugin o‘z asarida. Uning fikricha Ukrainani bo‘lib tashlash, g‘arbiy qismini Yevropaga qoldirib, qolgan hududlarini annikesiya qilish kerak edi. 1997-yilda rus ommasiga taqdim etilgan bu “dastur ijrosi” 2014-yilda Qrim anneksiyasi bilan boshlandi va hanuz davom etmoqda.

U, shuningdek, Eron-Rossiya ittifoqini yaratish, Qozog‘istonning shimoliy hududlarini Rossiya hududiga qo‘shib olish hamda uning mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lishiga imkon bermaslik kabi g‘oyalarni ham 1997-yildayoq ilgari surgan edi. Bu ko‘pyillik strategiyalarning qanchalik realligini esa bugun guvohi bo‘lmoqdamiz: Eron va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi harbiy hamkorlik, Nikonov, Fyodorov kabi deputatlarning Qozog‘iston suvirenitetiga tahdid soluvchi bayonotlari, yaqindagina Solovyov tomonidan bildirilgan postsovet mustaqil davtlarlari suverenitetiga qarshi fikrlar, va nihoyat, Duginning o‘zi tomonidan aytilgan “Sobiq Ittifoq davlatlarining mustaqilligi — qabul qilib bo‘lmaydigan holat” ekanligi haqidagi ochiq bayonotlar…

Dualizm: “dengiz” va “quruqlik” jangi

Duginning dunyoqarashini tushunish uchun uning asosiy nazariyasiga e’tibor qaratish lozim. Uning fikricha, dunyoda azaliy va murosasiz ikki kuch kurashmoqda: AQSh va Britaniya timsolidagi “Dengiz sivilizatsiyasi” (Talassokratiya) hamda markazi Rossiya bo‘lgan “Quruqlik sivilizatsiyasi” (Tellurokratiya).

Eng xavfli jihati shundaki, Dugin “neytrallik” yoki “qo‘shilmaslik” tushunchalarini butunlay inkor etadi. Uning nazariyasiga ko‘ra, har qanday davlat yo Rossiya tomonida bo‘lishi, yoki AQSh vassali bo‘lishi kerak; uchinchi yo‘l — bu illyuziya. Bu yondashuv O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi ko‘p vektorli siyosat yurituvchi davlatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid hisoblanadi.

Dugin va uning izdoshlari uchun Qozog‘iston eng og‘riqli va muhim nishonlardan biridir. Dugin 1997-yildayoq Qozog‘istonni ulkan va siyrak aholili hudud sifatida mustaqil geosiyosiy mavjudlikka qodir emasligini ta’kidlab, uning shimoliy hududlarini etnik va madaniy jihatdan Rossiyaning davomi deya atagan edi.

Bu vaziyat, ayniqsa, 2022-yildan so‘ng keskinlashdi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Tokayevning LXR va DXR kabi Rossiya tomonidan yaratib olingan davlatlarni tan olmasligi Duginning g‘azabini keltirdi.

Shundan keyin Dugin o‘zining Telegram kanalida Qozog‘istonni “Ukraina yo‘lidan ketayotgani” va agar u “rus dunyosi”ga qarshi chiqsa, taqdiri ayanchli bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.

 Ayni paytda Dugin va uning atrofidagi propagandistlar Qozog‘istonda go‘yoki “rusofobiya” va “til patrullari” kuchaygani haqidagi soxta narrativlarni tarqatmoqda. Bu klassik gibrid urush metodikasi bo‘lib, avval axborot maydonida “jabrlangan ruslar” obrazi yaratiladi, keyin esa aralashuv uchun zamin tayyorlanadi. Baayni Ukrainadagi kabi Qozog‘istonda ham axboriy urush boshlanganligi vaziyat nechog‘li qaltis tus olganligiga ochiq misoldir.

O‘zbekiston suvereniteti Dugin g‘oyalari uchun to‘siq yaratadi

Duginning chizmalarida O‘zbekistonga Qozog‘istondan farqli, ammo o‘ta xavfli rol ajratilgan. U “Atlantizm”ni siqib chiqarish uchun “Moskva-Tehron” o‘qini yaratishni taklif qiladi va bu ssenariyda O‘zbekiston mustaqil davlat emas, balki ikki imperiya o‘rtasidagi “tranzit yo‘lagi” yoki bufer zona sifatida ko‘riladi. Bu ideolog postsovet davlatlarining chegaralarini “ma’muriy va sun’iy” deb hisoblaydi.

