$
 12916.18
-13.74
 13523.24
26.99
 147.60
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°
icci

“Qoralar” g‘alabasi – Germaniyada konservatorlar yana hukumat tepasiga qaytdi. Bu nimani anglatadi?

Fridriz Merz. Fridriz Merz. Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoqi partiyasi yetakchisi

23-fevral kuni Germaniyada bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin parlament saylovlari mamlakat siyosiy muhitini tubdan o‘zgartirdi. Saylov natijalari kutilganidek, Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoqi (XDI/XSI) Fridrix Merz yetakchiligida 28,5% ovoz bilan g‘alaba qozondi. Ammo bu yetarli emas – Merz hukumat tuzish uchun koalitsiya topishi kerak.

Xo‘sh, koalitsiya o‘zi nima? Germaniya qanday boshqariladi? Saylov natijalariga o‘tishdan avval, keling, Germaniya siyosiy tizimi  — saylovlar, hukumat va koalitsiyalar qanday ishlashi haqida bilib olamiz.

Germaniya qanday boshqariladi?

Germaniya dunyoning boshqa mamlakatlariga o‘xshamaydi. Bu yerda hokimiyat bir kishining qo‘lida emas, yagona partiya ham yo‘q. Bu – demokratik tizimning eng murakkab va o‘ziga xos shakllaridan biri bo‘lib, xalq orasida konsensusga erishish asosiy qoidaga aylangan. Germaniya – parlament demokratiyasi asosida boshqariladigan davlat. Bu shuni anglatadiki, mamlakatdagi eng katta siyosiy kuch – parlament, ya’ni Bundestag hisoblanadi, u 630 deputatdan iborat. Deputatlar saylov orqali tanlanadi. Saylov tizimi aralash bo‘lib, har bir saylovchi ikki ovoz berish huquqiga ega.

Respublikada Prezident ham bor, lekin u ramziy vakolatga ega bo‘lib, davlatning jahon sahnasidagi rasmiy yuzi hisoblanadi. Ya’ni, Germaniyada asosiy rahbar – kansler. Kansler mamlakatni boshqaradi, tashqi siyosatni belgilaydi va ichki muammolarni hal qiladi. Kanslerni Bundestag deputatlari saylaydi va u ko‘pchilik partiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.

Koalitsiya – Germaniya siyosatining yuragi

Ko‘pchilik mamlakatlarda hukumatni bitta yirik partiya boshqaradi. Masalan, AQShda faqat ikki yirik partiya – demokratlar va respublikachilar hukumatni shakllantiradi. Germaniyada esa bunday emas. Bu yerda hech qachon bitta partiya saylovda mutlaq g‘alaba qozonib, parlamentda 50% dan ortiq ovoz olmagan. Shuning uchun Germaniya siyosati ko‘alitsiyaga asoslangan. Koalitsiya – bir necha partiyaning kelishib, birga ishlashi degani. Partiyalardan biri saylovda yetakchi bo‘lsa ham, u parlamentda ko‘pchilikni qo‘lga kiritish uchun boshqa partiyalar bilan ittifoq tuzishi kerak bo‘ladi. Bu degani, har bir partiya o‘z shartlarini qo‘yishi va siyosiy qarorlar bir tomonlama emas, umumiy kelishuv asosida qabul qilinishi lozim. Bu tizim Germaniyada siyosiy barqarorlikni ta’minlaydi, lekin ba’zan yangi hukumat tuzish oylab cho‘zilishi mumkin. Misol uchun, 2021-yilda Angela Merkel ketganidan keyin yangi hukumat tuzilishi uchun to‘qqiz hafta muzokaralar olib borildi.

Saylovlar haqida

Germaniyada parlament saylovlari har to‘rt yilda bir marta bo‘lib o‘tadi. Saylovda g‘alaba qozongan partiya yoki partiyalar kanslerni saylaydi va hukumatni tuzadi. Agar hukumat o‘z vazifasini bajara olmasa yoki ichki siyosiy inqiroz yuzaga kelsa, muddatidan oldin saylovlar ham o‘tkazilishi mumkin. Masalan, 2021-yilgi saylovlarda Olaf Shols yetakchiligidagi Sotsial-demokratik partiya (GSDP) g‘alaba qozonib, koalitsiya tuzdi va hukumatni boshqara boshladi. Biroq 2024-yilda uning hukumatiga ishonchsizlik bildirilib, muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga qaror qilindi.

