$
 12035.22
21.82
 13915.12
84.09
 167.95
4.08
weather
+26
Кечаси   +14°

Parol — o‘ron, markirovka — tamg‘alash, kovorking — ish markazi: Deputatlar qonunlardagi 7 ta so‘zni o‘zbekcha muqobillariga almashtirishni taklif etyapti

deputat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 9-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda normativ-huquqiy hujjatlardagi xorijiy tildan o‘zlashgan yettita atamani o‘zbekcha muqobillariga almashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Qaysi atamalar?

Tashabbuskorlar taklifiga ko‘ra, bular quyidagi atamalardir:

  • avans — bo‘nak;
  • markirovka — tamg‘alash;
  • marshrut — yo‘nalish;
  • svetofor — yo‘lchiroq;
  • kovorking — ish markazi;
  • parol — o‘ron (siyrak qo‘llanadigan so‘z);
  • progressiv — ilg‘or (o‘rnashgan so‘z).

Palata yig‘ilishida so‘zga chiqqan adliya vaziri o‘rinbosari Mahmud Istamov shunday dedi: “Hujjatning asosiy maqsadi qonunchilikda qo‘llanilayotgan atamalarni yagona shaklga keltirish va huquqiy atamalar bir xilligini ta’minlashdan iborat”.

Almashtirish tashabbusi bilan chiqqan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ma’lum qilishicha, gap bir xil atamalarni ifodalash uchun turli so‘zlardan foydalanilgan 13 ta normativ-huquqiy hujjatning o‘zbek tilidagi matnlari haqida ketmoqda.

Mahmud Istamov misol keltirdi: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning o‘zbekcha matnidagi “marshrut taksilari” so‘zlarini “yo‘nalish taksilari”ga, “markirovka” atamasini “tamg‘alash”ga, “Kooperatsiya to‘g‘risida”gi qonundagi “avans” so‘zini esa “bo‘nak” so‘ziga almashtirish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, “Turizm to‘g‘risida”gi qonunda “turistik marshrut” emas, “turistik yo‘nalish” atamasi, alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqalishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risidagi qonunda esa “raqamli markirovka” o‘rniga “raqamli tamg‘alash” atamasi qo‘llaniladi. Fuqarolik va Mehnat kodekslarida ham xuddi shunday: “avans” o‘rniga “bo‘nak” atamasi ishlatiladi.

Tashabbuskorlarga savollar

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov “svetofor” va “parol” kabi so‘zlarni almashtirish zarurati bilan qiziqdi.

“Yaqin tarixdan bilamiz, “aerodrom” so‘zining nomini o‘zgartirishgan (O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillarida “aeroport” o‘rniga “tayyoragoh” so‘zini qo‘llay boshlashgan, biroq u o‘rnashib ketmagan — tahr.), gazetalarni “ro‘znoma” deb atashgan (bu ham o‘rnashib ketmagan — tahr.). Bu qanchalik zarur? Bu so‘zlar ruscha ham emas-ku. O‘zlashma so‘zlarni boshqa so‘zlar bilan bir qatorda ishlatishga hech kim qarshi emas”, — dedi u.

Deputatda “svetofor” so‘zining “yo‘lchiroq”qa almashtirilishi savollar tug‘dirdi.

“XIX asrdayoq Saidkarimboy (Toshkentning yirik savdogarlaridan biri — tahr.) Toshkentda yo‘l chiroqlarini o‘rnatgan. Ularni olib kelib, lampalar o‘rnatishgan, har kech yoqib, ertalab o‘chirishgan. Bular — yo‘l chiroqlari. Svetoforni esa yo‘l chirog‘i deb bo‘lmaydi. Bunday o‘zgartirishlarning zarurati nimada?” — deb so‘radi Narimon Umarov.

Sabab nima?

Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov taklif etilayotgan o‘zgartirishlar til sofligini saqlash va uni milliy til me’yorlari asosida rivojlantirishga qaratilganini aytdi.

“Agar “yo‘lchiroq” so‘zi haqida gapiradigan bo‘lsak, u badiiy adabiyot va boshqa matnlarda u yoki bu shaklda uchraydi. Albatta, bugungi kunda “yo‘lchiroq” deganda hech kim ustunga osilgan chiroqni tushunmaydi. Barcha yo‘l harakatini tartibga soluvchi va qatnashchilarga ishora beruvchi qurilma haqida gap ketayotganini tushunadi. “Yo‘lchiroq” atamasining qo‘llanilishi o‘zbek tilining sofligi va o‘ziga xosligini saqlash yo‘lidagi qadamlardan biri sifatida qaralmoqda”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa atamalarga ham shu kabi yondashuv qo‘llanilmoqda.

“Masalan, “bo‘nak” so‘zi 1920−1930-yillardagi hayotni tasvirlovchi badiiy asarlarda ko‘p uchraydi. “Parol” so‘ziga muqobil sifatida taklif etilayotgan “o‘ron” so‘zi ham tarixiy asarlarda uchrab turadi”, — deya ta’kidladi Mahmudov.

Qonun loyihasi konseptual jihatdan ma’qullandi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun takomillashtiriladi.

Теги :
Jamiyat