$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘lim jazosining aybsiz qurbonlari: ular ham yashashga haqli edi

q 7 13

     3 yoshli bolaning o‘ldirilishi ortidan jamoatchilik orasida o‘lim jazosini tiklash haqida bahs-munozaralar boshlanib ketti. Deputat Alisher Qodirov vahshiy jinoyatlar uchun o‘lim jazosini tiklash lozimligiga ishora qilgan bo‘lsa, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda ham vaxshiy qotillar yashashga haqli emas, degan fikrlar yangray boshladi.

Jamoatchilik faoli, bloger Shahnoza Soatova esa bu taklif ko‘plab mudhish va ortga qaytarib bo‘lmas oqibatlarni keltirib chiqarishidan tashqari, samarasiz ham ekanligini taʼkidlamoqda. Uning fikricha, ehtirosga berilib, bitta muammoni bartaraf etish uchun boshqa muammoni taklif qilmasdan, sabablarga qaragan ma’qul.

To‘g‘ri, yuqoridagi qotillikni oqlab bo‘lmaydi, biroq sanoqli vaxshiy qotillar, pedofillarga nisbatan tuyayotgan nafratimiz, ular o‘limga loyiq degan qarashimiz yuzlab odamlarning nohaq o‘ldirilishiga zamin yaratishi mumkin.

O‘limga mahkum qilingan aybsizlar

        Dunyoning qaysi davlatida bexato ishlaydigan adliya tizimi bor deb ayta olasiz? Bizningcha, hech qaysi. Biz eng demokratik, inson huquqlari himoyalangan deya biladigan Amerikada ham yetarlicha aybsiz odamlar o‘limga mahkum qilingan. Hozirgi vaqtda o‘lim jazosi AQSHning 38 ta shtatida qo‘llanib kelinmoqda. Biroq, shunga qaramasdan so‘nggi 30−40 yil ichida AQSHda jinoyatchilik 7−8 barobar o‘sgan. Qolaversa, AQSHda nohaq o‘lim jazosi tayinlash va ijro qilish hollari ham oz emas. Xususan, 1900−1985 yillarda o‘lim jazosi 350 nafar aybsiz shaxsga nisbatan oliy jazo ijro etilgani rasman tan olingan. Keyingi o‘ttiz yil mobaynida bu jazoga mahkum etilganlardan 121 nafarining aybsizligi aniqlanib, o‘lim kameralaridan ozod qilingan. 23 nafar shaxs o‘lim jazosi ijro etilishiga bir qancha daqiqa qolgandagina aybsizligi aniqlangan va ijro to‘xtatilgan.

O‘lim jazosi jinoyatchilikni kamaytirmaydi

        Qolaversa, o‘lim jazosi jinoyatchilikni kamaytirmasligi allaqachon isbotlangan. Chunki, “jinoyatchilikni oldini olishda jazoning shavqatsizligi emas, balki uning muqarrarligi ko‘proq ahamiyatga ega” (Chezare Bekkaria). Bu aksioma ayni haqiqatdir. “Buyuk kelajak” eksperti Baxshillo Xodjayev bu borada qator tahlillarni keltirib o‘tgan.

        Statistik ma’lumolarga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan 193 davlatdan 169 tasida o‘lim jazosi qo‘llanilmaydi. 24 ta davlatning qonunchiligida o‘lim jazosi formal mavjud bo‘lsa-da, lekin oxirgi 10 yil davomida uni qo‘llash amaliyoti to‘xtatib qo‘yilgan hisoblanadi. Bunday davlatlarning aksariyati o‘lim jazosini 2-jahon urushidan keyin qonunchiligiga kiritganligi aniqlangan.

        O‘lim jazosini bekor qilgan davlatlar ichidan atigi 4 davlat (Nepal, Filipin, Gambiya, Papua yangi Gvineya) o‘z qonunlarida o‘lim jazosini tiklagan. Biroq Nepal hozirgi kunda ushbu jazoni yana bekor qildi, Filippin esa jazoni ijro etishni to‘xtatib qo‘ydi, qolgan ikki davlat Gambiya va Gvineyada o‘lim jazosi qayd qilinmagan.

Xo‘sh, nega o‘lim jazosini tiklagan oz sonli davlatlar bunday jazoni qayta bekor qilmoqda?

        Bu borada birgina Filippinning tajribasini ko‘rib chiqish yetarli hisoblanadi. Filippinda o‘lim jazosi giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish maqsadida qayta tiklangan. Filippin hukumati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yil 1-iyulidan 2018-yil 30-noyabriga qadar giyohvand moddalar savdosiga qarshi o‘tkazilgan amaliyotlarda 5050 nafar inson qatl qilingan. Human Rights Watch tashkiloti bu raqam kamida 12000 ga teng ekanini ta’kidlaydi.