Angela Merkel – afsonaviy kansler

Germaniya siyosatini yaqindan tushunish uchun Angela Merkel nomini eslamaslik mumkin emas. Agar kimdir Germaniya siyosatining timsoli bo‘lishi kerak bo‘lsa, u, shubhasiz, Angela Merkel bo‘ladi. Markel 16 yil davomida (2005-2021) Germaniya kansleri bo‘lib, mamlakatni boshqargan. Merkel Germaniyaning Yevropadagi yetakchi rolini mustahkamladi, iqtisodiy o‘sishga erishdi va muhojirlar uchun eshiklarni ochgan siyosati bilan ham mashhur bo‘ldi. Merkel o‘zining uzoq yillik faoliyatidan so‘ng, 2021-yilda siyosatdan ketishga qaror qildi. Uning partiyasi – Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) saylovda yutqazdi va hukumatni Olaf Shols boshchiligidagi sotsial-demokratlarga topshirdi.

Olaf Shols kim?

Olaf Shols – Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) yetakchisi va 2021–2024-yildan beri kansler. U Merkelning iqtisodiy va ijtimoiy siyosatini qisman davom ettirdi, biroq energiya inqirozi, Ukrainaga harbiy yordam va migratsiya kabi masalalarda tanqidga uchradi. Uning hukumati koalitsion bo‘lib, uchta partiyadan iborat edi:

 1. GSDP (Sotsial-demokratlar) – Shols partiyasi, markaziy chap yo‘nalishda siyosat yuritadi.

 2. “Yashillar” partiyasi – ekologik va ijtimoiy muammolarni ilgari suradigan so‘l-liberal partiya.

 3. Erkin demokratik partiya (EDP) – o‘ng-liberal yo‘nalishga ega kichik partiya.

Ammo bu koalitsiya ichida kelishmovchiliklar bo‘ldi, iqtisodiy va siyosiy muammolar sababli hukumat ishonchsiz deb topildi va yangi saylov o‘tkazishga qaror qilindi.

Partiyalar va ularning roli

Germaniya siyosatida bir necha asosiy partiyalar bor:

 1. Xristian-demokratik ittifoqi (XDI/XSI) – Merkel va hozirgi Fridrix Merz partiyasi. Konservativ va o‘ng-markaziy yo‘nalishda.

 2. Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) – Shols yetakchiligidagi chap markaziy partiya, ijtimoiy adolat va ishchilar huquqlarini himoya qiladi.

 3. “Germaniya uchun muqobil” (AfD) – migratsiyaga qarshi va millatchilik ruhidagi o‘ng populist partiya.

 4. “Yashillar” partiyasi – ekologiya, ijtimoiy tenglik va yashil energiyani qo‘llab-quvvatlovchi so‘l-liberal partiya.

 5. Erkin demokratik partiya (EDP) – iqtisodiy erkinlik va tadbirkorlikni yoqlaydigan o‘ng-liberal partiya.

 6. So‘l partiya – radikal chap yo‘nalishdagi siyosat yurituvchi partiya.

Germaniya siyosati ko‘p partiyali tizimga asoslangan bo‘lib, saylov natijalari koalitsiya muzokaralarini talab qiladi. Parlamentning har to‘rt yilda yangilanib turishi mamlakat siyosatini dinamik saqlaydi. Germaniya parlamenti hali aytib o‘tganimizdek, Bundestag deb ataladi. Parlamentda kim ko‘pchilikni qo‘lga kiritsa, kansler saylanadi va hukumat tuziladi.

Germaniyada bitta partiya odatda parlamentning 50% ovozini yutib ololmaydi. Shu sababli, hukumat tuzish uchun partiyalar birlashib, koalitsiya tuzishadi.

 • Koalitsiya – bir nechta partiya birlashib, hukumat tuzadi va qo‘shma siyosat yuritadi.

 • Ko‘pchilik hukumat – hukumat parlamentda 50% dan ortiq o‘rin olgan partiyalardan tashkil topadi.

