$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Andijon va Asakada noqonuniy diniy ta’lim olayotgan o‘quvchilar aniqlandi

diniy

Respublikaning Andijon va Asaka hududlarida noqonuniy diniy ta’lim olayotgan o‘quvchilar aniqlandi. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘quvchilardan biri muallima ayol tomonidan muttasil kaltaklanishi oqibatida olgan jarohatlari tufayli shifoxonaga yotqizilgan.

Muallima ayol hech qanday maxsus bilimga ega bo‘lmagan

Ma’lum qilinishicha, huquq-tartibot idoralari tomonidan Asaka tumanida istiqomat qiluvchi G.E. (ayol) hech qanday maxsus bilimga ega bo‘lmasa-da, o‘zining yashash xonadonida 2014—2016 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 5 nafar voyaga yetmagan o‘g‘il bolaga noqonuniy ravishda diniy saboq berib kelgan.

Bolalarning 4 nafari andijonlik, 1 nafari esa Qashqadaryo viloyatidan kelgan.

2016-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan bolaning ota-onasi farzandining o‘qishini G.E. orqali 2023-yilning noyabr oyida Asaka tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining 2-sinfiga ko‘chirishgan.

Shuningdek, maktab direktori esa bolani ota-onasining arizasisiz, tegishli buyruq chiqarmasdan o‘qishga qabul qilgan. Shuningdek, uni “hujra” sharoitida diniy ta’lim olayotganidan xabardor bo‘lsa-da, zarur choralarni ko‘rmagan.

O‘quvchilar biriktirilgan maktab direktori ishdan olingan

Qashqadaryolik bola fuqaro G.E.ning uyida yashagan va diniy saboq olgan. Ammo, mazkur ayol tomonidan muttasil kaltaklanishi oqibatida olgan jarohatlari tufayli, u shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan G.Ega nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, maktab direktoriga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.

O‘quvchining ta’lim maskani ota-onasi xohishiga ko‘ra ko‘chirilgan

Shu kabi Andijon tumanida ham o‘xshash holat aniqlandi. Fuqaro A.U. (erkak) o‘z uyida “hujra” tashkil qilib, 2010 va 2013-yillarda tug‘ilgan 4 nafar o‘g‘il bolalarga diniy saboq berib kelgan.

Bolalardan biri Toshkent shahrida yashasa-da, ota-onasining xohishi bilan diniy saboq olishi uchun uning o‘qishi Andijon tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga ko‘chirilgan.

Biroq bola maktab darslariga qatnashmagan bo‘lsa-da, mazkur maktab direktori uni majburiy ta’limga jalb qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmagan.

Maktab direktoriga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.

Fuqaro A.Uga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.