        Filippin huquqni muhofaza qiluvchi organlarining qayd etishicha, o‘n yildan beri narkotrafikka aloqador jinoyatlar uchun oliy jazo tayinlab kelinayotgan bo‘lsa ham, o‘lim jazosi giyohvand moddalar savdogarlarini mutlaqo qo‘rquvga solmayapti. Harm Reduction International tadqiqot guruhi tahlilchisi Jiada Jirellining ta’kidlashicha, “mazkur jinoyat uchun qatl etilganlarning aksariyati kurer, ya’ni tashuvchi hisoblanadi. Giyohvand moddalar savdosidagi kurerlarni osongina almashtirish mumkin. Ularni yo‘q qilish narkobiznes modeliga hech qanday jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi”. Ya’ni, Fillipinda o‘lim jazosining qayta tiklanishi giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni kamayishiga yordam bermadi, aksincha jinoyatchilik soni o‘sib, qatl etilgan insonlar soni ko‘paydi.

        Bunday holatni Malayziya, Vetnam va Eronda ham kuzatish mumkin. Bu davlatlarda har yili o‘nlab qatllarni amalga oshiradi, lekin giyohvand moddalarga berilib qolgan insonlar soni narkotrafik uchun o‘lim jazosini bekor qilgan davlatlardagidan ancha ko‘pdir. Shuning uchun ham BMTning narkotik va jinoyatchilikka qarshi boshqarmasi (UNODC) har qanday holatda ham oliy jazoga qarshi ekanini ma’lum qiladi.

Xitoydagi o‘lim jazosi ham samara bermayapti

        O‘lim jazosi belgilangan davlatlarda korrupsiya holati kamaymagan, aksincha, o‘lim jazosi qo‘llanilmagan davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishganligini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, korrupsiya uchun o‘lim jazosi belgilangan Xitoyda korrupsiya holatlari ko‘payib, Transparency International xalqaro indeksi bo‘yicha Xitoy 2018-yilda dunyoda 167 davlatdan 39-o‘rinni egallagan. Mazkur ko‘rsatkich korrupsiyaga qarshi kurashishda jazoning og‘irligi yordam berma olmasligini ifodalaydi. Aksincha, korrupsiyaga qarshi kurashishda dunyo reytingida yuqori o‘rinni egallagan Finlandiya va Daniya davlatlarida o‘lim jazosi mavjud bo‘lmasa-da, korrupsiya ko‘rsatkichlari juda past.

Bir qotil jinoyatini deb 9 odam nohaq o‘ldirilgan

        Ijtimoiy tarmoqlardagi ayni vaqtda o‘lim jazosini tiklashni taklif qilayotganlarning aksariyati hissiyotga berilgan, qasos olish hissi tufayli shu fikrda. Biroq insoniy, axloqiy jihatdan ham, tarixdagi begunoh qatl qilingan insonlar voqealaridan kelib chiqib ham, o‘lim jazosiga “ha” deb bo‘lmaydi.

        Bu jazoga qarshilar ham yo‘q emas, albatta. Ular  inson boshqa bir insonning hayotiga nuqta qo‘yishga haqqi yo‘q, aks holda bizning o‘sha qotillardan farqimiz qolmaydi, degan fikrni ilgari surishmoqda. Qolaversa, aybsiz odam xato hukm ortidan qatl qilib yuborilishi tufayli davlatning obro‘siga qattiq putur yetadi. Axir sud ularning jonini qaytarib bera oladimi? Birgina faktga e’tibor bering: 53 qotilligi isbotlangan va asosan bolalarning joniga qasd qilgan Andrey Chikatilo qo‘lga olingunga qadar to‘qqiz (!) nafar begunoh inson uning jinoyatlarida ayblanib, sud hukmi bilan otib tashlangan... Bu kabi taqdirlar esa tarixda yetarlicha topiladi.

14 yoshli aybsiz mahkum

        Qayg‘uli ro‘yxatda ikki qizni o‘ldirish aybi bilan nohaq o‘limga hukm qilingan amerikalik o‘smir Stinni Jorj alohida o‘rin egallaydi. U XX asrda qatl etilgan eng yosh mahkum bo‘ldi – hukm ijro etilgan paytda u 15 yoshga to‘lmagan edi. 1944-yiling 16-iyunida elektr stulga eng yosh mahkum o‘tqazildi. Jorj Stinni 11 va 8 yoshlardagi ikki oq tanli qizaloqlarni o‘ldirganlikda ayblangan.

