$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Fotonning davlat ulushi ham xususiylashtirildi

davaktiv

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berishicha, Foton AJ ustav kapitalidagi 85,58 foiz davlat ulushi 151 mlrd. soʻmga sotildi

Foton AJning davlat ulushini sotib olgan "Havvo Group" MCHJ

Qayd etilishicha, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davaktiv agentligi Foton ustav kapitalidagi davlat ulushini professional konsultantni jalb etgan holda muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish yoʻli bilan tashkillashtirilgan xususiylashtirish natijalari boʻyicha 151 milliard soʻm sotib olish toʻlovi bilan "Havvo Group" MCHJ savdo gʻolibi deb topilgan.

Kelajakdagi rejalar

Gʻolib tomonidan kelajakda korxonaning ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, mahsulotlar turini va realizatsiyasi geografiyasini yanada kengaytirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, shuningdek, korxona faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va barqaror rivojlantirishni taʼminlash rejalashtirilgan.

Taʼkidlanishicha, xaridorning taklifi konsultant tomonidan hisoblangan korxonaning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda korxonaning baholangan qiymatidan yuqori.

Xususiylashtirish natijalari maʼqullangan

Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

"Havvo Group" xoldingi

Havvo Group 2019-yilda tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi xoldingi boʻlib, mavsumiy qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, quritilgan mevalar va yongʻoqlar eksporti va importi bilan shugʻullanadi. Xolding tarkibiga Havvo Group, Havvo Agro Food, Havvo Trust, Havvo Noble MDH kompaniyalar guruhi kiradi.

Kompaniya saytida qayd etilganidek, xoldingning yillik eksport aylanmasi qariyb 30 million dollarni, import aylanmasi esa 10 million dollarga yaqin. Korxona asoschisi va rahbari Ziyodulla Rahmat oʻgʻli Xolmirzaevdir.

Foton zavodi

2023-yilda Foton tomonidan 14,5 ming dona mahsulotlar ishlab chiqarilgan boʻlib, sof tushumi 36,4 milliard soʻmni, sof foydasi 1,4 milliard soʻmni, sof aktivlari 20,1 milliard soʻmni va majburiyatlari 1,8 milliard soʻmni tashkil qilgan.

Maʼlumot uchun, Foton zavodiga 1942-yilda asos solingan boʻlib, hozirda 68 ming metr kvadratga yaqin maydonda ikkita ishlab chiqarish binosiga ega.

2020-yilgi maʼlumotlarga koʻra, davlat 257 mutaxassis ishlaydigan korxonaning 83,15 foiz aksiyalariga egalik qilgan.