$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Farzand dog‘ini qoldirgan o‘lim siropi: “Dok-1 Maks” jinoyati bo‘yicha yakuniy sud hukmi o‘qildi

dok-1 maks sudi

Bugungi kunda yurtimizda oilalarda shamollash alomatlari kuzatilsa, ko‘pchilik ota-onalar doktorga borish o‘rniga uy sharoitida o‘zlari dori darmon bilan davolashni tanlashadi. Vaholanki, shifokor ko‘rigisiz ichiladigan har qanday dorilar ham foyda berishning o‘rniga aksincha fojiali holatlarga olib keladi. Shunday voqealardan biri “DOK-1 Maks” dori vositasini iste’mol qilish oqibatida Respublikamizdagi kichik yosh qatlamidagi bolalarning o‘limi va nogiron bo‘lib qolishiga sabab bo‘ldi.

23 nafar ayblanuvchiga sud hukm chiqardi

26-fevral kuni Toshkent shahar sudida “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud yakuniy qaror qabul qilib, 18 nafar erkak va 5 nafar ayol ayblanuvchilarga nisbatan hukm o‘qib eshittirildi.

Sud hukmiga ko‘ra, Singx Ragvendra Pratap 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish, Sardor Kariyev 2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish, Nodirbek Musayev, Shoyusup Shodmanov va Amirxon Azimovlarga 2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish, Jonibek Shamshetov, Jahongir Erkiniy, Alisher Jalilov va Guli Xalilovalarga 2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash, Gulnoza Saliyeva va Gulchehra Boltabayeva 2 yilga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash, Mirzabotir Xamdamov va Shavkat Xolmurodov 2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash, Saidamir Saidov 2 yilga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash, Sherzod Abduganiyev, Islombek Mirzayoqubov hamda Farhod Fayziyev 2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil muddatga ozodlikni cheklash, Nuriya Mirzaaxmedova 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish, Baxtiyor Kambaraliyev 4 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklash, Elyor Mirzaaxmedov 4 yil muddatga ozodlikni cheklash, Farhod Nazarov ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi, Farrux Talipov 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish, Nodira Shukurullayeva BHMning 110 baravari miqdorida, ya’ni 33 mln so‘m jarima, jinoyat kodeksning 62-moddasiga asosan 17 190 000 so‘m jarima jazosi qoldirilib, tayinlangan jarimani davlat foydasiga undirish belgilandi.

Ayrim jabrlanuvchi oilalarga kompensatsiya to‘lanadi

Sudlanuvchilar Singx Ravendra Pratap, Nuriya Mirzaaxmedova, Sardor Kariyev, Amirxon Azimov, Nodirbek Musayev, Shoyusup Shodmanov va Jahongir Erkiniydan solidar tartibda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan zaharlanib vafot etgan 68 nafar marhum va 4 nafar sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi bolaning qonuniy vakillarining har biriga 1 mlrd so‘mdan, sog‘lig‘ining ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 500 mln so‘mdan hamda sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 200 mln so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilandi. Bu degani 7 nafar sudlanuvchining har biri o‘rtacha 10 mlrd 800 mln so‘mdan, ya’ni bugungi kungi rasmiy kurs bo‘yicha 865 ming AQSh dollaridan pul to‘laydi.

Xo‘sh bu pullar ba’zi insofsiz rahbarlarning e’tiborsizligi sabab o‘sha zahardan vafot etgan bolalarni ota-onalariga qaytaradimi yoki nogiron bo‘lib qolgan bolalarni qayta turib, yugurib ketishiga yordam beradimi?

Shu o‘rinda yana bir qancha savol ham tug‘iladi. Endi bu konpensatsiya pullari qanday undirib beriladi? Va asosiysi qachon undiriladi? Balki, 2-3 nafar sudlanuvchining nomida kattaroq mol-mulk bo‘lib, ularni musodara qilib, to‘lab berilar. Afsuski, bu haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.

Zaharlanish holatlari viloyatlar kesimida

Samarqand shahrida joylashgan bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 18 nafar bola Hindistonda ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siropni qabul qilish ortidan vafot etgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili — ombudsman Aliya Yunusova, bola huquqlarini ta’minlash sektori vakillari hamda prokuratura xodimlari tomonidan ushbu shifoxonada vafot etgan bolalar bo‘yicha maxsus o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasi vafot etgan go‘daklarning barchasi 6 yoshdan kichik bo‘lganligini, ularning 15 nafari 3 yoshdan kichik bolalar ekanini ko‘rsatdi. Samarqandda vafot etgan bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatlaridan bo‘lgan.

Bugungi kunga kelib “Dok-1 Maks” dori vositasidan vafot etgan bolalarning soni 69 nafar bo‘lib, 18 nafar bola nogiron bo‘lib qolgani ma’lum. Vafot etgan bolalarning barchasi 6 yoshdan kichik bo‘lib, ularning asosiy qismini 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi.

Dori tarkibida avtomobillar uchun antifriz vazifasini o‘tovchi etilen glikol aniqlandi

O‘tkazilgan sud jarayonlaridan birida so‘zga chiqqanlarning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yil oktyabr oyida ishlab chiqaruvchilar asal va limon ta’miga ega Dok-1 Maks siropini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berishgan.

Laboratoriya tekshiruvi uchun taqdim etilgan 33 ta sirop orasida 2020-yilda chiqarilgan limon xushbo‘yli preparatlarda zaharli moddalar yo‘qligi, 2021-yilda chiqarilgan Dok-1 Maks asal xushbo‘y partiyasida esa etilen glikol zaharli moddasi aniqlangan. U tormoz suyuqliklari, avtomobillar uchun antifriz, konditsioner tizimlari uchun sovitish suvi, polimer materiallar ishlab chiqarish va boshqa maqsadlarda qo‘llaniladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining sinov natijalari shuni ko‘rsatdiki, „Marion Biotech“ tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi sirop ko‘rinishida bo‘lgan dori vositalari tarkibidagi etilenglikol va/yoki dietilenglikol moddalari qat’iy belgilangan me’yordan 300 baravar yuqori bo‘lgan. Buning o‘rniga, dori tarkibida propilen glikol (bakteritsid ta’siriga ega oziq-ovqat qo‘shimchasi) bo‘lishi kerak edi.

Tarkibida etilenglikol moddasi bo‘lgan dorilarni iste’mol qilish qanday oqibatlarga olib keladi?

Etilenglikolning taxminan 1−2 ml/kg li 95 foiz konsentratsiyalangan eritmasi bemor sog‘lig‘ida jiddiy o‘zgarishlarni, jumladan, qayt qilish, tutqanoq, hushdan ketish, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi hamda yurak-qon tomir tizimidagi muammolarini keltirib chiqarishi mumkin.