$
 12938.11
18.11
 14076.66
-25.52
 149.99
0.47
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda mavjud dovonlar orqali 1 kunda o‘rtacha 45 mingdan 50 mingtagacha avtotransport vositalari harakatlanadi

dovon

Dovonlar orqali bir sutkada o‘rtacha 45 mingdan 50 mingtagacha avtotransport vositalari hamda 150 ming nafardan ortiq fuqarolar harakatlanadi. AOKAda o‘tkazilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Tolib Abdunabiyev dovon yo‘llarida favqulodda vaziyatlarni oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot berdi.

Dovonlarda tashkil etilgan xavfsizlik xizmatlari

Respublikaning Dovon yo‘llari muhim ahamiyatga ega transport liniyalari bo‘lib ular tog‘li hududlardan o‘tib aholi punktlarini mamlakatning boshqa viloyatlari bilan bog‘laydigan strategik ahamiyatdagi yo‘llar sanaladi.

Ushbu yo‘llarga “Qamchiq” dovoni Farg‘ona vodiysi viloyatlari bilan bog‘lovchi, “Taxta-qoracha” dovoni Samarqand va Qashqadaryo viyalotlarini bog‘lovchi, “Sayxan” dovoni Jizzax viloyati hududidan o‘tuvchi, “Chak-Chak Darband” dovoni Surxondaryo viloyatining Oqrabot hududini bog‘lovchi, “Langar-Maydanak” dovoni Qashqadaryo viloyati Maydanak hududi bilan bog‘lovchi,  “Qoraqarg‘a” dovoni Navoiy viloyatini Nurota hududi bilan va “Langar” dovoni – Xatirchi tumani bilan bog‘lovchi, shuningdek, “Chimyon” dovoni Toshkent viloyatining tog‘li turistik zonalari bilan bog‘lovchi dovon yo‘llarni o‘z ichiga oladi.

Ushbu dovonlar orqali bir sutkada o‘rtacha 45 mingdan 50 mingtagacha avtotransport vositalari hamda 150 ming nafardan ortiq fuqarolar harakatlanadi. Shularni inobatga olgan holda, qish va noqulay ob-havo sharoitida, dovon yo‘llarida avtomobillarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, yo‘llarda yaxmalaklar va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lishini oldini olish hamda aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, dovon yo‘llarida 11 ta xavfsizlikni ta’minlash va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish shtablari, 24 ta 2 mingga yaqin fuqarolar uchun mo‘ljallangan postlar, shuningdek, 620 ga yaqin tashkilot va idoralarning xodimlari dovon yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida xizmat olib borishmoqda.

Bu kabi tadbirlarda ular, yo‘lda qolib ketgan fuqarolarga amaliy yordam berish, shuningdek, avtotransport vositasi nosoz holga kelib yo‘lda qolib ketgan fuqarolarga, tashkil etilgan maxsus issiq joylar, issiq choy va birlamchi yegulik mahlusotlari beriladi hamda dovon yo‘llaridagi noqulay ob-havo sharoitida hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan yaxmalaklarni oldini olish maqsadida yo‘llar qordan tozalanib, qum-tuz aralashmasi doimiy sepiladi.

“Qamchiq” dovoni

Dovon yo‘llari ichida “Qamchiq” dovoni muhim ahamiyatga ega. Ushbu dovon yo‘li vodiy-vohani bog‘lab turuvchi strategik ahamiyatli yo‘l hisoblanadi. Dovonda turli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va sodir bo‘lganda zudlik bilan kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘likni saqlash vazirliklari va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan hamkorlikda 15 ta mexanizatsiyalashgan nazorat-kuzatuv guruhlari tashkil etilgan.

Qamchiq dovonidan bir kunda 30-35 minggacha avtomobil harakatlanadi. Ikkita avtomobil tunneli va bitta temiryo‘l tunnellari bor.

Mazkur tunnel qurilishi murakkabligi nuqtai nazaridan dunyoda 8, uzunligi bo‘yicha esa 25-o‘rinni egallagan. Tunnel uzunligi 19 kmdan ortiqni tashkil etadi Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘li orqali 25-30 ta yuk va yo‘lovchi poyezdlari qatnovi amalga oshirilib, bir sutka davomida 80-90 ming tonna yuk hamda 100 ming nafardan ortiq fuqarolar harakatlanadi.

Xavfsizlik bo‘yicha o‘tkaziladigan o‘quv mashqlari

Dovon yo‘llari baland tog‘li hududdan o‘tganligi tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning sodir bo‘lishi ehtimolligi mavjudligidan kelib chiqib yo‘llarida harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkaziladi. Unda Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi boshqaruv organlari, kuch va vositalarining dovon hududida tabiiy, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlari sinovdan o‘tkaziladi.

Mashqlar davomida aholi va hududlar muhofazasiga ma’sul tashkilotlar tarkibiga kiruvchi maxsus xizmatlarning shayligi sinovdan o‘tkazilishi bilan bir qatorda ularning bilim va ko‘nikmalari ham mustahkamlanadi.

Shu bilan birga, aholini o‘z vaqtida ogohlantirish hamda tog‘li dovon yo‘llarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va ularning oldini olishga qaratilgan tadbirlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik amalga oshirilib boriladi.

Dovondan harakatlanuvchi haydovchilar uchun tavsiyalar

Yuqoridagilardan kelib chiqib, respublikamizning dovon yo‘llaridan harakatlanadigan avtotransport vositalari haydovchi va yo‘lovchilariga quyidagilar quyidagilar tavsiya etiladi:

·      tog‘li dovon yo‘llarida harakatlanishda yo‘lga chiqishdan avval tog‘li hududlardagi gidrometeorologik ob-havo prognozlari bilan tanishing bunda Gidrometeorologiya markazi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining ijtimoiy tarmoqlariga murojaat qiling;

·      tog‘li dovon yo‘llarida qor kuchkisi, yer ko‘chkisi, sel bilan bog‘liq xavflar e’lon qilinganida harakatlanmang;

·      dovon hududida favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuzatib boring, mutaxassis tavsiyalariga amal qiling;

·      xavfsizlik qoidalariga amal qiling, xavfli uchastkalarga o‘tmang va qor ko‘chish xavfi bo‘yicha o‘rnatilgan ogohlantiruvchi va taqiqlovchi (3.27 hamda 3.28 transport vositalarining to‘xtashi va to‘xtab turishi taqiqlanadi) belgilarga amal qiling;

·      avtomobil yo‘lining xavfli uchastkalarda tog‘ qiyaliklariga chiqmaslikni, qor bo‘ron o‘yinlarini o‘ynamaslikni hamda avtotransport vositasini to‘xtatmang.

·      tik nishablikda tormoz tizimi ishlamay qolgan transport vositasini to‘xtatish uchun belgilangan avariyali holatlarga mo‘ljallangan yo‘l maydonlari atrofiga transport vositalarini joylashtirmang, bu joylarda o‘zingiz va yo‘lovchilaringizni bo‘lishini oldini oling, ushbu hudud xavfli hudud hisoblanadi.  

 Ta’kidlash joizki, tog‘li dovon yo‘llari keng va ravon, zamonaviy magistrallar, eng so‘nggi texnologik yutuqlarni o‘zida mujassam etgan muhtasham ko‘priklar, yerosti yo‘llari infratuzilmaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Dovon yo‘llarida xavfsiz harakatlanishni ta’minlashda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tun-u kun xizmatlar olib borishi tashkil etilgan.