$
 12102.39
-33.37
 13990.36
-77.41
 153.08
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyoning demografik manzarasi: Qaysi qit’a aholisi tez qarimoqda?

demografiya

Bugungi kunda dunyo aholisi soni oshib borayotgan bo‘lsa-da, barcha hududlarda ham vaziyat bir xil emas. Ba’zi mamlakatlarda aholi tez qarimoqda, boshqalarida esa aksincha yoshlar ko‘p. Bu holat iqtisodiyot, mehnat bozori va ijtimoiy tizimlarga ham katta ta’sir qiladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2026-yil uchun tuzgan yangi prognozlar esa dunyoning qaysi hududlarida aholi yoshroq, qaysilarida esa keksayib borayotganini aniq ko‘rsatib berdi.

Xo‘sh, dunyoning eng keksa odamlari qayerda yashaydi?

Yevropa — eng “yoshi katta” hudud

Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda dunyoning eng keksaygan hududi Yevropa bo‘ladi. Bu yerda aholining median yoshi 43,1 yil deb baholanmoqda. Median yosh degani bu aholining yarmi shu yoshdan katta, yarmi esa undan kichik bo‘ladi.

Bugungi kunda ko‘plab Yevropa davlatlarida ishlash yoshidagi odamlar soni kamayib bormoqda. Shu bilan birga pensiya tizimi va tibbiyot xizmatlariga tushayotgan yuk ortmoqda. Buning asosiy sababi tug‘ilish darajasining pastligi va odamlarning uzoq umr ko‘rishi bilan bog‘liq. Masalan, Italiya, Germaniya va Ispaniya dunyodagi eng keksaygan davlatlar qatoriga kiradi. Bu mamlakatlarda aholining o‘rtacha yoshi allaqachon qirq yoshdan oshib ketgan.

Shimoliy Amerika — nisbatan yoshroq

Shimoliy Amerikada median yosh 38,9 yil bo‘lishi kutilmoqda. Bu hudud ham nisbatan keksayib borayotgan mintaqalar qatoriga kiradi, ammo Yevropaga qaraganda baribir yoshroq hisoblanadi. Bunga immigratsiya va tug‘ilish darajasining biroz yuqoriroq bo‘lishi sabab bo‘lmoqda. Shu omillar aholi qarishini sekinlashtirib turibdi.

O‘rtacha yoshdagi hududlar

Okeaniya hududida, ya’ni Avstraliya, Yangi Zelandiya va Tinch okeani orollarida aholining median yoshi taxminan 33,6 yilni tashkil qiladi. Janubiy Amerikada ham vaziyat deyarli shunga yaqin bo‘lib, bu yerda median yosh 32,1 yil atrofida. Osiyoda esa bu ko‘rsatkich 32,8 yil deb baholanmoqda.

Biroq Osiyo ichida katta farqlar bor. Masalan, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda aholi tez qarib bormoqda. Aksincha, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda aholi hali ham ancha yosh hisoblanadi. Shu sabab bu hududlarda demografik vaziyat bir xil emas va mamlakatdan mamlakatga sezilarli farq qiladi.

Afrika — dunyodagi eng yosh aholi

Afrika esa boshqa barcha hududlardan keskin farq qiladi. Bu yerda median yosh atigi 19,5 yilni tashkil qiladi. Buning asosiy sababi ko‘plab Afrika davlatlarida tug‘ilish darajasining yuqoriligi va aholi sonining tez o‘sib borayotgani bilan bog‘liq.

Mutaxassislarning aytishicha, kelgusi o‘n yilliklarda Afrikada ishlash yoshidagi aholi soni sezilarli darajada oshadi. Agar bu demografik o‘sish ta’lim, infratuzilma va iqtisodiy imkoniyatlar bilan qo‘llab-quvvatlansa, u mintaqaning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishiga katta turtki berishi mumkin.

Теги :
Jamiyat