$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Endi mualliflik huquqini buzganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

copyright

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan 15-fevraldan boshlab intellektual mulk himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Intellektual mulk himoyasini kuchaytirish rejalashtirilmoqda

Qonun loyihasi doirasida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Fuqarolik kodeksiga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni, shuningdek sanoat mulki obyektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Xususan, intellektual mulk obyektlariga doir shaxsiy nomulkiy huquqlarni buzganlik uchun amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlik choralari yanada kuchaytirilib, bunday obyektlarga oid mulkiy huquqlarni buzgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda.

Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida muhokama qilinishi uchun tayyorlanmoqda.

Mualliflik huquqlari kimlarga tatbiq etiladi?

O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, mualliflik huquqi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan yoki mamlakat hududida doimiy yashovchi shaxslarga tegishli asarlarga, shuningdek O‘zbekistonda birinchi marta chop etilgan yoki qonuniy himoya ostiga olingan intellektual mulk obyektlariga tatbiq etiladi.

Amaldagi qonun

Hozirgi amaldagi qonunchilikka muvofiq, intellektual mulk obyektlariga doir shaxsiy nomulkiy huquqlarni buzgan shaxslarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan jazo choralari qo‘llanadi.

Mualliflik huquqini buzganlar qancha jarima to‘laydi?

Shuningdek, o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, geografik ko‘rsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirish darajasida o‘xshash bo‘lgan belgilardan noqonuniy foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan ruxsatsiz foydalanish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilish bilan birga, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan so‘ng bir yil ichida takror sodir etilsa, huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilish bilan birga, bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima belgilanishi mumkin.

Patent bilan himoyalangan mahsulot yoki texnologiyadan ruxsatsiz foydalanish, shu jumladan ixtiro, foydali model yoki sanoat namunasiga oid patentdan noqonuniy foydalanish holatlarida ham jarima choralari qo‘llaniladi. Fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima solish nazarda tutilmoqda.

Теги :
Jamiyat