 • Kichik koalitsiya yoki ozchilik hukumati – agar biror partiya 50% ga yetmasa, lekin boshqa partiyalar uni qo‘llab-quvvatlasa, ozchilik hukumati tuzilishi mumkin.

Masalan, Merkelning hukumatlari ko‘p hollarda “Katta koalitsiya” shaklida bo‘lgan, ya’ni XDI va GSDP birgalikda ishlagan. Ammo Olaf Shols o‘z hukumatini GSDP, Yashillar va Erkin demokratlar bilan tuzdi.

Kechagi saylovlarga qaytamiz

Germaniya siyosiy tizimi qanday ishlashini, kansler kimligini, koalitsiya nima ekanini tushunib oldik. Endi esa 23-fevral kuni Germaniyada bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin parlament saylovlariga qaytamiz. Bu safargi saylov kutilganidan ham qizg‘inroq kechdi. Fridrix Merz boshchiligidagi Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoqi (XDI/XSI) eng ko‘p ovoz to‘pladi – 28,5%. Lekin bu g‘alaba avtomatik ravishda kanslerlikni anglatmaydi. Chunki Germaniyada hech qachon bitta partiya parlamentda mutlaq ko‘pchilikni egallamagan, shuning uchun hukumatni tuzish uchun hamkor topish shart.

Saylov natijalari bilan bir qatorda, siyosiy maydonning ikkinchi eng muhim o‘zgarishi – “Germaniya uchun muqobil” (AfD) partiyasining tarixiy natija qayd etgani bo‘ldi. Ular 20,8% ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallab, mamlakatning o‘ng qanot siyosatidagi eng yirik o‘sish dinamikasini ko‘rsatishdi. Partiya, ayniqsa, Sharqiy Germaniya hududlarida g‘alaba qozonib, u yerda 34% ovoz oldi. Ammo bu ular uchun yetarli emas. Germaniyada hech kim AfD bilan hamkorlik qilishni istamaydi. Partiyaning populistik g‘oyalari, migratsiyaga qarshi qat’iy pozitsiyasi va Yevropaga ishonchsizligi uni izolyatsiya qildi. Natijada, AfD qancha ovoz olmasin, parlamentda ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmaydi.

Shols mag‘lubiyatni tan oldi

Olaf Shols yetakchiligidagi Sotsial-demokratik partiya (GSDP) esa 16,4% ovoz to‘plab, o‘z tarixidagi eng yomon natijani qayd etdi. Uch yil oldin kanslerlikni qo‘lga kiritgan Shols va uning koalitsiyasi energiya inqirozi, iqtisodiy muammolar va Ukrainaga harbiy yordam masalalaridagi bahslar sababli katta ishonchni yo‘qotdi. “Bu achchiq natija, lekin biz xalq tanloviga hurmat bilan qaraymiz,” dedi kansler. Saylov natijalaridan so‘ng u GSDP saylovlardagi mag‘lubiyatni tan oldi, lekin iste’foga chiqish niyatida emasligini bildirdi. Odatda, Germaniyada saylovlarda yomon natija ko‘rsatgan yetakchilar iste’foga chiqib, partiyaning yangi yo‘l tutishiga imkon beradi. Lekin Shols bu an’anani buzib, partiyani boshqarishda davom etmoqchi.

Shols qayerda xato qildi?

Sholsning mag‘lubiyatga uchrashiga bir necha sabab bor, deb yozmoqda, @pan_diplomat Telegram kanali muallifi, o‘zbekistonlik jurnalist Muhammadqodir Sobirov.

Germaniya oxirgi yillarda jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklarga duch keldi. Energiya narxlari keskin oshdi, inflyatsiya avvalgidan yuqori bo‘ldi va mamlakat iqtisodiy o‘sishda ortda qoldi. Shols hukumati sanoatni qo‘llab-quvvatlashda sustkashlik qildi va bu biznes doiralari orasida ishonchsizlikni oshirdi.

Bundan tashqari, Germaniyaning Ukrainaga harbiy yordam berish qarori mamlakat ichida katta munozaralarga sabab bo‘ldi. Shols uzoq vaqt Kiyevga “Taurrus” qanotli raketalarini jo‘natishdan bosh tortib keldi, lekin saylovlar oldidan bu qarorini o‘zgartirdi. Bu esa konservatorlar va harbiy yordam tarafdorlarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, urushga qarshi bo‘lgan saylovchilar ham uni qo‘llab-quvvatlamadi.

