$
 11974.79
-54.41
 14008.11
-57.63
 159.64
-0.62
weather
+26
Кечаси   +14°

Eron delegatsiyasi Kanadaga kiritilmadi: Bunga nima sabab bo‘ldi?

eron

FIFA kongressida qatnashish uchun Kanadaga borgan Eron terma jamoasi delegatsiyasi mamlakatga kiritishmadi. Delegatsiya vakillari Toronto aeroportida immigratsiya xizmati xodimlarining “noprofessional harakatlari”ga duch kelganliklarini bildirishdi. Xo‘sh, aslida voqea qanday bo‘lgan?

Delegatsiya aeroportda to‘xtatildi

Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Taj va bosh kotib Hedayat Mombeyni FIFA hamda OFK kongresslarida ishtirok etish uchun Kanadaga yetib kelgan edi. Ammo ular Toronto aeroportida muammoga duch keldi. Delegatsiya vakillari immigratsiya xizmati xodimlarining harakatlarini “noprofessional” deb atadi. Natijada ularning kirish ruxsatnomasi bekor qilinib, Vankuverda o‘tadigan FIFA kongressida qatnasha olmadi.

Kanada nima uchun bunday qildi?

Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand ruxsatnoma bekor qilinganini tasdiqladi. Biroq u bu holat bo‘yicha aniq tafsilot bermadi. Uning aytishicha, bu atayin qabul qilingan qaror emas, ammo batafsil izohni boshqa vazirlik berishi kerak. Shu bilan birga, Kanada hukumati o‘z pozitsiyasini aniq bildirib o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi — IRGC bilan bog‘liq shaxslarning mamlakatga kirishi taqiqlangan. Hukumat bu orqali xavfsizlikni ta’minlash va immigratsiya tizimini himoya qilishini aytmoqda. Jamoat xavfsizligi vaziri Gari Anandasangari ham IRGC a’zolari Kanadada xush ko‘rilmasligini yana bir bor ta’kidladi.

Bu orada Raoul Vallenberg nomidagi inson huquqlari markazi Mehdi Tajga ilgari berilgan maxsus ruxsatnomani tanqid qilib, bu Kanada hukumatining IRGCga qarshi siyosatiga zid ekanini aytdi.

Oldinda Jahon chempionati

Bu voqea 2026-yilgi Jahon chempionati arafasida yuz berdi. Musobaqa 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Eron terma jamoasi guruh bosqichini 15-iyun kuni Los Anjelesda Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Shundan so‘ng ular 21-iyun kuni yana o‘sha shaharda Belgiya bilan o‘ynaydi, 26-iyun kuni esa Sietlda Misrga qarshi maydonga tushadi. Hozircha bu holat jamoaning musobaqadagi ishtirokiga qanday ta’sir qilishi noma’lum.

Теги :
Jamiyat