$
 12020.90
17.72
 13988.72
1.41
 155.49
-1.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo miqyosidagi muammo: Markaziy Osiyo dezinformatsiyaga qarshi qanday kurashyapti?

fake news

Bugungi axborot oqimida haqiqatni yolg‘ondan ajratish tobora qiyinlashib bormoqda. YouTube, Instagram yoki TikTokda birgina post yoki video millionlab odamlarga ta’sir ko‘rsatadi. Afsuski, ularning hammasi ham rost emas. Yolg‘on xabarlar shunchalik tez tarqalyaptiki, hatto hukumatlar ham bu jarayonni to‘xtatishga ulgurmay qolyapti. Xo‘sh, Markaziy Osiyo davlatlarida vaziyat qanday? Ular yolg‘on xabarlarga qarshi qanday kurashmoqda?

Milliy qonunlar global axborot oqimiga bas kelolmayapti

Qirg‘iziston hukumati bosh mutaxassisi Zarina Kalmuratovaga ko‘ra, bugungi kunda axborot tarqalishini nazorat qilish juda qiyin. Chunki YouTube yoki Instagram kabi platformalarda oddiy odamlarning o‘zi bemalol yolg‘on ma’lumot tarqatishi mumkin, hukumat esa bunday holatning oldini olishga ko‘pincha ojiz bo‘lib qoladi.

“Axborot butun dunyo bo‘ylab oqib o‘tayotgan bir paytda, milliy qonunlarni qanday qilib amalda nazorat qilish mumkin? Platformalar global, lekin qonunlar faqat bir davlat hududida ishlaydi”, – dedi u Euronews’ga bergan intervyusida.

Kalmuratova Qirg‘iziston hukumati vakili sifatida aynan shu chegaralar bilan kurashmoqda. 2022-yilda mamlakat “feyk xabarlar”ga qarshi qonun qabul qilganida, ko‘pchilik bu qonun haqiqatni himoya qilishdan ko‘ra, tanqidchilarni jim qilish uchun ishlatilishi mumkinligidan xavotir bildirgan edi. Ularning aytishicha, bunday qonun hukumatga “yolg‘on xabar” deb istalgan tanqidni bloklash imkonini berishi mumkin.

Xavotirlar asossiz bo‘lib chiqdi

Ikki yil o‘tgach, Boku shahrida bo‘lib o‘tgan media konferensiyasida Zarina Kalmuratova o‘sha paytdagi xavotirlar behuda bo‘lib chiqqanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun ilk bor qabul qilinganda ko‘pchilik uni “bloklash vositasi”, saytlarni yopish uchun ishlatiladigan qurol sifatida tushungan. Ammo hayotda bunday bo‘lmadi.

Qirg‘izistonning amaldagi tartibiga ko‘ra, agar kimdir o‘zi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatilganini sezsa, davlat idoralariga murojaat qilishi mumkin. Rasmiylar esa bu murojaatni ko‘rib chiqib, tegishli sayt yoki axborot manbasidan 24 soat ichida noto‘g‘ri kontentni olib tashlashni talab qiladi.

Agar sayt bu talabni bajarmasa, u ikki oygacha vaqtincha bloklanishi mumkin. Kalmuratova buni jazolash emas, balki vaziyatni nazoratda ushlab turish uchun yumshoq va o‘ylangan chora deya ta’riflaydi.

Global platformalarga bosim o‘tkazish

Yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurashish bo‘yicha joriy tartiblar xalqaro platformalarga kelganda ish bermay qoladi. Chunki Facebook, Instagram, YouTube yoki Google kabi xizmatlar mahalliy qonunlarga to‘liq bo‘ysunmaydi. Shu sabab Kalmuratova bu muammoni hal qilishning yangi yo‘lini taklif qilmoqda.Unga ko‘ra, Meta va Google kabi texnologik gigantlarni turkiy davlatlarda rasmiy vakolatxona ochishga majbur qilish kerak. Agar bu kompaniyalar mintaqada rasmiy ofisga ega bo‘lsa, ularni javobgarlikka tortish ham, noto‘g‘ri ma’lumotlarni tez bloklash ham osonlashadi. Kalmuratova bu chorani “dezinformatsiyaga qarshi kurashdagi eng katta oldinga qadam” deb atadi.

U bu fikrni Turk davlatlari tashkiloti (OTS) media anjumanida bildirdi. Ma’lumot uchun, OTS tarkibiga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kiradi. Vengriya, Turkmaniston va yana bir nechta davlatlar esa kuzatuvchi sifatida qatnashadi.

Bu davlatlar janubi-sharqiy Yevropadan tortib Kavkaz orqali Markaziy Osiyogacha cho‘zilgan ulkan hududni qamrab oladi. Shu bois, mintaqaviy hamkorlik texnologik platformalar ustidan nazoratni kuchaytirishda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Cheklovdan tashqariga chiqish

Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Kanat Iskakov esa bu masalaga boshqacha yondashuv taklif qildi. Uning fikricha, bloklash yoki cheklovlar bilan kurashish yetarli emas. Asosiy maqsad — odamlar ishonadigan, sifatli va ishonchli mahalliy axborot manbalarini yaratish. Shunda odamlar shubhali saytlar yoki yolg‘on ma’lumot tarqatadigan kanallarga kamroq murojaat qiladi.

“Biz raqamli platformalarda jurnalistik standartlarni bir xil tartibda rivojlantirishimiz kerak. Shunda auditoriyaning ishonchi ortadi,” — dedi Iskakov konferensiya davomida.

Uning ta’kidlashicha, turkiy davlatlar o‘zaro hamkorlik qilib, umumiy standartlar asosida kontent ishlab chiqsa, bu nafaqat dezinformatsiyaga qarshi kurashda, balki auditoriya orasida ishonchni mustahkamlashda ham muhim rol o‘ynaydi.

Теги :
Jamiyat