Muhokamada migratsiya masalasi ham bor. So‘nggi yillarda Germaniyada migrantlar oqimi keskin oshdi. Bu esa konservativ va o‘ng populist partiyalar – XDI/XSI va AfDning kuchayishiga olib keldi. Saylov natijalari shuni ko‘rsatdiki, GSDPning ko‘plab saylovchilari o‘z ovozlarini boshqa partiyalarga bergan.

Olaf Shols 2021-yilda Merkelning uzoq yillik hukmronligidan keyin “yangi davr” va’dasi bilan hokimiyatga kelgan edi. U o‘zini barqaror siyosatchi sifatida ko‘rsatib, Merkelning markaziy yo‘nalishini davom ettirishga harakat qildi. Biroq muammolarni hal qilishdagi sustkashligi, noaniq pozitsiyalari va saylovchilarning ishonchsizligi uni muvaffaqiyatsiz siyosatchiga aylantirdi.

Ekspertlar fikricha, uning asosiy xatosi – siyosiy muvozanatni yo‘qotganidir. U “o‘ng”larga moslashish uchun migratsiya va harbiy yordam bo‘yicha qat’iy pozitsiya tanlay olmadi, shu bilan birga, “chap qanot” tarafdorlarini ham qoniqtira olmadi. Natijada, u har ikki tomondan ham qo‘llov yo‘qotdi.

The Conversation nashri Fridrix Merz haqida

The Conversation nashri 24-fevral kuni Germaniyada bo‘lib o‘tgan saylov natijalari haqida tahliliy maqola e’lon qildi. Unda Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) yetakchisi Fridrix Merz Germaniyaning yangi kansleri bo‘lishi ehtimoli yuqori ekani ta’kidlanadi. Fridrix Merz – Germaniya konservatorlarining yetakchisi, uzoq yillar siyosatda bo‘lgan tajribali arbob. U Angela Merkel davrida Bundestag fraksiyasiga rahbarlik qilgan, lekin 2009-yilda siyosatdan ketgan edi. 2021-yilda esa siyosiy maydonga qaytib, Merkelning merosini davom ettirishga emas, undan farqli ravishda Germaniya siyosatini keskin o‘zgartirishga harakat qilmoqda. Uning asosiy maqsadlari: iqtisodiy o‘sishni jonlantirish, migratsiya oqimini kamaytirish va Yevropaning AQShga qaramligini kamaytirishdir. Merz saylov kampaniyasi davomida Yevropaning mustaqilligini ta’kidladi va “Germaniya Amerika ta’siridan qutulib, o‘zining mustaqil yo‘lini tanlashi kerak”, degan tashabbusni ilgari surdi. Bu esa saylovchilar orasida ham qo‘llab-quvvatlov, ham bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Nashrning ta’kidlashicha, Merz Germaniyani Trampning Yevropaga nisbatan beparvoligidan kelib chiqadigan bo‘shliqni to‘ldirishga tayyor bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, uning konservativ yo‘nalishi Germaniyada va xalqaro maydonda ko‘plab bahslarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.

Saylovdan song

Kanslerlik sari yo‘l

Shu o‘rinda ta’kidlab otish kerak, Xristian-demokratik ittifoq/Xristian-sotsial ittifoqi partiyasining g‘alabasi Fridriz Merzga avtomatik ravishda kanslerlikni kafolatlamaydi. Endilikda Merz hukumat tuzish uchun “sherik” topishi kerak. Chunki ta’kidlaganimizdek, Germaniyada hech qachon bitta partiya parlamentda mutlaq ko‘pchilikni egallamagan, shuning uchun hukumatni tuzish uchun koalitsiya — hamkor topish muhim. Merzning asosiy variantlari quyidagicha:

Sotsial-demokratlar bilan ittifoq

Tarixda eng ko‘p qo‘llanilgan model. XDI/XSI va GSDP 2005-yildan buyon bir necha bor koalitsiya tuzgan. Biroq bu safar GSDP saylovlarda juda yomon natija qayd etdi va Olaf Shols yangi hukumat tarkibida bo‘lmoqchi emasligini aytdi. Shunday bo‘lsa-da, parlamentdagi o‘rinlar yetarli bo‘lgani sababli bu variant hali ham amalda qolmoqda.