Agar O‘zbekiston Rossiyaning YeOII yoki KHShT kabi loyihalariga qo‘shilmasa, Dugin doktrinasi mamlakatni beqarorlashtirish uchun ichki etnik yoki diniy omillardan foydalanishni oqlaydi. U har qanday mustaqil diniy yoki siyosiy harakatni “radikalizm” deb atash va unga qarshi “xavfsizlik choralari” ko‘rish imkonini beruvchi g‘oyalarni ilgari suradi.

Bir qarashda bu g‘oyalar mantiqdan tashqari va sog‘lom aql egalari yo‘l qo‘ymaydigan holatdek ko‘rinsada, Ukraina va Gruziyaning yaqin tarixi buning aksini ko‘rsatmoqda.

Marginaldan meynstrimga: Medvedev transformatsiyasi

Ko‘pchilik Duginni shunchaki chekkadagi faylasuf deb o‘ylashi mumkin, ammo bugungi kunda Rossiya siyosiy elitasi uning tili bilan gapirmoqda. Buning eng yorqin misoli — sobiq prezident Dmitriy Medvedevdir. Bir vaqtlar G‘arb bilan “reset” siyosatini yuritgan Medvedev bugun Duginning ashaddiy targ‘ibotchisiga aylangan.

Medvedevning ukrainaliklarni “yo‘q bo‘lishga mahkum” deb atashi Duginning 2014-yildagi “o‘ldirish, o‘ldirish, o‘ldirish kerak” degan chaqiriqlari bilan hamohangdir. Mos ravishda, Medvedevning G‘arbni “Iblisga xizmat qilayotgan cho‘chqalar” deb atashi, Duginning “G‘arb — dajjol sivilizatsiyasi” degan mistik qarashlarining siyosiy ifodasidir. Bu shuni anglatadiki, duginizm endi shunchaki nazariya emas, balki yadroviy davlatning rasmiy harakat dasturiga aylanib borayotir.

“Duginizm” homiylari oligarxlar va generallar

Dugin yolg‘iz emas. Uning ortida qudratli moliyaviy va kuch tuzilmalari turibdi. “Pravoslav oligarx” sifatida tanilgan Konstantin Malofeev Duginning asosiy homiysi hisoblanadi. Uning “Царьград TV” kanali Yevroosiyo mafkurasini tarqatish platformasiga aylangan. Malofeev 2014-yilda Donbassdagi ayirmachilarni moliyalashtirishda ham asosiy rol o‘ynagan.

So‘nggi surishtiruvlar Duginning “Geosiyosiy ekspertiza Markazi” Rossiya harbiy razvedkasi bilan hamkorlikda AQSh va G‘arbda ijtimoiy nizo qo‘zg‘atish bo‘yicha psixologik operatsiyalarda ishtirok etishini fosh qildi.

Eng yomon ssenariy

Kreml va Dugin uchun Ukrainadagi urush yakuniy maqsad emas, balki “yangi dunyo tartibi” sari tashlangan ilk qadamdir.

Agar Rossiya Ukrainada muvaffaqiyatga erishsa, imperiya mashinasi to‘xtab qolmaydi. Duginizmga ko‘ra, Markaziy Osiyo “ikkinchi front” bo‘lishi mumkin. “Qutqaruvchi” ssenariysi ostida mintaqadagi ichki nizolardan foydalanib, harbiy bazalarni mustahkamlash va suverenitetni amalda bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Dugin “G‘alaba yoki oxirzamon” prinsipini targ‘ib qilmoqda. Bu shuni anglatadiki, agar Rossiya konvensional urushda yutqazsa, u butun dunyoni yo‘q qilish huquqiga ega deb hisoblaydi.

Aleksandr Dugin shunchaki ekspert emas, uning 25 yillik faoliyati Rossiyani liberal avtoritarizmdan totalitar neo-imperializmga o‘tkazish loyihasi bo‘ldi. Uning 1997-yilda Ukraina va Gruziya haqida yozganlari bugun aniqlik bilan amalga oshmoqda.

Shunday ekan, uning Qozog‘iston va O‘zbekiston haqidagi tahdidlarini “safsata” deb e’tiborsiz qoldirish — strategik ko‘rlik sifatida baholanishi mumkin. Dugin aytganidek: “Yevroosiyo imperiyasi uchun neytral davlatlar mavjud emas, faqat vassallar yoki dushmanlar bor”. Toshkent, Ostona va Bishkek uchun bu ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i emas, balki chalinayotgan bongdir.

 Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xodimi Mariya Zaxarovaning aytishicha, divan ekspertlarining fikri hech qanday rasmiy ahamiyatga ega emas va bu shunchaki ularning shaxsiy qarashidir.

Теги :
Jamiyat
Siyosat