$
 12825.43
-12.9
 13493.63
-4.59
 120.98
1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

Dekabr quruq o‘tadimi yoki o‘zbekistonliklarni yog‘ingarchiliklar kutmoqdami?

Qish

Dekabr oyning birinchi o‘n kunligida O‘zbekiston hududi bo‘yicha harorat tartibi o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘ladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

50 yillikdagi eng sovuq dekabr

Dekabr, odatda, sovuq va qorli ob-havo bilan kuzatiladi. Biroq O‘zbekistonda bu oy har doim ham shunday bo‘lmaydi.

Sinoptiklarga ko‘ra, so‘nggi 50 yil ichida 1984-yil dekabr oyi eng sovuq bo‘lgan. Respublika hududining katta qismida sovuq havoning eng yuqori cho‘qqisida havo harorati −20…−25, ba’zi joylarda -27, eng chekka janubda −9…−14 darajagacha pasaydi. Oyning katta qismida sovuq havo hatto kunduz kunlari ham saqlanib turgan.

1984-yil dekabr oyida o‘rtacha oylik harorat me’yordan 7−12 darajaga past bo‘lgan. Bunday ahamiyatli harorat anomaliyasi juda kamdan kam hollarda uchraydi. Meteorologik kuzatuvlarning barcha qatori uchun shunga o‘xshash dekabr oylari 1877 va 1920-yillarda kuzatilgan.

Eng issiq dekabr

Oxirgi 50 yil ichida 2021-yil dekabr oyi eng iliq bo‘lgan (me’yordan 2−4 daraja baland). Eng iliq kunlarda havo harorati +20…+25 darajagacha, janubda +26…+28 darajagacha ko‘tarilgan.

Respublikaning ayrim hududlarida 2021-yil dekabr oyida maksimal havo harorati meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan.

O‘tgan 2023-yil dekabr oyi haroratning kuchli o‘zgarib turishi bilan ajralib turgan. O‘zbekistonda qish oylarida haroratning o‘zgarishi odatiy hodisa bo‘lsada, ular ayniqsa o‘tgan yilning dekabr oyida sezilarli bo‘lgan.

2021-yil aniq raqamlarda

Dekabr oyining boshida va uchinchi o‘n kunligida havo harorati +18…+23, janubda +24…+26 darajagacha ko‘tarilgan. Oyning o‘rtalarida esa Arktika hududidan kirib kelgan sovuq to‘lqinlar respublika hududining katta qismida haroratni pasaytirgan. Havo harorati kechalari −16…−21, shimolda ba’zi joylarda −22…−25 darajagacha pasaygan.

Respublika hududining katta qismida 2023-yil dekabr oyida kunduzgi eng yuqori va eng past harorat o‘rtasidagi farq +30…+35 darajani tashkil etadi. Shunday qilib, Toshkentda 4−6-dekabr va 23−25-dekabr kunlari kunduzgi havo harorati +19…+22 darajani tashkil etgan, 12−13-dekabrda esa −5…−8 daraja atrofida bo‘lgan.

Dekabr odatda qanday o‘tadi?

Dekabr oyida yog‘ingarchilik noyabr oyiga nisbatan odatda 1,5−3 marta, cho‘l zonasida va respublika janubida esa 4−6 marta ko‘p bo‘lishi kuzatiladi. Tekislik hududlarda yog‘ingarchilik ham yomg‘ir, ham qor shaklida yog‘adi, tog‘larda esa odatda qor qoplamining faol shakllanishi kuzatiladi.

Bu asrda 2002-yil dekabr oyida yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lgan edi. Hududning katta qismida o‘sha dekabr oyida me’yordan 1,5 dan 3 gacha bo‘ldi. Shunisi e’tiborga loyiqki, yog‘ingarchilik asosan qor shaklida kuzatilgan. Respublikaning markaziy hududlari bo‘yicha qor qoplami deyarli oy davomida qisqa tanaffuslar bilan yerni qopladi, qorning maksimal balandligi esa 20−30 santimetrga, tog‘larda 70−100 santimetrga yetgan.

Ko‘p yillik kuzatuv ma’lumotlarini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, qolgan oylarga qaraganda dekabr oyi, noyabr oyi kabi, global isishga kamroq moyil, deyiladi hisobotda.

Bu yil dekabrda qanday ob-havo kutmoqda?

Oyning birinchi o‘n kunligida havo harorati asosan kechalari −3…+2, kunduz kunlari +3…+8, ba’zi joylarda +10 darajagacha, shimolda kechalari −3…−8, kunduz kunlari +2…+7 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

1-dekabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, ayrim joylarda qorga aylanishi mumkin) bo‘ladi. 2-dekabrda ayrim tog‘li hududlarda biroz qor yog‘ishi kutilmoqda.

Keyinchalik deyarli birinchi o‘n kunlikning oxirigacha (3−8-dekabr) O‘zbekiston hududi bo‘yicha asosan quruq ob-havo kuzatiladi va faqat o‘n kunlik oxirida (9−10-dekabr) respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin.

-17’dan +15 darajagacha

Dekabr oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari 0…-5 darajadan +2…+7 darajagacha, kunduz kunlari +3…+8 darajadan +10…+15 darajagacha o‘zgarib turadi. Oy oxirida harorat kechalari −5…−10, kunduz kunlari 0…-5 darajagacha pasayadi.

Shimolda harorat kechalari −8…−13 darajadan, ba’zi joylarda −15…−17 darajadan −3…+2 darajagacha, kunduz kunlari −2…+3 darajadan +3…+8 darajagacha o‘zgarib turadi.

Теги :
Jamiyat