“Yashillar” va Erkin demokratlar bilan ittifoq

Bu koalitsiya Merz uchun muhim bo‘lishi mumkin. “Yashillar” ekologiya va ijtimoiy masalalarga e’tibor beradigan partiya, Erkin demokratlar esa liberal iqtisodiyotni yoqlaydi. Lekin “Yashillar” Merzning konservativ pozitsiyalariga keskin qarshi, shuning uchun bu koalitsiya qiyin bo‘lishi mumkin.

AFD variant emas

20,8% ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallagan “Germaniya uchun muqobil” (AfD) partiyasi kuchayib borayotgan bo‘lsa-da, barcha yirik partiyalar u bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda. Bu partiya o‘zining migratsiyaga qarshi siyosati va Yevropa Ittifoqiga ishonchsizligi bilan mashhur. Sharqiy Germaniya hududlarida AfD 34% ovoz to‘pladi, lekin bu unga hukumatga kirish imkonini bermaydi.

Merz halicha rejalari bilan o‘rtoqlashmadi. U hukumatni Pasxagacha tuzishni rejalashtirmoqda. “Biz uzoq muzokaralarga vaqt yo‘qotishni istamaymiz, Germaniya tezda barqaror hukumatga muhtoj,” dedi u saylov natijalaridan so‘ng.

Yangi hukumat qanday bo‘ladi?

The Guardian va boshqa xalqaro nufuzli OAVlar ma’lum qilishicha, Merz kansler bo‘lishi deyarli aniq, lekin uning qanday hukumat tuzishi Germaniyaning kelgusi yo‘nalishini belgilab beradi. Agar u sotsial-demokratlar bilan koalitsiya tuzsa, siyosiy o‘zgarishlar nisbatan yumshoq kechadi. Agar u liberal partiyalar bilan ittifoq tuzsa, iqtisodiy islohotlar tezlashishi mumkin. Biroq saylov natijalari Germaniya jamiyatida bo‘linish kuchayayotganini ham ko‘rsatdi. AfDning yuqori natijasi va sotsial-demokratlarning mag‘lubiyati Germaniyaning siyosiy manzarasi keskin o‘zgarayotganidan dalolatdir. Kelgusi haftalarda koalitsiya muzokaralari qanday kechishini kuzatish muhim bo‘ladi.

Xo‘sh, Merz qanday siyosiy hamkorlar bilan mamlakatni boshqaradi? Va uning yetakchiligidagi Germaniya qaysi yo‘nalishda harakat qiladi? Yaqin haftalar ichida bular aniq bo‘ladi.

Berlinning yangi hukumati Yevropaga qanday ta’sir qiladi?

Germaniya nafaqat Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti, balki uning siyosiy ustuni ham hisoblanadi. Shuning uchun Fridrix Merz boshchiligidagi hukumatning qanday shakllanishi va uning siyosiy yo‘nalishi butun qit’a uchun muhim ahamiyatga ega. Yevropa yetakchilari – Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni Germaniyada konservatorlarning g‘alabasini muhim siyosiy burilish sifatida baholamoqda. Merkel davrida Germaniya Yevropa Ittifoqining lokomotivi sifatida tan olingan, integratsiyani chuqurlashtirish tarafdori bo‘lgan. Merz esa Merkelga qaraganda ancha millatchi siyosat olib borishi kutilmoqda. U Yevropa Ittifoqi ichida Germaniyaning iqtisodiy va siyosiy mustaqilligini kuchaytirishni istaydi.

Bundan tashqari, Merz va XDI/XSI migratsiya oqimini keskin cheklash tarafdori. U Merkelning 2015-yildagi ochiq eshik siyosatini tanqid qilib kelgan va Germaniyada muhojirlarni qabul qilish qoidalarini qat’iylashtirishni maqsad qilgan. Bu Yevropa Ittifoqining migratsiya siyosatiga bosim o‘tkazishi mumkin. Ayniqsa, Italiya, Gretsiya va Ispaniya singari muhojirlarni qabul qilishda muammoga duch kelayotgan davlatlar bilan keskin bahslarga sabab bo‘lishi ehtimol.

Теги :
Jamiyat