        Janubiy Karolinadagi Jorj Stinni istiqomat qilgan kichik Alkolu shaharchasi temir yo‘l orqali “oq” va “qora” qismlarga bo‘lingan edi. Stinni Jorj qora tanlilar hududida yashagan. Qizaloqlar shaharning “qora” qismiga gul olishga o‘tganida g‘oyib bo‘lgan. Bir necha kundan so‘ng, ularning jasadlari zovurda boshlari yorilgan holatda topilgan.

        Tergov talqiniga ko‘ra, Stinni ular bilan gaplashgan eng so‘nggi inson edi. Surishtiruv 3 oy davom etadi. O‘smirning ota-onasi ommaviy o‘zboshimcha suddan qo‘rqib, shaharni tark etishga majbur bo‘ladi. Sud jarayoni ham tez o‘tgan – asosiy ko‘rsatmalar politsiya tomonidan beriladi, ular “ishda ishtirok etgan shaxs qotillikni tan oldi” qabilidagi ko‘rsatmani berishadi. Hakamlar hay’ati atigi 10 daqiqalik muhokamadan keyin Jorjni aybdor deb topadi. Ayblov, go‘yo uch nafar oq tanli politsiyachining Stinnidan olgan og‘zaki iqroriga asoslangan. Himoya tomondan guvohlari bo‘lmagan, o‘n yetti kilogrammlik temir bo‘lagi (lom) qotillik quroli sifatida xizmat qilgan. Na sudya, na hakamlar hay’ati 14 yoshli bolakay qanday qilib bunday og‘ir narsani ko‘taribgina qolmay, balki u bilan birdaniga ikkita odamni o‘ldirishi mumkinligi haqida zarracha o‘ylab ham ko‘rmadilar.

        Bu ish tafsilotlari faqat 2013-yilda oydinlashgan. Bir qancha dalil uning aybsiz ekanini ko‘rsatadi va qatl etilganidan 70 yil o‘tib, 2014-yilda takroriy sud jarayoni bo‘lib o‘tadi. Unda Stinni Jorj aybsiz deb topiladi va oqlanadi. Biroq endi kech edi…

Chikatiloning jinoyati “qurboni”

        Chikatilo degan familiyani eshitgan deyarli har bir kishi XX asrda butun dunyoni larzaga solgan dahshatli va shafqatsiz manyakning qilmishlarini eslaydi. 1992-yilgi sudda Chikatilo 56 ta qotillikda aybni tan oldi. Chikatiloning birinchi qurboni to‘qqiz yoshli Yelena Zakotnova edi. Aynan ushbu qotillik zo‘ravonni mamnun qiladigan narsani aniq ko‘rsatib bergan edi. Zakotnovaning o‘ldirilishida mutlaqo boshqa odam – Aleksandr Kravchenko ayblanib, otib o‘ldirilgan. Tergov davomida qiz birinchi qurbon bo‘lganini Chikatiloning o‘zi aytgan.

        Rostov viloyati, Shaxti shahrida istiqomat qiluvchi Aleksandr Kravchenko 1978-yil dekabr oyida 9 yoshli maktab o‘quvchisini zo‘rlash va shafqatsizlarcha o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan. Kravchenko oldin ham 10 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va qotillik uchun qamoq jazosini o‘tagan edi. Bu holat uning asosiy gumondor bo‘lishiga zamin yaratadi. Biroq bu safar Kravchenkoda alibi (ayblanayotgan shaxsning jinoyat sodir boʻlgan joyda boʻlmaganini va uning aybsizligini koʻrsatuvchi dalolat) bo‘lgan. Shuning uchun ham uni qo‘yib yuborishadi. Lekin bir necha oy o‘tgach, o‘g‘rilikda gumonlanib, yana qo‘lga olinadi. So‘roq paytida u shov-shuvli qotillikni ham bo‘yniga olgan. 1979-yil 16-avgustda Rostov viloyat sudi Kravchenkoni o‘limga hukm qiladi. Mahkum ariza bilan murojaat qilib, o‘ziga tuhmat qilinganini yozgan. Shundan so‘ng ish qayta ko‘rib chiqilib, jazo 15 yillik qamoqqa almashtiriladi. Ammo marhum qizning qarindoshlari hukmdan norozi bo‘lib, shikoyat yo‘llashadi. 1982-yil mart oyida ish uchinchi marta ko‘rib chiqiladi, Kravchenko yana o‘limga hukm qilinadi va keyingi yil otib tashlanadi. Biroq qotillikni rostovlik boshqa manyak – Andrey Chikatilo bo‘yniga oladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, inson hayotiga nuqta qo‘yish eng og‘ir jinoyat ekani rost. Ammo, jazolovchilar ham bir jonni olishi — jinoyatga qarshi jinoyat bo‘lib qolishi mumkin. Bunda adolatni esa inson o‘rnata olmasligiga esa, yuqorida talaygina misollar keltirdik. Yakuniy so‘z sizga.